Farg‘ona viloyatida olib borilgan tezkor tadbirlar davomida jinoyat olami vakillari bilan yaqin aloqada bo‘lgan va bir qancha jinoyatlarni sodir etishda gumonlanayotgan shaxs qo‘lga olindi, deya xabar bermoqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi.

Ma’lum qilinishicha, Marg‘ilon shahri hududida “polojenets” ma’qomiga erishish uchun harakat qilayotgan shaxs to‘g‘risida ma’lumotlar olingan. Ushbu shaxs 1990-yilda tug‘ilgan, Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumani “Baland masjid” MFYda yashovchi, muqaddam Jinoyat kodeksining 166-moddasi (Talonchilik) 2-qismi bilan sudlangan Abdullo Egamberdiyev bo‘lgan.

U 2022−2023-yillarda “Baxti Tashkentskiy” — qonundagi o‘g‘ri maqomini olgan Baxtiyor Qudratilloyev hamda “Salimboyvachcha” — Salim Abduvaliyev bilan tanishib, yaqin aloqada bo‘lib, jinoyat olamida yetakchilikka intilib kelgan, deyiladi xabarda. Tezkor tadbirda Abdullo Egamberdiyev Farg‘ona shahrining Qirguli mavzesida qo‘lga olingan.

Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) 2-qismi “a”, “b” bandlari, 28-moddasi orqali 211-moddasi (Pora berish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ushbu shaxsdan jabr ko‘rgan fuqarolardan yaqin oradagi ichi ishlar organlariga yoki 102 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, xabar berishlari so‘raldi.