14-fevral kuni “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha apellyatsiya sudi tergovini nihoyalagan edi. 21-iyun kuni sud muzokarasi boshlandi. Sudlanuvchilar Amirxon Azimov, Nodirbek Musayev, Sherzod Abdug‘aniyev, Islombek Mirzayoqubovlarning advokatlari muzokara nutqini qilishdi.

Ish bo‘yicha 20 nafar jabrlanuvchining qonuniy vakillari so‘z olib, Sardor Kariyevning onasi Munira Kariyeva to‘lab bermoqchi bo‘lgan tovon puli bo‘yicha fikr bildirishdi. Farzandi doridan nogiron bo‘lib qolgan ota-onalar ularni davolatish uchun, doridan farzandi vafot etgan ota-onalar esa olgan qarzlarini to‘lashi uchun pul zarurligini aytib, birinchi instansiya sudi hukmi bo‘yicha ajratilgan tovon puli to‘lab beriladigan bo‘lsa, da’vosi yo‘qligini, Sardor Kariyev, qolaversa, boshqa sudlanuvchilar ham ozodlikka chiqsa, qarshi emasligini bildirdi.

Munira Kariyevaning qonuniy vakili Abror Nabiyev esa bir kun avval sud depoziti hisobiga 500 million so‘m o‘tkazilgani, bu davom etishi, summalar oshishi ham mumkinligini ma’lum qildi.

Sud so‘nggida Sudya Muzaffar Ahmedov advokat Nabiyevga apellyatsiya ishini ko‘p cho‘zolmasligi, shuncha jabrlanuvchi umid qilib kelgani, imkoni bo‘lsa, Munira Kariyevaga to‘lovlarni tezlashtirish masalasini ham yetkazishini bildirar ekan “Endi jabrlanuvchining da’vosi bo‘lmagani bu qonunchilik bo‘yicha ham yengillashtiruvchi holat, hammanglar bilasizlar”, — deb ta’kidlab o‘tdi.

“Gazeta.uz” odatga muvofiq sud majlisi stenogrammasini taqdim etadi.

Sudya Muzaffar Ahmedov: Sud majlisini davom ettiramiz. Demak, oldingi majlisda sud tergovini tamomlab, muzokarasiga o‘tgandik. Himoyachilar, kimdan boshlab turamiz? Alimqulov sizdan boshlaymizmi? Bugun juda ko‘p jabrlanuvchilar kelgan ekan-a? Ko‘pchilik sud zalining o‘ziga, video-konferens-aloqadan ham, jami 20 nafar jabrlanuvchilarning qonuniy vakillari ishtirok etishayotgan ekan. Hozir himoyachilarni eshitamiz, keyin jabrlanuvchilarni ham. Menimcha, bugun ulgurmasak kerak. Keyingi safar jabrlanuvchilarning ham fikrlarini eshitamiz.

Jabrlanuvchilardan birining onasi: Shu safar jabrlanuvchilarni eshitsak [bo‘ladimi?]. Chunki hamma uzoqdan keladi, keyingi safar kelolmasligi mumkin. Qoraqalpog‘istondan, u yoqdan, bu yoqdan.

Sudya: Bo‘ldi, hozir himoyachilarning bitta-ikkitasini eshitib olaylik. Chunki tartibi bo‘yicha kim shikoyat bergan bo‘lsa, o‘shalardan boshlanishi kerakda. Jinoyat-protsessual kodeksi bo‘yicha tartibi shunaqa-da.

Sudlanuvchi Nodirbek Musayevning advokati Alimqulovning muzokara nutqi

Advokat Alimqulov: Hurmatli sud hay’ati, men protsessda Musayevning huquqlarini himoya qildim. Sud tergovi jarayonida bir qator guvohlar qo‘shimcha ravishda so‘roq qilindi. O‘shalarning fikrini olgan holda yanayam himoya fikrim bo‘yicha Musayevning xatti-harakatida hech qanday jinoyat alomatlari mavjud emas deb hisoblayman. Chunki o‘sha payti, ekspertiza berayotgan payti, tavsiya berilganda, qabul qilinganda Musayev umuman ishda bo‘lmaganligi to‘liq tasdiqlandi.

Bundan tashqari, 186−3 moddasi bo‘yicha javobgarlikka tortish uchun qonun talabi bo‘yicha aslida o‘zi ishlab chiqaruvchi bo‘lishi ko‘rsatilgan. Lekin mazkur holatda “Dok-1 Maks” va boshqa dorilar Hindistonda ishlab chiqarilganligi to‘liq tasdiqlangan. Musayevning ishlab chiqarish jarayoniga hech qanday aloqasi yo‘q. Shu sababli uning xatti-harakatlarida 186−3 moddasi alomatlari mavjud emas deb hisoblayman.

Bundan tashqari, dorilarga qo‘shilgan qo‘shimchalarni ham tekshirish zaruriyati yo‘qligi ham to‘liq tasdiqlandi deb hisoblayman. Qolaversa, pora olish bo‘yicha ham ish bo‘yicha Shodmonov, Azimov, Musayevning ko‘rsatmalari bilan pora olganlik holati tasdiqlanmagan deb hisoblayman. Chunki 2014-yildagi qo‘shma ko‘rsatma talablariga binoan e’tibor qiladigan bo‘lsak, hozirgi kunda jinoyat ishida aynan Musayev pora olganligini tasdiqlaydigan aniq dalillar mavjud emas. Hech qanday audio yozuv, pora predmeti ham yo‘q. Faqatgina tergov jarayonida tazyiq yoki majburlov asosida berilgan ko‘rsatmalarga asosan ular 210 [-modda] bilan asossiz ravishda javobgarlikka tortilgan.

Shu sababli shikoyatda keltirilgan vajlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlayman. Musayevning harakatlarida hech qanday jinoyat alomatlari bo‘lmaganligi sababli unga nisbatan reabilitatsiya qilish haqida hukm chiqarishlaringizni, apellyatsiya shikoyatini to‘liq qo‘llab-quvvatlayman. Qanoatlantirib berishlaringizni so‘rayman.

Sudya: Rahmat. Jumaboyev, siz ko‘pincha viloyatlarda bo‘lasiz. Shuning uchun sizniki bilan tanishib olsaga?

Sudlanuvchi Sherzod Abdug‘aniyevning advokati Jumaboyevning muzokara nutqi

Advokat Jumaboyev: Assalomu alaykum, hurmatli protsess ishtirokchilari, hurmatli sudlov hay’ati. Mana bir oydan ortiq vaqt davomida himoyam ostidagi Abdug‘aniyev va boshqalarga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqdik. Qisqacha to‘xtaladigan bo‘lsam, Abdug‘aniyevga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqishda bizga ma’lum bo‘ldiki, ortib qolgan dori vositalarini muhokama qilish masalasida birorta holatda ortib qolgan, talon-taroj qilinganligi aytilgan dori vositalarining miqdori to‘g‘risidagi tushunchaning o‘ziga ega bo‘lmadik.

Na tergov organi buni taqdim qilgan, na birinchi instansiya sudida u holatga aniqlik kiritilgan. Tomonlardan birortasi, hattoki sudlanuvchilar ham uning aniq miqdori to‘g‘risida umuman tushunchaga ega bo‘lmadi. Qiymati to‘g‘risidagi tushunchalar umuman olinmagan. Qaysi firmalardan qaysi miqdordagi, qaysi turdagi dori vositalari tekshirilish uchun taqdim qilinganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar ham umuman jinoyat ishining o‘zida mavjud emas.

Faqat jinoyat ishidagi yagona obyektiv dalil — ularning chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lib dorilarni talon-taroj qilganligi to‘g‘risidagi hujjatlar. O‘zlari tomonidan, boshqalar tomonidan, dorixonalar tomonidan olib kelingan dorilarning, hatto jinoyat ishi doirasida qiymatini, qayerdan kelganligini aniqlashning imkoni bo‘lgan dorlarning ham miqdor va qiymatiga aniqlik kiritilmagan.

