O‘zbekiston energiya sohasida emissiyalarni kamaytirish bo‘yicha hukumat siyosatini qo‘llab-quvvatlash dasturi doirasida Jahon bankidan to‘lov olgan dunyodagi birinchi davlat bo‘ldi, deya xabar bermoqda Jahon banki matbuot xizmati.

Bu Jahon bankining mamlakatga energiya samaradorligini oshirish, energiya subsidiyalarini qisqartirish va toza energiya manbalariga o‘tishga ko‘maklashuvchi “O‘zbekistonda energetika islohotlari uchun innovatsion uglerod resurslarini qo‘llash” (iCRAFT) loyihasi doirasida amalga oshirildi. “Gazeta.uz” avvalroq ushbu turdagi loyiha haqida batafsil yozgandi.

Xususan, iCRAFT loyihasi doirasida 500 ming tonnalik issiqona gazlari emissiyasi muvaffaqiyatli kamaytirilgani natijasida Jahon bankining Transformatsion uglerod aktivlari jamg‘armasi (TCAF) O‘zbekistonga 7,5 million dollar miqdorida grant ajratdi. Ushbu natijalarni uchinchi tomon mustaqil ravishda tasdiqladi, deyiladi xabarda.

Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli mamlakatni ushbu muhim yutuq bilan tabrikladi.

“Ushbu tashabbus hukumatlarning energetika sohasidagi islohotlarini qo‘llab-quvvatlash uchun iqlim moliyalashtiruvi doirasida foydalaniladigan dunyodagi birinchi loyiha. iCRAFT loyihasi O‘zbekistonga xalqaro uglerod bozorlarida issiqxona gazlari emissiyalari savdosi bo‘yicha individual operatsiyalardan ushbu sohada dasturiy (tizimli) yondashuvga o‘tishda yordam berishga qaratilgan. Umid qilamizki, ushbu pilot loyiha milliy iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida ham islohotlar o‘tkazish uchun namuna bo‘lishi, shuningdek, dunyoning boshqa mamlakatlarida ham ana shunday amaliyotni joriy etishda namuna bo‘lib xizmat qilishi kutilmoqda”, — dedi u.

O‘zbekiston hukumati iCRAFT loyihasi orqali qabul qilingan mablag‘larning bir qismini elektr va gaz tariflarlari oshishi sabab moliyaviy ahvoli og‘irlashgan oilalarga yordam ko‘rsatish uchun yo‘naltirish majburiyatini oldi. Bundan tashqari, loyiha mablag‘lari O‘zbekistonning “yashil” iqtisodiyotga o‘tish va energetika sohasini isloh qilish bo‘yicha davlat dasturini amalga oshirishga hissa qo‘shadi.

O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari, Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov iqlimni moliyalashtirish doirasidagi ushbu kelishuv ahamiyatini qayd etdi: “O‘zbekiston iCRAFT loyihasi doirasida olgan birinchi to‘lov mamlakatning energetika sohasiga ajratilgan subsidiyalarni kamaytirishga va soha tushumlari o‘z harajatlarini qoplashiga erishish maqsadi sari qo‘yilgan muhim qadamdir. Shuningdek, bu iqtisodiy o‘sishga va kambag‘allikni qisqartirishga yordam beruvchi „yashil“ iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha hukumatning kengroq sa’y-harakatlariga hissa qo‘shadi”.

“iCRAFT innovatsion loyihasi doirasida „uglerodli moliya“ (CO2-ekvivalentida o‘lchanadigan issiqxona gazlari emissiyasining kamaytirilishi) olish orqali O‘zbekiston iqtisodiyotning toza energiyaga o‘tishi jarayonini tezlashtiradi. Shuningdek, loyiha mamlakatning xalqaro uglerod bozorlaridagi tranzaksiyalarda faol ishtirok etuvchi mintaqaviy yetakchi sifatidagi rolini mustahkamlashga yordam beradi”, — dedi O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamaxmudov.

iCRAFT loyihasi O‘zbekiston hukumatiga tegishli infratuzilma, tizimlar, mexanizmlar va hujjatlarni ishlab chiqishda yordam beradi, bu esa mamlakatni kelajakda boshqa xalqaro hamkorlar va xususiy investorlar ko‘magida uglerod bozorida shunga o‘xshash xalqaro operatsiya tashabbuslarini amalga oshirishga tayyorlaydi.

Shuningdek, loyiha mamlakatning Parij kelishuvi 6-moddasi bo‘yicha olgan majburiyatlari bajarilishini monitoring qilish, hisobot berish va tekshirish mexanizmini ishlab chiqishga yordam beradi.

Loyihani amalga oshirishda Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Energetika vazirligidan tashqari O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Gidrometeorologiya xizmati agentligi (O‘zgidromet) ham ishtirok etmoqda.

Yuqorida keltirilgan to‘lov O‘zbekiston hukumati va Jahon banki o‘rtasida iCRAFT loyihasi doirasida tuzilgan qisqartirilgan emissiyalarni sotib olish shartnomasi bo‘yicha kutilayotgan bir nechta transhlarning birinchisidir. Bitimga ko‘ra, mamlakat energetika sektorini isloh qilish natijasida emissiyalarni, mustaqil ravishda tasdiqlangan holda, qisqartirganligi uchun 20 mln dollargacha grant mablag‘lari yoki “uglerod moliyalarini” olishi mumkin bo‘ladi.

iCRAFT loyihasini amalga oshirish davomida O‘zbekiston 60 mln tonna issiqxona gazlari emissiyalarini kamaytirishni rejalashtirmoqda. Shundan 2,5 mln tonnaga yaqin issiqxona gazlari loyiha doirasida mamlakatdan xarid qilinadi. O‘zbekiston qolgan uglerod birliklarini iCRAFT loyihasini amalga oshirish jarayonida yaratilgan va sinovdan o‘tkazilgan tizim va mexanizmlar yordamida xalqaro uglerod bozorlarida sotishi mumkin bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston 2018-yilda Iqlim bo‘yicha Parij kelishuvini ratifikatsiya qilib, 2030-yilgacha yalpi ichki mahsulot birligiga nisbatan issiqxona gazlari (karbonat angidrid, metan, azot oksidi) ajratilishi hajmini 2010-yildagi bazaviy darajadan 10 foizga kamaytirishga va’da bergandi. 2021-yilda O‘zbekiston ushbu shartnoma bo‘yicha majburiyatlarini oshirdi.

O‘zbekistonning yangi maqsadi 2030-yilga borib YAIM birligiga to‘g‘ri keladigan issiqxona gazlari ajratilishini 2030-yilgacha 2010-yil darajasidan 35 foizga (ilgari ko‘rsatilgan 10 foiz o‘rniga) kamaytirishdan iborat.