Jizzax viloyatida bolalarni oyoq kiyim bilan urgan tarbiyachi ishdan bo‘shatilgach, unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonovaning idorasi xabar bermoqda.

G‘allaorol tumanidagi 16-sonli maktabgacha ta’lim muassasasi tarbiyachisi K.M.ning bolalarga zo‘ravonlik harakatlari yuzasidan olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari yakunlangach, unga nisbatan 21-iyun kuni Jinoyat kodeksining 110-moddasi (Qiynash) 2-qismi a,v bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Ta’lim muassasalarida bolalarga nisbatan bunday nomaqbul munosabat va jismoniy jazo qo‘llash holatlari javobsiz qolishi mumkin emas. Bola davlat va qonun himoyasida, deyiladi xabarda.

Bunday jinoyatga qo‘l urish 360 soatdan 480 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Eslatib o‘tamiz, tarbiyachi oyoq kiyim bilan bolalarning qo‘liga, oyog‘iga va yuziga bir necha marta urgan, tarsaki tushirgan hamda qulog‘idan cho‘zgan. Bir necha kun oldin Viloyat Maktabgacha ta’lim boshqarmasi xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganini bildirgandi.