Shu holatda yana bir alohida narsani ta’kidlab o‘tardim. Mana bizning qo‘limizda jinoyat ishi bo‘yicha advokatlik so‘rovi natijasida Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazidan olingan javob bor. Jinoyat ishi yuzasidan Abdug‘aniyev va boshqalar tomonidan jamiyatga zarar yoki ziyon yetkazilmaganligi, tejab qolingan dori vositalari yoki tibbiy buyumlar hisobiga yuritilmaganligi, ularning qiymati aniqlanmaganligini, jamiyat mijozlari tomonidan laboratoriya tekshiruvlaridan o‘tkazish uchun taqdim qilingan namunalar yuzasidan jamiyatga tadbirkorlardan shikoyatlar kelib tushmaganligi ma’lum qilinmagan. Bu ma’lumotnoma 2024-yil 27-mart kuni olingan.

Bundan tashqari, sud tergovi davomida apellyatsiya bosqichida jamiyatning bosh hisobchisi Shukurova keldi. Shukurova ham jamiyatda inventar sifatida yoki boshqa bir ko‘rinishda ortib qolgan dori vositalarining qiymati, o‘lchami, miqdori ham bug‘galteriya hisobidan o‘tkazilmaganligini ko‘rsatdi. Ya’ni ularning qanchasi kelgan, qanchasi oshib qolgan, uning miqdori, qiymati qancha, u to‘g‘risida ma’lumotlar jamiyatda yo‘qligini aytdi.

Bundan tashqari, jamiyatga uning o‘zining ko‘rsatmasida ham birorta bir tadbirkor tomonidan ortib qolgan dori vositalarini talon-taroj qilinganligi to‘g‘risida ko‘proq olganligi belgilangan ma’lumotlarning o‘zi ham taqdim qilinmadi, jamiyatda unaqa ma’lumotlarning o‘zi ham yo‘q.

Hatto bosh hisobchining o‘zi ham jamiyatga buning natijasida na moddiy zarar, na jiddiy ziyon yetkazilmaganligini aytdi, hech qanaqa da’vosi yo‘qligini bildirdi. Ya’ni bu jamiyatning vakillari, mansabdor shaxslari yoki bug‘galteriya xodimlari, yuristlari sud tergovi davomida ham, dastlabki tergovda ham ulardan bu bo‘yicha umuman so‘ralmagan, jamiyatda ma’lumot qilinmagan.

Yana bir narsani alohida ta’kidlash joizki, bu yerda dori vositalari ma’lum bir qiymatga ega bo‘lgan moddiy qiymatliklar hisoblanadi. Jiddiy ziyon sifatida bularni baholashning o‘zi qonunan zid bo‘ladi. Lekin bu jiddiy ziyon yetkazilgan sifatida birinchi instansiya sudi hukmiga asos bo‘lgan.

Jiddiy ziyon moddiy qimmatlikka ega bo‘lgan narsalar tomonidan yetkazilishi umuman mumkin emas, chunki bu dori vositalarining realizatsiya qilinishi oqibatida biror bir shaxsning sog‘ligiga hech qanday ziyon yetkazilmagan. Ulardan zaharlanganlik holati umuman ma’lum emas.

Buni haligi ish bo‘yicha jabrlanuvchi deb topilgan yoki boshqa Ommaviy axborot vositalariga bir alohida ta’kidlab o‘tmoqchi edim. Himoyam ostidagi Abdug‘aniyevga nisbatan qism — bolalarning zaharlanishi bilan bog‘liq bo‘lmagan alohida holat, “Dok-1 Maks"ga ham, “Ambronol"ga ham aloqasi yo‘q.

Ya’ni mazkur jinoyat ishida hech qanaqa dalil bo‘lmasa ham himoyamiz ostidagi shaxs Jinoyat kodeksining 205-modda, 1-qismi bilan aybdor deb topilib, unga nisbatan jazo tayinlandi. Nafaqat jazo tayinlash, buning oqibatlarida unga qo‘llanilgan jazo uy qamog‘i bilan birgalikda u sohasida, davlat mansablarida ishlash huquqidan ham mahrum qilindi. Bu bilan u to‘rt nafar farzandini moddiy jihatdan ta’minlash, o‘zining mutaxassisligi bo‘yicha ishlash huquqidan ham bevosita mahrum qilindi.

Biz tomon Abdug‘aniyevning jinoyat sodir etganligi to‘g‘risida na dastlabki tergov davomida, na sud tergovi davomida birorta obyektiv dalil bo‘lmadi deb hisoblaymiz. Lekin shunga qaramasdan, farzandlari vafot etgan ota-onalarga chuqur ta’ziyamni bildirib, kasallariga shifo topishini so‘ragan holda, biz kelajakda shu holat bo‘yicha jinoyat ishining qayerda rezonans berganligi, jamiyatda shifokorlarga, farmatsevtika sohasi xodimlariga nisbatan qattiq e’tirozlar bo‘lganligini inobatga olib, bundan tashqari, himoyam ostdaigi Abdug‘aniyev birinchi marta jinoyat sodir qilganligi, doimiy ish joyiga ega ekanligi, o‘zining doimiy ravishda qandli diabet kasalligi bilan kasallanganligi, qaramog‘ida to‘rt nafar voyaga yetmagan farzandi borligini inobatga olib, jinoyat ishining unga nisbatan bo‘lgan qismini, Jinoyat -protsessual kodeksining 84-moddasi, beshinchi qismi, ikkinchi bandiga asosan tugatishingizni so‘rayman.

Sudya: Imomov tayyormisiz?

Sudlanuvchi Islombek Mirzayoqubovning advokati Imomov

Advokat Imomov: Assalomu alaykum, raislik qiluvchi, sud hay’ati, hurmatli protsess ishtirokchilari. Mirzayoqubovning advokati Imomov bo‘laman. Toshkent shahar sudining 2024-yil 26-fevral kungi hukmiga asosan mening himoyamda bo‘lgan Mirzayoqubov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 205-moddaning birinchi qismi bilan aybli deb topilib, shu moddaga asosan Jinoyat kodeksining 45-moddasini qo‘llab, ikki yil muddatga farmatsevtika sohasidagi davlat idoralarida ishlash huquqidan mahrum qilingan holda ikki yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

Hurmatli sud hay’ati, men hozir jinoyat ishi fabulasiga to‘xtalib o‘tirmayman. Chunki bir yil davomida hammaga yod bo‘lib ketdi. Bo‘lib o‘tgan sud tergovi davomida birinchi instansiya sudida unga e’lon qilingan ayblovlar o‘z tasdig‘ini topmagan, Mirzayoqubovning aybini oshkor qiladigan biror-bir dalil aniqlanmagan bo‘lsa-da, sud bu holatlarni inobatga olmasdan, unga e’lon qilingan moddani 209-moddani 2-qismi bo‘yicha aybsiz deb topib, oqlov bilan, 205[-moddaning] ikkisidan birga o‘tgan holda ikki yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlagan.

Bu hukm bilan kelishib bo‘lmaydi va oqlov hukmini chiqarishni so‘raymiz. Sud tergovi jarayonida Mirzayoqubovning qolgan protsess ishtirokchilari, qolgan sudlanuvchilar bilan til biriktirganligi yoki biror bir bayonnomalarni soxtalashtirilganligi holati bo‘yicha umuman ko‘rsatmalar ham bo‘lmadi. Ularning aybini oshkor qiladigan biror bir guvohlar, sudlanuvchilar tomonidan ko‘rsatmalar berilmadi.

Bundan tashqari, dastlabki tergov organi tomonidan Mirzayoqubovning harakatlari oqibatida davlat va jamoat manfaatlariga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazilganligi ko‘rsatilgan bo‘lsada, lekin davlat va jamoatga qanday zarar yetkazilganligi aniqlanmagan.

Shuningdek, respublikamizda xorijdan import qiluvchi hamda mahalliy ishlab chiqaruvchi subyektlar tomonidan Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markaziga laboratoriya tekshiruvlari o‘tkazish uchun taqdim etilgan dori vositalari va tibbiy buyumlarning tejab qolinganligi yoki lozim darajada tekshiruvdan o‘tkazilmaganligi yuzasidan biror bir shikoyat kelib tushmagan.

