Toshkent shahri Shayxontohur tumanida jamoat joyida yuzini tanib bo‘lmas darajada yopib yurgan yigit 15 sutkaga qamaldi. Bu haqda poytaxt sudlari matbuot xizmati “Gazeta.uz”ga ma’lum qildi.

20-iyun kuni jinoyat ishlari buyicha (JIB) Shayxontohur tumani sudida 22 yoshli yigitga yigitga oid ma’muriy ish ko‘rib chiqildi. Sud yigitga avvalroq qo‘yilgan ayblovlar — 195- (Ichki ishlar organlari xodimlarining o‘z xizmat burchlarini bajarishlariga qarshilik ko‘rsatish) hamda 184−4-moddalari (Jamoat joylarida shaxsini identifikatsiya qilish imkonini bermaydigan ko‘rinishda bo‘lish)ni asosli deb topdi.

194-modda 1-qismini (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) esa ortiqcha rasmiylashtirilgan deya hisobladi. Sababi bu moddada nazarda tutilgan huquqbuzarlikni yuqoridagi 195-modda o‘zida aks ettirgan.

Sud hukmi bilan yigitga nisbatan 15 sutka ma’muriy qamoq va BHMning 10 baravari (3,4 mln so‘m) miqdorida jarima belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, 19-iyun kuni yigit “Chorsu” bozori oldida qora ro‘mol kiyib, shaxsini identifikatsiya qilish imkonini bermaydigan darajada yuzini to‘sib yurgani uchun ushlangandi.

“U IIB xodimlari tomonidan to‘xtatilib tekshirilganda qonuniy talabga bo‘ysunmay, faol qarshilik ko‘rsatgan. Surishtiruv davomida fuqaro vaqti-vaqti bilan burqa-hijob o‘rab yurishi aniqlandi”, deyilgandi xabarda.