Kutilmagan natijalari bilan ko‘pchilikni hayron qoldirayotgan Yevro-2024 turnirining guruh bosqichida ikkita tur ortda qoldi. Vaziyat qanday? Bir qarashda, kutilganidek, favoritlar chindan ham o‘z ishini qilmoqda. Ammo ushbu turnirda ham kutilmagan natijalar, syurpriz bo‘layotgan terma jamoalar ko‘rinmoqda. Bugun tunda 3-turga start beriladi. E’tiboringizga esa o‘tgan ikki turning qisqacha tahlili hamda yakunlovchi tur oldidan guruhlardagi vaziyat xususida so‘z yuritamiz.
“A” guruhi
JCH-2018`dan buyon o‘ziga kelolmayotgan “nemis mashinasi” nihoyat o‘z uyidagi yirik turnirda barchani qo‘rqitmoqda. Dastlabki turda Shotlandiyani tor-mor etgan Germaniya ikkinchi turda Vengriyaga ham mezbon aslida kimligini ko‘rsatib qo‘ydi.
Shveysariya ham o‘z yo‘nalishida davom etmoqda. Pley-off masalasini hal qilib ulgurgan Murat Yakin shogirdlari 3-turni mezbon Germaniyaga qarshi o‘tkazadi.
Shotlandiya hamda Vengriyada ishlar yaxshi emas. Terma jamoalar so‘nggi turda o‘zaro bahs olib borib, jilla qursa, “eng yaxshi 3-o‘rin” bo‘lib chiqish imkoniyati uchun harakat qiladi.
“B” guruhi
Turnirdan avval “o‘lim guruhi” sifatida qaralgan joyda uchrashuvlar boshqalardan mutlaqo farq qilmoqda. Musobaqadan avval ekspertlar favoritlar safiga qo‘shishda ikkilangan Ispaniya terma jamoasi dastlab Xorvatiyani yirik hisobda (3:0) mag‘lub etgan bo‘lsa, 2-turda italyanlarni minimal hisobda (1:0) mag‘lub eta oldi.
Italiya esa autsayder sifatida ko‘rilayotgan Albaniyani oson yuta olmadi. Ta’kidlash lozim, Albaniya barcha uchun “syurpriz” bo‘lmoqda. 2-turda Xorvatiyaga qarshi ajoyib o‘yin ko‘rsatgan terma jamoa JCH-2022`dagi Marokashni eslatib yubormoqda.
So‘nggi yillardagi xalqaro turnirlarda barchaga birdek boshog‘riq bo‘layotgan Xorvatiyada esa muammolar bor. Dastlab yirik hisobdagi mag‘lubiyat, keyin yutib turgan joyida g‘alabani boy berish… Modrich yetakchiligidagi terma jamoa so‘nggi turni Italiyaga qarshi o‘tkazadi. Bizni ikki qiziqarli uchrashuv kutib turibdi.
Agarda… Albaniya Ispaniyani, Xorvatiya esa Italiyani mag‘lub etgudek bo‘lsa, Luchano Spaletti boshchiligidagi terma jamoa 4-o‘rinda qolib ketishi mumkin.
“C” guruhi
“Endi chempion bo‘lish vaqti keldi” deya bot-bot takrorlanayotgan jumlalarning barchasi Angliyaga qaratilgan. Jahon yulduzlaridan iborat jamoa muxlislariga o‘zlaridan kutilgan o‘yinlarni ko‘rsatmayapti. Serbiyani 1:0 hisobida mag‘lub etgan Sautgeyt shogirdlari ikkinchi o‘yinda Daniya bilan durang o‘ynadi.
Daniya va Sloveniyada esa ikkita turdan so‘ng ochkolar ikkitadan bo‘lib turibdi. Hatto hozircha so‘nggi pog‘onada turgan Serbiyada ham bir ochko mavjud va ular ham pley-off yo‘llanmasini qo‘lga kiritishi mumkin.
“D” guruhi
Niderlandiya hamda Fransiyada 4, Avstriyada esa 3 ochko mavjud. Bu guruh xususida bir narsani aytish kerak, Levandovskiy yetakchiligidagi Polshadan ko‘pchilik bunday natija kutmagandi. Ikki o‘yinda birorta ham ochko ola olmagan, dastlab hisobda oldinga chiqib, so‘ng o‘tkazib yuborishi oqibatida mag‘lubiyatga uchragan terma jamoa turnir bilan xayrlashishga ulgurdi.
So‘nggi turda esa terma jamoalar guruhda kim qaysi o‘rinni egallashi va pley-offda “qaysi yo‘l”ga tushishlarini aniqlab oladi.
“E” guruhi
Ta’kidlash lozimki, so‘nggi tur oldi eng zo‘r intriga ayni shu guruhda qoldi. Barcha terma jamoada imkoniyatlar teng, pley-off yo‘llanmasini qo‘lga kiritish o‘zlariga bog‘liq. Belgiyani hisobga olmaganda, qolgan uch terma jamoaning (Ruminiya, Slovakiya, Ukraina) imkoniyati deyarli bir xil. 26-iyun kuni soat 21:00 dan boshlab ikki ajoyib uchrashuvning guvohi bo‘lamiz.
“F” guruhi
Kutilganidek, Portugaliya pley-off yo‘llanmasini qo‘lga kiritib ulgurdi. Turkiya, Gruziya hamda Chexiyada imkoniyat hamon mavjud. Ha, Gruziya Ronaldu yetakchiligidagi terma jamoa bilan o‘ynashini inobatga olsa, ularga ancha qiyin bo‘ladi. Turkiya hamda Chexiya o‘rtasida o‘tadigan bahs esa 2- va 3-o‘rinni belgilab berishi mumkin. Kuzatamiz.
“Eng yaxshi 3-o‘rinlar” reytingi
Ayni holatda quyidagi terma jamoalar o‘z guruhlarida 3-o‘rinni egallab turibdi. Imkoniyatlar jihatdan Avstriya hamda Slovakiya pley-off yo‘llanmasini qo‘lga kiritishi kutilmoqda. Ammo to‘rt terma jamoa ham qarab turmasligi, o‘z imkoniyatlaridan maksimal tarzda foydalanishi aniq.
Xullas, bizni 3-turda intriga va gollarga boy uchrashuvlar kutib turibdi. Natijalar qanday bo‘lishini esa birgalikda ko‘ramiz!
Agar sizga guruh bosqichi natijalari bo‘yicha “Taktika” jamoasi va Opta taxminlari hamda o‘yinlar o‘tayotgan 10 ta stadion haqida ma’lumotlar qiziq bo‘lsa, quyidagi o‘xshash xabarlar bo‘limidan ularni topishingiz mumkin.