Sinov tekshiruvlari subyektlar tomonidan o‘tkazilgan pullar evaziga amalga oshirilgan.

Bundan kelib chiqadiki, davlat va jamoat manfaatlariga hech qanday zarar yetkazilmaganligi va laboratoriya tekshiruvlari to‘liq va lozim darajada o‘tkazilganligini ko‘rish mumkin.

Dastlabki tergovda va sud tergovi davrida Mirzayoqubov ko‘rsatmalaridan [kelib chiqib aytish mumkinki], ortib qolgan dori vositalari tejab qolinmagan, aksincha, tekshiruvdan ortib qolgan dori vositalari va tibbiy buyumlar lozim tekshiruvlardan o‘tganligi va inson hayoti va sog‘lig‘iga xavf bo‘lmaganligi sababli xonada bitta-ikkita qolib ketgan bo‘lishi ham mumkin. U narsa ataylab orttirib qolinmagan.

Endi misol uchun, o‘nta berilsa, 6−7 tasida kerakli natija olish mumkin. Undan keyin ishchi kuchini ham, yoki boshqa bir reagentlarni ishlatmaslik uchun olingan tekshiruv anaqasi bo‘lgandan keyin uni o‘tkazish lozim emas deb topilgan. Lekin bitta-ikkita ortib qolgan bo‘lishi mumkin.

Dastlabki tergov, sud tergovi jarayonida Mirzayoqubov bor haqiqatning hammasini yashirmasdan gapirib berdi. Vaholanki, terov organi tomonidan mazkur tekshiruvdan ortib qolgan dori vositalari va tibbiy buyumlar taqdim etuvchi tadbirkorlik subyekti tomonidan zarar ko‘rilganligi yoki davlat manfaatlariga ziyon yetkazilganlik holati aniqlanmagan.

Chunki tadbirkor tomonidan ularga tekshiruv natijalariga ko‘ra moddiy yoki boshqa zarar yetkazilganlik holati yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar yoki boshqa tegishli organlarga murojaat qilishmagan. Bundan kelib chiqadiki, Mirzayoqubov harakatlari oqibatida davlat va jamoat manfaatlariga umuman zarar yetkazilmaganligi yaqqol ko‘zga tashlanib turibdi.

Birinchi instansiya sudida ham bu narsa o‘z tasdig‘ini topdi, mana hozir ham apellyatsiya instansiyasida bu to‘g‘risida ko‘rsatuvlar berib o‘tildi. Undan tashqari, Mirzayoqubovning ayblov bo‘yicha “Dok-1 Maks” dorisiga umuman aloqasi yo‘qligi, jinoyat ishida bularniki qandoq paydo bo‘lib qolganligi haligacha sirligicha qolmoqda.

Yuqoridagilarni inobatga olib, hurmatli sud hay’ati, Mirzayoqubovning harakatlarida jinoyat tarkibi bo‘lmaganligi sababli, hurmatli sud hay’ati, jinoyat ishining qismini 82-moddaning ikkinchi bandiga asosan oqlov hukmi chiqarishingizni so‘raymiz. Rahmat.

Sudya: Rahmat. Marhamat, himoyachilardan kim? Latifov, Nabiyev, tayyormi?

Advokat Abror Nabiyev: Bizda himoya nutqi tayyor, lekin ishni o‘rgansak, Rahmatov bergan ekan-da. Sizga murojaat qilishim, biz cho‘zmoqchimasmiz ishning eng asosiy fikrni yetkazmoqchimiz. Rahmatov Toshkentda emasdilar, dushanba kuni kechqurun keladilar. Agar qolganlarniki tayyor bo‘lsa, uch kishining nomidan qilingan, muammo yo‘q.

Bundan tashqari, qo‘shimcha qilmoqchi edim, biz, ya’ni Kariyeva Munira taraflaridan sud depoziti hisobiga 500 million so‘m o‘tkazildi. Bu davom etadi. Summalar oshishi ham mumkin. Har hafta to‘lab turiladi.

Sudlanuvchi Amirxon Azimovning advokati Husanovning muzokara nutqi

Advokat Husanov: Azimov manfaatlaridan. Hamma vajlarimiz apellyatsiya shikoyatida keltirilgan. Shuning uchun hammasiga to‘xtalib o‘tirmayman. Faqat asosiy e’tibor qaratadigan joylariga sud e’tiborini qaratmoqchiman. Maslahatxonaga kirganinglarda advokatlar tomonidan keltirilgan hamma vajlarni o‘rganib, ko‘rib, har bitta vajga imkon boricha javob topib, shunga qarab ajrim qilishinglarni so‘rardim.

Birinchi e’tibor qilinadigan narsa, qonun talablari borda. Jinoyat-protessual kodeksida, Jinoyat kodeksida, hech qanaqa ayblov taxminga asoslanishi mumkinmas deb [ko‘rsatilgan]. Lekin bu hukm faqat taxminga asoslangan. Tergov organining ham xulosasi shunga asoslangan.

Ya’ni qaytarib o‘taman, Davlat markazi “Kuraraks” dorisini borib tekshirganda “Dok-1 Maks"dagi kamchiliklar aniqlanar edi degan [taxmin]. Ya’ni xayolan. Agar bo‘lganda, bunaqa narsa bo‘lardi.

Bu mumkin emas, hech qanaqa ayblov taxminga asoslanishi mumkin emas. Agar “Dok-1 Maks"dan o‘zining qabul qilishida, o‘zining jarayonida jinoyat alomatlari bo‘lgan bo‘lsa, o‘shani aniqlab berish kerak. “Ambronol” bo‘lganmi, “Ambronol"ning o‘zida. “Kurarks"mi “Kuraraks"ning o‘zi alohida ko‘rilishi kerak.

Bular mana sud majlisida ham ko‘rsatib berildi, apellyatsiyada ham ko‘rsatib berildi, har bir dori liniyasi “proizvaditeli” 30−40 tagacha liniya bo‘lishi mumkin. Tekshiruvga tushgan liniya faqat o‘sha joyni tekshiradi, boshqa joyni tekshirishi mumkin emas. “Kuraraks” bu — tabletka liniya, “Dok-1 Maks” bu — sirop liniya. Bu taxmin bo‘yicha.

Ikkinchi holati, “Kuraraks” dorisi bo‘yicha agar shu bilan bog‘lanadigan bo‘lsa, bunda Azimovning harakati nimadan iborat? Muhokamasida qatnashmagan, protokoliga imzo qo‘ymagan, qaroriga imzo qo‘ymagan, kotibga rahbarning topshirig‘ini yetkazganda kotib uning rad javobini bergan. Ya’ni oqibat bilan harakatning o‘rtasida sababiy bog‘lanish yo‘q.

Bu ham bu holatda Azimovda jinoyat alomati yo‘qligidan dalolat beradi. Va eng asosiysi, shu narsaga ham bir jinoyat ishini o‘rganganinglarda e’tibor qilinglar, o‘sha bayonnomani soxtalashtirgan Umid Temirov ochiqda yuribdi. Guvoh bo‘lib o‘tyapti. Lekin jinoyatni sodir qilgan bo‘lsa, o‘sha sodir qilgan.

Va bu “Kuraraks"ni inspeksiyadan yechish tashabbusi kimdan chiqqan? Ulug‘bek Egamov degan Farmagentlikning direktorining o‘rinbosaridan chiqqan. U ham qanaqadir sabablarga ko‘ra, guvoh bo‘lib o‘tgan, jinoyat ishiga jalb qilinmayapti. Uni bilmayman, qanaqa “zasluga"lari borki, bu qonunni chetlab o‘tyapti. Unga nisbatan qonun ishlamayapti.

Demak, ikkinchi holat bo‘yicha, “Vallas” korxonasining dori vositalari davlat ro‘yxatidan o‘tganligi uchun pora predmeti qo‘yilgan. Bir qancha vajlar keltirilgan, apellyatsiya shikoyatida keltirilgan, nutqimizda ham taqdim qilamiz. Mana […] Azimov 6 ming AQSh dollari olgan ekan. Bu summa qayerdan kelib chiqqan? Bu summa Azimovning xizmat safarida Amerikada bo‘lgan vaqtda uning o‘sha yerda ketkazgan xarajatlarining rasshifrovkasi olingan. 6 ming AQSh dollariga to‘g‘ri kelgan, pilus, minus, maydasi bilan.

Va shu narsa ushlab olingan, sen 6 ming AQSh dollari olgansan deb. Sudda biz ko‘rsatib berdik, pul qayerdan kelib chiqqanligi, qayerdan xarajat qilinganligi, qanaqa qilib to‘ldirilganligi, bu viza kartasidan to‘langanligi, viza kartasiga qayerdan pul tushganligi, hammasi ko‘rsatib berildi.

Va shu narsalarni ko‘rib turib ham prokuror o‘zining muzokarasida 210-moddadan voz kechdi. Ham Azimovdan, ham Musayevdan.

Bu yerda JPKning moddasi bor, 409-modda. “Sud muhokamasida prokuror davlat ayblovidan voz kechsa, bu sud tomonidan jinoyat ishini reabilitatsiya asosga ko‘ra tugatilishi ko‘ra asos bo‘ladi” deb qo‘yilgan. Lekin bu narsa bo‘lgani yo‘q. Ya’ni bu yerda ochiqdan-ochiqchasiga qonun ishlamayapti. Bu yangi qonun.

Bitta savol tug‘iladida qonunlar nima uchun qabul qilinadi? Real ishlashi uchunmi yoki shunchaki ko‘zboyamachilik uchunmi? Agar qonun ishlash uchun qabul qilinadigan bo‘lsa, buni ishlatish kerak. Kim ishlatadi buni? Faqat qo‘llay oladigan sud ishlatishi mumkin. Nima deydi, odam dodini qayoqqa aytishni ham bilmayapti-da. Har qanaqasiga hech kim eshitayotgani yo‘q, qonun borligiga hamma ko‘z yumyapti.

Yana bir qancha kichikroq epizodlar bor. U bo‘yicha hamma vajlar keltirilgan. Hammasi yana taxmin, kelajakda shu narsalar bo‘lardi degan taxminga asoslangan.

U bo‘yicha mana sanab o‘taman, 11 ta dori vositasini tan olish yo‘li bilan qabul qilish. Bu hech qanaqa kun tartibiga ham qo‘yilmagan, u bo‘yicha masalalar ham ko‘tarilmagan. Faqat ariza topshirish jarayonida bo‘lgan.

Endi mana yana qiziq holat, zarar masalasiga to‘xtalmoqchiman. Biz ham amaliyotchimiz. Agar qaysidir bir davlat tashkilotini yoki bir qanaqadir korxonani xodimlarimi jinoyat oqibatida zarar yetkazib qo‘ysa, zarar o‘sha korxonadan undiriladi. Va korxonaga sudlanuvchilardan (…) tartibda undirish ko‘rsatiladi.

Lekin mana og‘izni to‘ldirib, bir milliard so‘mdan jabrlanuvchilarga undirish ko‘rsatildi. Mening fikrimcha, bu jabrlanuvchilarni tinchlantirish uchun qilindi. Agar haqiqatdan Davlat markazining xodimlari shu yerda aybdor bo‘lsa, nimaga bu summa Davlat markazidan undirilmadi? Oson bo‘lardiyu, budjetdan undirilardi pul. Jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy zarar to‘lanardi.

Lekin ikkita holatda. Agar [tovon puli] Davlat markazidan undirilganda, budjetdan pul undirilganda bir milliarddan undirilgan bo‘larmidi degan savol bor. Mana, biz o‘rgandik, kompaniyalardan bola o‘lgani uchun qanchadan undiriladi? 50 million, 100 million, eng ko‘pi yuz million[so‘m]gacha undiriladi.

Lekin bu yerda og‘izni to‘ldirib, bir milliarddan undirish ko‘rsatildi. Chunki jismoniy shaxsdan undirilyapti. Buni 1 trillion ham ko‘rsatsa bo‘lardi. Lekin realda u pulni qanaqa qilib undirardi? Shu sababli maslahatxonada zarar summasini ham o‘ylab ko‘rishni so‘rardim.

Va zararni undirish masalasi agar sudlanuvchilar aybdorligida qoladigan bo‘lsa, Davlat markazidan undirishni so‘rardim. Va Davlat markaziga sudlanuvchilardan keyin undirish masalasini ko‘rib chiqishingizni so‘rardim.

Endi Azimovning shaxsiga oid holatlarning hammasi taqdim qilingan. Yana qo‘shimcha ravishda unga tavsifnomani taqdim qilamiz. Hozirgi kunda mana shu jinoyat ishi oqibatida sog‘lig‘iga juda katta putur yetkazilgan (Apellyatsiya sudi ko‘rilayotganda sudlanuvchi Amirxon Azimovda saraton kasalligi aniqlangan — tahr.). Bu bo‘yicha tashxislari ham bor. Bu aniqlangan fakt. Qolaversa, u yaqinda farzandli ham bo‘ldi. Shularning hammasini inobatga olib, imkon qadar Azimovga yengillik berishinglarni so‘rardim. E’tiboringlar uchun rahmat.

Jabrlanuvchilar

Jabrlanuvchi Nodirbek Alijonovning otasi Anvar Abdullayev

Jabrlanuvchining otasi: Har doim mana shu sudga kelmayman, deyman, gapning ochig‘i. Har doim ko‘rib, jazavaga tushamiz bu sud jarayonini. Bir yarim yildan beri mana shu sudga qatnashib kelyapmiz. Kimdan nima qilishni ham, kimga ishonishni ham [bilmaymiz]. Gapning ochig‘i, hammamiz charchadik. Mana shu yerda nechta ota-ona bo‘lsa, hamma charchadi. Kelmasdi ham mana shu ota-onalar. [Lekin] bugun bitta maqsadda chiqdi.

To‘g‘ri aytyapti mana bu advokatimiz, qonun nima uchun deyapti-ku. Keyin pullarini o‘ylab ko‘rish kerak, boshqa deydi. Ayting, mana reabilitatsiyaga 10 kunga olib borib keldik-da Yevropaga. 10 kun oddiy massajning o‘ziga 14 ming-15 ming yevro ketdi. Biz ham jismoniy shaxsmiz, oylikka qaraganmiz, misol uchun. Endi bu [kompensatsiya]ni ko‘rib chiqish degani bizga haqoratmi, yoki bu yerda birorta ota-ona o‘zining manfaatini ko‘zlab, magazin olib, bolamning nimasiga boyib ketyapman deb kelyaptimi?

Bizga yomon ta’sir qilyapti-da. Mana bu yerda shunday jazavaga tushamiz, hurmatli sudya. Balki ular to‘g‘ri gapirayotgandir, balki noto‘g‘ri gapirar, hukmni baribir siz qilasiz. Nima, oldingi sud nohaqlik bilan [hukm chiqarganmi?].

Misol uchun, sherigim oldingi sudda jazavaga tushib, 3 milliard so‘rasa, bittasi mana bu yerda bolasi uchun unaqa qilyapti, bunaqa qilyapti, shaxsiy manfaat dedi. Keyingi safar bolaning rasmini, videosini olib kelsak, qarab ham qo‘ymadi-da. O‘zi advokatlar bitta sudlanuvchini himoya qilgani uchun qancha olyapti, misol uchun-da. Bitta ayblanuvchilardan o‘zining foydasi qancha? Bizning bolamizga [beriladigan] arzimas pullarni muhokama qilishdan boshqa ishlari yo‘qmi, misol uchun?

Mayli, biz [kim aybdor, aybsiz ekanligini] aniq bilmaymiz, oldin ham aytganman, hozir ham aytganman. [Lekin] bularni o‘sha davlat idoralari tergov jarayonida ushlab olib kelgan. Misol, biz bularni bo‘ynidan sudrab, mana buni tiqinglar deb, o‘zimiz olib kelib qo‘ymaganmizda qo‘pol bo‘lsa ham. Biz o‘sha yerda o‘tiribmiz. Biz ham davlatning xodimimiz. Yurak parcha [bo‘ladi].

Nechtasining ota-onasi o‘tib ketyapti. Nima kutilyapti bir yarim yildan beri? Hozir ota-onalarning bu yoqqa ham kelganidan maqsad — shu sudlanuchi kim Kariyevmi? Akaning onasimi to‘lab beraman degani uchun qo‘l siltagani keldik-da. Mayli, to‘lasin. Mening bolam ertalab ham “sudoroga” berib qoldi-da.

Do‘xtirlarga olib borsam, pulsiz ish bitmaydi, reanimatsionniyga yotqizib davolayman deyapti. Oylik kutib o‘tiribman men bolamni [kuttirib]. Buni qachon inobatga olamiz, qachon qonun kuchga kiradi, muhtaram sudya? Gapning ochig‘i, charchadi bu yerdagilar, juda charchadi.

Hamma ota-onaning ichidan 200 barobar nafrati, qarg‘ishi bor. Yuqadi. Nohaqlikka yuqadi, haqlikka emas. Mana bu, mana bu demayman, nohaq odamga yuqsin, ilohim deyman-da. Xudo bor. Biz qo‘l ham siltab ketamiz, Xudodan hamma narsa. Ko‘zimizning oldida bolalarimiz qanday televizorlarga, ommaga chiqqan bo‘lsak, o‘sha odamlar mana shunaqa bo‘lib chiqadi. Nohaq ish qilganlar, nohaq pora olganlar kechirim so‘rab chiqadi. Mana bu yerda uch-to‘rt so‘m berib chiqib ketdim deyishi mumkin. O‘shalarni hali biz niyat qilib kutib o‘tiramiz. Mayli, Xudoga solib qo‘yganmiz-da.

Bizning maqsadimiz — shuncha odam, mana Qoraqalpog‘istondan kelyapti. Hurmatli sudya, hozir bugun eshitmaymiz deyapsiz-da. Bular qayerlardan kelyapti, [yo‘lkirasi uchun] qarz olib kelyapti-da. Men-ku ishimni ko‘chirib olganman. Mana shu yerga men ham smenam to‘g‘ri kelsa, kelyapman-da. Bitta maqsad, tezroq hal qilib beringlar bizga, charchab ketdik gapning ochig‘i.

Sudya: Nimani hal qilib beraylik sizga? Boyatdan beri hal qilib beringlar deyapsiz.

Jabrlanuvchi: Nimani bo‘lardi? Bilib turibsiz-ku, misol. Undirib beraman deyapti, moddiy zarar undirib beringlar. Bizga boshqa hech narsa kerak emas, bu sudning [o‘ziga] havola. Men hozir o‘zimdan o‘tganlarini eshitasiz deb siz uchun aytyapman. Biz shunchaki pul bering deb kassada turgan joyimiz yo‘q. Holatimizni tushunib yetinglar, hamma eshitsin, deb aytyapman. Shunchaki og‘izga urib, bo‘ldi, bo‘ldi, gapirdingmi, o‘tir, [bo‘lmaydi-ku].

Biz kutaverib, bir yarim yildan beri charchab ketdik-ku. Bo‘lmasa, yuringlar, komissiya tuzib bolamning ahvolini ko‘ringlar. Zondda yotibdi, ertalab “sudoroga” berib qoldi. Xotinim uxlamay miyasi charchab yotibdi. Ertaga bir narsa bo‘lib qolsa, kim nima qiladi? Bir yo‘la bitta oila parokanda bo‘ladi, keyin mening ota-onam parokanda bo‘ladi, yuragi ushlab qoladi. Ketdi mana shunaqa zanjir bo‘lib.

Mana bu yerda arzimas (gapini tugatmaydi — tahr.). Aytyapman-ku, oldin ham aytganman, mening o‘zimga harom u pul. Men o‘zim uchun yoki qornim uchun ishlatmayman u narsani. Bolam majburlikdan kelib, shu sababini qilib, kelyapman. U rizqni Xudo beradi baribir. Shuncha odam kelyapti, rizqini so‘rab kelyapman. Bolamning bir kunlik, bir oylik xarajatini o‘zim bilyapman qancha bo‘lyapti. Shuni to‘g‘ri tushunib, tezroq hal qilib bersalaringiz.

Sudya: Hozir nimani so‘raysiz suddan?

Jabrlanuvchining otasi: Nimani so‘rayman? (Sardor Kariyevga o‘girilib — tahr.). Aka, uzr, sizning onangiz aytdimi to‘lab beraman deb? Bersin, tars-tars bersin. Qolgani bilan ishimiz yo‘q. Biz Xudoga solganmiz. Chiqarsangiz, chiqarib yuboring, rozimiz. Hozir chiqarib yuboring bizga desa.

Sudya: Zarar qoplansa, da’voyimiz yo‘q demoqchisiz-a?

Jabrlanuvchining otasi: Da’voyimiz yo‘q. Shu darajaga yetib keldik. Biz bu yerda bular bilan urushib charchadik. Hammaning miyasi tinchib bo‘ldi-da. Dangal gap shu.

Sudya: Tushunarli, rahmat. Marhamat, [keyingi jabrlanuvchining qonuniy vakili], keling.

Jabrlanuvchi Aydana Jasliqovaning onasi Turdigul Nig‘matullayeva

Jabrlanuvchining onasi: Hozir hayajondaman-da, to‘g‘risi. (U yig‘lashni boshlaydi va nutqining oxirigacha yig‘lab gapiradi — tahr.). Mana sudlanuvchilar hozir kirib kelyapti-ku. Kechirasizlar, men onalarni ko‘rib, farzand… bularga ham to‘g‘risi, onalik [hissim] uyg‘ondi-da. Kechirasizlar, endi [kimdir sudlanuvchilarning tarafini olibdi] der, lekin bularning onalariga ham osonmasligini tushundim, to‘g‘risi.

Hozir mana shu yerga kirib kelyapsizlar. Xudo ko‘rsatmasin, hech kimning boshiga solmasin ekan. Mayli, qilgan ayblari, endi uni vaqt ko‘rsatadi. Oldingi sudda ham aytib o‘tganman. Men sudga havola qilganman. Falon yil, piston yil deb so‘ramaganman sudlanuvchilarga. Oldin ham aytganman, sudga havola qilaman, sud o‘zining [qonunidan] kelib chiqib yil beradimi, boshqa qiladimi, jazoni o‘zi beradi.

Lekin yana bir bor aytaman, bolalarning kasalligidan foydalanib, pul undiryapti degan gapni qisqartiringlar, iltimos. Har bitta kun, kun demayman, soat, soniyani reanimatsiyaning oldida o‘tkazgan (qattiqroq yig‘laydi — tahr.), kunimni farzandimni ko‘rishga muhtoj bo‘lib, o‘tib qolmasmikan degan har bitta soat, soniyalarimni endi o‘zim tushunaman ona sifatida. Va hozir menga eng asosiysi, Allohga shukur, farzandim omon qoldi. Lekin davolatishim kerak, to‘g‘risi, davoga muhtoj.

Va shu kasal bo‘lgan paytda qulog‘imgacha qarzga botganman, yashirmayman. Bir tomondan farzandimning sog‘lig‘ini tiklashni o‘ylasam, ikkinchi tomondan qarzlarimni to‘lashni [o‘ylashim kerak]. Ikkilamchi ma’naviy zararga uchrayapman-da.

Xo‘jayinim chet ellarga chiqib ketdilar ishlagani. Chunki qarzlarni o‘zimizning O‘zbekistonda to‘lashning imkoni bo‘lmayapti. O‘sha gap, oldin ham aytganman, qarzimni to‘lay desam, farzandim qolib ketyapti, farzandimga e’tibor qilsam, qarzlarim qolib ketyapti. Ikki o‘rtada qolganman.

Shuning uchun men so‘rardim, mana Kariyevning onasi so‘rayapti-ku, mayli, men da’voyimdan voz kecharman, oqlab, uy qamog‘iga olishlariga qarshiligim yo‘q. O‘sha moddiy zararni undirib bersa, men roziman, demoqchiman.

Va iltimos, advokatlar, o‘zi shundog‘am ezilib tamom bo‘lgan yuraklarimizni jabrlanuvchilar, jabrlanuvchilar, deb battar ezmanglar. Agar farzandimiz sog‘-salomat o‘tirganida bizlarga sizlarning bir tiyin pullaringiz kerak emas edi. O‘ynab, chopqillab yurgani, mana shu kasallikni boshidan kechirmaganida, mening umuman ishim bo‘lmasdi. Farzandim sog‘-salomat yurganida bir tiyin pullari kerak emas edi. Bu yerlarda yurish, boshqa.

Hozir men sud jarayoniga kelib, to‘g‘risi o‘zimni ushlab turolmayapman, oyoq-qo‘llarim titrayapti-da. Bularga ham oson emas, bizlarga ham oson emas. Shuning uchun aytmoqchimanki, allaqachon charchadik. Boya Anvarjon aytganidek, biz sudma-sud yurib charchadik.

O‘sha oxirgi gapim, Kariyevning onasi to‘lab bersalar, men Kariyevning jazosi olib tashlanishiga qarshiligim yo‘q. Lekin to‘g‘ri tushunishinglarni so‘rayman, orqamdan unaqa-bunaqa gaplar kerak emas-da. Tushunish kerak odamni ona sifatida. Hozir ona sifatida men bularning onalarini ham to‘g‘ri tushundim.

Mana bu xola hozir bolangizning oldiga bordingiz-ku (sud majlisi boshlanishidan avval sudlanuvchilar zalga kiritilganda Amirxon Azimovning onasi o‘g‘lining yoniga borib hol-ahvol so‘rab kelgandi — tahr.) yig‘lagim keldi bor-ku, tepamda Xudo bor. Men kimgadir o‘zimni anaqa ko‘rsatib, boshqa qilish maqsadida emas, bularga ham oson emas, bularning onalariga ham oson emas. Hammasini tushunib, anaqa qilaman.

Oxirgi gapim o‘sha, Kariyevning nimasini qabul qilaman, ozodlikka chiqishiga qarshiligim yo‘q, uy qamog‘igami, boshqami. Suddan, sizdan shuni iltimos qilaman, jabrlanuvchilarga shu tomonlama yordam qilishinglarni iltimos qilardim xolos. Bo‘ldi, boshqa gapim yo‘q meni. (Jabrlanuvchining onasi sud zalidan yig‘lab chiqib ketadi — tahr.).

Nazlixon Maxambetova (sud jarayonida u qaysi jabrlanuvchining vakili ekaniga aniqlik kiritilmadi)

Jabrlanuvchining onasi: Men ham shu Qoraqalpog‘istondan 14 soatlik yo‘l bosib kelyapman. [Sud zaliga kelib] birinchi marta qatnashishim, lekin onlayn qatnashib kelganman. Shu sudga o‘zimning gaplarimni aytay deb kelganman-da. Men ham shu yonimdagi jabrlanuvchilarning hammasining gapiga qo‘shilaman.

Kariyevning onasini o‘tgan safar bizlar taraf eshitmay qoldik. Keyin Telegram kanallaridan [bilib oldik]. Shu, bizlar ham shu, hozir faqat birinchi o‘rinda qizimning muolajasini qo‘yyapman. Ko‘p vaqt bo‘ldi. O‘zim oddiy o‘qituvchiman. Bilasiz, oddiy o‘qituvchining maoshini, faqat oylikka qaraymiz.

O‘zimning uchta farzandim bor. Endi hozir o‘zimning mablag‘im yo‘q-da, qizimni qayta-qayta Toshkentga olib kelishga. Xo‘jayinim ham qancha qarzga botib qolganmiz. Shu hammamizning ahvolimiz birday.

Kariyevning onasining [gapiga], u ham ona, bolam deb yuguryapti. Bizlar ham shunaqa-da. Faqat bolamizni o‘ylayapmiz. Faqat bolamiz oyoqqa turib, yugurib yurishini, hech qachon, og‘rimasligini xohlaymiz. Hech kimni farzandidan ayrimasin-da. Hamma farzandim deb yuradi.

Onasi Kariyevga uy qamog‘i deyapti hozir, mablag‘ni bizga to‘lab berishga rozi bo‘lyapti, shunga men ham roziman. Hech qanaqa [da'vom] yo‘q. O‘zingizga havola qilaman. Xo‘jayinim bilan keshbek orqali bolam bolnitsada paytida yig‘ib qo‘ygan cheklarimiz bor edi, shuni topshirsam degandim.

Sudya: Xo‘p, ko‘rib chiqamiz. Buni birinchi instansiya sudiga bermagansiza?

Jabrlanuvchi: Yo‘q, bermaganmiz.

Jabrlanuvchi Muslima Davronbekovaning buvisi Izzatoy Abdullayeva

Jabrlanuvchining buvisi: Assalomu alaykum, hurmatli sudya. Xorazm viloyati Xiva tumanidan Muslima Davronbekovaning buvisiman. O‘zingiz bilasiz, Xorazmdan kelib ketishning o‘zi bo‘lmaydi. Birinchidan, nevaram o‘sha [dorini] ichib, xastalanib qolib, 60 kun davolatdik. Bo‘lmadi, o‘tib qoldi (yig‘lashni boshlaydi — tahr.). Men ham onaman, buvaman. Yoshim 60 da. Pedagokman.

Kariyevning onasiga rahmat. Mard bo‘lib chiqib maydonga men shuni jabrlanuvchilarga to‘lab beraman deb turibdi. Kariyevning bolalari ham bordir, onasining ham yoshi katta ekan. Men shunga roziman.

Hozir 500 million [so‘m] ajratildi deyishdi [advokatlar]. U qayerga, kimlarga beriladi? Mayli, hozir kelganlarga bo‘lib berasizmi, yo uni o‘zlaringiz bilasizlar, lekin davlatning tepasida qolib ketmasin o‘sha pul.

Sudya: Onaxon, bu yerda davlatning hech aloqasi yo‘q. Faqat jabrlanuvchilarga undiruv belgilangan. Hozir “boshlanishiga 500 million so‘m mana ikki kunda to‘ladik, qolganini keyingi hafta ko‘proq, ko‘proq qilib to‘lashga harakat qilyapmiz”, deyishdi. Oxirida hal bo‘ladi, bu summaning kimga qanaqa bo‘linishi biz maslahatga kirganda hal bo‘ladi.

Jabrlanuvchining buvisi: Mayli, bir yarim-ikki yil bo‘ldi mana shu sud jarayoni davom etadi. Mayli, o‘sha yerda to‘xtatinglar, bo‘lar ish bo‘libdi, hamma narsa tamom bo‘libdi. Nogiron bolalar bor, o‘shalarga yordam berish kerak. Mana shu yerda to‘xtatib, men roziman, shu Kariyevni uy qamog‘iga chiqadimi, nima qilsa, qilsin. Onasi mard bo‘lib maydonga chiqibdimi, to‘lab beraman deb, rahmat.

Sudya: Rahmat, onaxon.

Jabrlanuvchi Sulton Saidmurodovning onasi Hilola Tursunboyeva

Jabrlanuvchining onasi: Mening o‘g‘lim “Ambronol” dorisidan zaharlanib, bir yarim oy komada yotib, o‘ziga kelgandan keyin, boshiga “polniy” suv yig‘ilgandan keyin ikki marta boshidan operatsiya o‘tkazdi. Boshida hozir apparat bor. Bir tomoni ishlamaydi, umuman. “Omiyn, bolam”, desam, minday qilib [qoladi], hozirgacha shunday, masalan.

Qancha-qancha qarzga botdik, boshqa qildik. Davlat yoki birov, kimdir, yordam beradigan hech kim, to‘g‘risi, hamma biladi, hech kim bo‘lmadi. O‘zimiz qarz oldik, boshqa qildik. Bolam endi yaxshi bo‘lib, qarzdorliklarni to‘laymiz dedik. Dadamiz oddiy ishchi. Men uy bekasiman.

Ishga chiqaman deb turganimda bolam birdaniga o‘zidan ketish odati chiqardi. Dadasi hech qayerga chiqishga ham, to‘g‘risi, qo‘rqadi bolani tashlab ketishga. Bolamni hozir qaratmasak bo‘lmaydi. Hozir bizga judayam ko‘mak zarur. Shunga Kariyevning onasi ham bizga o‘xshagan ona. Bular bolamiz deb panjara orqasida qarab turgan bo‘lsa, biz kislorodda, hattoki nafasga zor bo‘lib yotgan bolalarimizni reanimatsiya eshigidan qarab turganmiz, poylab. (Yig‘lab yuboradi — tahr.).

Yosh bolamni tug‘ilgan kunida “iltimos, shamni puflashni yaxshi ko‘rardi, tort olib kirib beringlar, o‘ziga kelib qolar”, deyman. “Bolang o‘zini bilmaydi”, deydi. “Uchinchi darajali koma, allaqachon hamma hujayralari o‘lib bo‘lgan bolan, uch bo‘lding, puch bo‘lding”, deyapti hammasi. Allohdan umr so‘radik, besh mahal namoz o‘qidik. Xudoyimga ming shukur farzandimni qaytarib berdi (Yana yig‘lab yuboradi va qolgan nutqini yig‘lab davom ettiradi — tahr.).

Lekin kunim qo‘rqinchli, haligacha qo‘raman, umr so‘rayman hozirgacha bolamga. Ovqat yaxshi yemaydi. Shu yerga zo‘rg‘a kuch to‘plab turibman, to‘g‘risi.

Tezroq bizga Kariyev onasi aytgan pul mablag‘ini ajratib bersangiz, bolalarimizni qaratsak, yaxshiroq joylarga. Boshqalarning bolalariga o‘xshab o‘ynab, kulib, yurishini xohlaymiz biz ham, to‘g‘risi.

Oxirigi gapim shu, Kariyevga jazosini yengillashtirib, mayli, olib tashlasangiz, olib tashlang, rozimiz. Ozodlikka chiqsin. Bu kishining ham farzandlari bordir. Balki aybsiz, balki aybdordir, Alloh biladi. Shu bizga faqat shu, moddiy yordam bersa, onasi yordam beraman degan ekan. Shunga rozimiz biz. Jazosini olib tashlab, iloji boricha judayam qiynalib ketdik, to‘g‘risi.

Sudya: Rahmat. Marhamat.

Buxorolik jabrlanuvchining otasi G‘afurjon Rahimov

Jabrlanuvchining otasi: Mana hozir bularni olib keldilar, bitta ona keldilar bolamni ko‘ray deb. Dunyoda o‘tgan bolachalarning ota-onasi nima qilsin? Mana [bularni] qamalgan bo‘lsa ham onasi ko‘ryapti.

Men nima demoqchiman, farzandim hozir g‘aflatda qolgan. Na ko‘radi, na eshitadi. Menga tezroq mablag‘ kerak. O‘zimizning cho‘ntagimizdan Hindiston olib borib keldik. Bunisidan qarz olib, unisidan qarz olib, “licheniya” qildik. Hozir o‘sha do‘xtir ko‘rdiyu, buni tezroq olib kelinglar men davolab beraman deyapti.

Borib kelganga 20 ming-25 ming dollar pulimiz ketdi. Hozir mablag‘imiz yo‘q. Agar o‘sha pul mablag‘larini biz tomonga ijobiy hal qilib bersangiz, men etib davolatardim. Boshqalar ham davolatardi. O‘shani aytmoqchiman, tezroq hal qilib berishingizni so‘rayman.

Sudya: Zarar sizga qoplansa, da’voyingiz bormi?

(Jabrlanuvchining otasi boshini qimirlatib “yo‘q” ishorasini berdi — tahr.).

Jabrlanuvchi Alibek O‘ktamovning otasi Feruzbek Nuraddinov

Jabrlanuvchining otasi: Assalomu alaykum, hurmatli raislik etuvchi, hurmatli sudya. Hozir ham bu yoqdan advokatlarning ham gaplarini eshitdik. Nima deydi, baribiram jabrlanuvchilarga nisbatan og‘ir gaplar bo‘lib o‘tdi. Tirnalgan yarani yana qo‘zg‘ashni boshladi, bularda ayb yo‘q, boshqa [deb]. Mayli, bo‘ladigan ish bo‘lib o‘tdi. Lekin hozir summa mana bunaqa ko‘rsatilgan, mana bunaqa ko‘rsatilgan [deyishdi]. Bu yerda ham shuncha ota-ona tilanchilik qilish maqsadida kelgani yo‘q-ku.

Bo‘lmasa, bolalarni olib kelib ko‘raylik, yoki bo‘lmasa uyga bir borishsin. Bir kun yashasin o‘sha bola bilan. Qanaqa ahvolda ekanliklarini sal his qiladi deyman-da. Bolalar hozir og‘ir ahvolda. Davolatish kerak. Har safar bolamni ko‘rganda ich-etimni it tirnaydida. Gapirolmasa, yurolmasa, bir joyim og‘ridi deb aytolmasa.

Bu yerda o‘tirib insonni olamdan o‘tgan bo‘lsa, yuz million, bir yuz ellik million [deyishyapti]. Men beraman o‘shanga, uch yuz million beraman, o‘g‘limni tiklab bersin. Qo‘lidan keladimi? Kerak bo‘lsa, milliarddan ham topib beraman. Oldingi holatga olib kela oladimi? Hozir ham “bu yerda qonun nima uchun chiqarilgan?”, deb aytyapti. Kim tomonga ishlanadi? Nima faqat jabrlanuvchilar shunday jabrlanib ham qolaveradimi? Qonun chiqarilyapti. Shuning ijrosi ham, boshqasi ham ta’minlanishi kerak, deb. Yuz million deyapti, boshqa deyapti. Gap unda emas.

Uning oddiy muolajasiga qancha xarajat ketib qoladi? Mana shu ahvolga olib kelgunga qadar qancha moddiy xarajat ketdi? Undan keyin onasining orttirgan kasalligi, boshqasi [bor]. U narsalar inobatga olinmaydi. Faqat shu arzimagan pul uchun mana bu yerda tortishib, boshqa qilib o‘tiribmiz-da. Salgina bolalarning [taqdirini] ham o‘ylanglar.

Bolam ertaga kelajakda qanaqa inson bo‘ladi? Qanaqa darajada bo‘ladi bu? Doimiy ravishda bitta odamga muhtoj bo‘lib qoladi. Men hatto bolamning keyingi ahvolini o‘ylasam, to‘g‘risi, yashashga haqqim yo‘q deb yuboraman-da.

Chunki o‘sha siropni olib kelib berganim uchun haligacha o‘zimni o‘zim qarg‘aymanda. Chiqargan odam u yoqda qolib ketgan, boshqa qilgan, lekin haligacha baribir hamma ota, ona. Ertaga o‘zining bolasini qo‘yib ko‘rin, yoki bo‘lmasa, o‘zining o‘rniga bizni bir kun qo‘yib ko‘rsin qani, qanaqa ahvolga tusharkan?

Reanimatsiyada qanaqa ahvolda o‘tirdik, 65 kun bolam komada yotdi, boshida qilingan operatsiyalari bilan yurdi. Mayda nerv tomirlar yorilib ketib, suv aralash, qon aralash, [do‘xtir], “aka, boshqa variant ham yo‘q, operatsiya qilmasak bo‘lmaydi”, dedi.

Qilgandan keyin ko‘zini ochdi, lekin “uje” bu yog‘iga “Aka, mana, bola, Xudoyim qaytarib berdi. Xudoyimdan so‘rang, lekin „uje“ bu yog‘iga do‘xtirlar ham bir narsa deyolmaymiz”, deyapti. Qancha vaqt davom etadi, qachon bu oyoqqa turadi, qachon bu gapiradi, hech bo‘lmasa, gapirsa ham tanasi og‘risa, gapirsa, tushunsa bo‘ladi-da. Gapirmaydi, tolib qoladi, bo‘ldi, “sudoroga” tutib.

Undan keyin ona bilan ota qanaqa ahvolga tushadi. Bu narsalari inobatga olmay, 100 million statistikada belgilangan, bir yuz ellik million, ellik million [deyishyapti]. Bu yerga ota-onalar sadaqa so‘rashga kelgani yo‘q.

Bir yil bo‘ldi mana sud boshlanganiga. Shuncha ota-ona keldi, Surxondaryoda, Buxorodan, boshqa joylardan. O‘tgan safar mana shunaqa bo‘lgandan keyin ota-onalar bilan ham maslahatlashdik, o‘sha Kariyevning onasi yordam beraman dedimi, o‘shanga rozilikdan keldi. Qani, ota-onaning aytgan summasini chiqarib bersa. Bu yerga hozir “jabrlanuvchilarni tinchlantirish maqsadida”, “bir milliard summa qayerdan olindi?”, deyapti. Bu yerda bir milliardga qarab o‘tirgan [odam] yo‘q. Qani, bolamni yaxshi qilib bersin, bir so‘m pulini olmayman. Oldingi holatga olib kelib bersin, bir so‘m pul kerak emas. Uni inobatga olsinlar-da.

Yana bu yoqda qonunning ijrosi kim uchun, inson manfaatlari deydi. Qani inson? U ham inson-ku. Yoki bo‘lmasa, boshqa davlatning fuqarosi emas, u. Shu o‘zimizning O‘zbekistonning [bolasi-ku]. Yana prezidentimiz aytgan mana, yoshlar kelajagim [deb]. Kelajagimiz mana shunaqa nobud bo‘lsa, nima bu yerda statistikani qarab o‘tiramizmi yuz million, yuz million deb.

Hurmatli sudya, o‘shalarni ham bir inobatga olishingizni so‘rayman. Chunki bu yerda bitta men emas, qolgan bir 8−10 tami bola bor-da og‘ir ahvolda. Kimningdir bolasi ko‘rmaydi, kimnikidir yurmaydi, meniki gapirmaydi ham, katta axlat ham, kichkinasi ham pampersda. Og‘riq sezmaydi bolam, ukol qilsa, tirjayib turadi.

Vrachlar ham aytyapti, “aka, asosiysi bosh miyadagi asosiy nerv tizimi o‘lgan”, deydi. Oddiy qilib tushuntirganda kompyuterning protsessi kuygan bo‘lsa, nima qilasiz kompyuterni deyapti. Faqat yoqib qo‘yasiz, bo‘ldimi? Hozir bola shunaqa ahvolda bo‘lib turibdi. Uning dardini eshitolmasak, gapirmasa, tushunmasa.

Sal o‘shalarni ham his qilinglar-da, hurmatli advokatlar. Faqat mana bu yerga chiqib oqlab, mana bu yerga gapirganga bir-ikki so‘m pulni olish emas maqsad. O‘sha kam bo‘lsa ham barakasini bersin, misol uchun. Hammamiz ham oylikka yuribmiz. Shunchaki hozir mana bu yerda aytayotgani ota-onalarga qattiq botyapti-da. O‘zi shuncha ezilgani yetmagandek bu yoqqa chiqib [bunaqa deydi].

Agar ishonmasa, [dori] turgan bo‘lsa, bolalariga ichirib ko‘rsin bitta. Keyin ahvolni sezadi, keyin ota-onalar qanaqa ahvoldaligini [biladi]. Bu yerda hadeb gapirib oqlasa bo‘ldi, yaxshi gapirib qo‘ysa, bo‘ldi emas-ku maqsad. O‘shalarni ham inobatga olishingizni xohlayman, hurmatli sudya.

Ham keyin o‘tgan safar esdan chiqdi. Hindiston kompaniyasi uchun [advokatlar] tomonidan kiritilgan iltimosnomani o‘tgan safargi sudda muhokama qilinamiz deyilgandi, lekin qolib ketdi. O‘sha masala nima bo‘ldi.

Sudya: U masalani aytdim-ku, buni maslahat uyida hal qilamiz deb bularga tushuntirdim-ku. Oxirida maslahatga kirib chiqqanda e’lon qilaman uning hammasini.

Jabrlanuvchining otasi: Uni tushundim, uning maslahatxonasi qachon bo‘ladi, qancha davom etadi?

Sudya: Bugun sud muzokarasi bo‘lib o‘tyapti, yakunlashga kelyapmiz.

Jabrlanuvchining otasi: Chunki har kunlik muolajalari bor, yetkazolmayapti. Ko‘pchilik ota-onalar hazilakam joydan kelayotgani yo‘qda, ming kilometr, bir ming ikki yuz kilometrdan kelib turibdi.

Hindiston masalasini aytmoqchi edim. Nimaga yana [qo‘yvorildi] dedi, bu yoqda hurmatli prokurorimiz ham aytdi, advokatlarimiz o‘rganishini taqdim etdi-ku. Keyingi safar o‘shani ko‘rib chiqamiz dedi, lekin hali ko‘rilmadi-da, ishlab chiqaruvchining ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atish bo‘yicha, boshqa bo‘yicha. O‘sha masalasi nima bo‘lyapti?

Sudya: Hamma narsaning ham tartib-qoidasi borda. Uni maslahat uyiga kirganda [hal qilamiz]. Hozir bular aybdor bo‘lib turibdi ish bo‘yicha, to‘g‘rimi? Hukm chiqqan. Shu aybsizlik masalasi hal qilinganda, qaror e’lon qilayotganda hamma iltimosnomalar bo‘yicha hamma savollaringizga javob beramiz.

Jabrlanuvchi: Yo‘q, o‘shanda ham mana oldingi birinchi instansiyada ham aytilgandi. O‘sha chiqargan zavod tashqarida, chekkada qolib ketyapti. Bu yerda faqat sertifikatsiya bo‘limi, Farmatsevtika agentligi boshqa narsalar bu yoqda aybli-aybsizligini ko‘ryapmiz, lekin asosiy dorini chiqargan zavod chetda qolib ketdi, o‘shani sudga qo‘shishingizni so‘rayman deb oldingi birinchi instansiyada sudyaga aytgandik, “xo‘p-xo‘p, hammasi ko‘riladi, muzokara bo‘lyapti”, dedi.

Lekin hozir mana sud qaroridan birorta joyida o‘sha Hindiston tomondan ishlab chiqarilgan zavod yoki kompaniya tomonga birorta jinoiy ish qo‘zg‘aldi yoki mana shunaqa harakat bo‘ldi degan hech qanaqa [gap] bo‘lgani yo‘q. Qarorda ham o‘qib chiqdim, lekin u narsa kiritilmadi-da. Faqat bu yerda oddiy qilib aytganda o‘zimizni o‘zimiz go‘shtimizni yeb o‘tiribmizda. O‘sha narsa chekkada qolib ketgan.

Sudya: Feruz aka, men jinoyat ishi doirasidan chetga chiqib ketolmayman, yana bir marta tushuntiryapman sizga. Men tergov organi emasman. Men sudman. To‘g‘rimi, bu sud? Lekin bizda jinoyat ishi qo‘zg‘atish, boshqa qilish vakolati yo‘q. Lekin shuni ko‘rib chiqib, kerakli organlarga, boshqalarga xabarnoma berish yoki boshqa qilish vakolatimiz bor. Lekin jinoyat ishi qo‘zg‘atib qo‘yolmayman. Jinoyat ishi qo‘zg‘atish masalasiga, boshqasiga mana prokuror eshitib o‘tiribdi. Bu masalani aytdim, men yana tushuntiryapman. Maslahat uyiga kirgandan, chiqqandan keyin shu savollarga javob beraman.

Advokat Davron Ahmadov: Jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan-ku.

Sudya: Shuni hozir bular qo‘zg‘ating yana deyaptilar-ku, shunga aytyapman.

Jabrlanuvchining otasi: Endi u qo‘zg‘atilganidan bizning xabarimiz yo‘q-ku.

Sudya: Agar eshitgan bo‘lsangiz, qo‘zg‘atilib, qidiruv e’lon qilinib, DXXda turibdi deyishdi. Bular uni Dubayda ushlab yana qo‘yvorishibdi degan narsani ko‘tardilar. Unga allaqachon ish ochilgan. Qidiruv ham e’lon qilingan. Tushundim sizni.

Jabrlanuvchining otasi: Tushunarli, hozir ko‘pchilik ota-onalar kelgan. Nima deyish kerak, ko‘rsatma berish kerakmi? Agar misol [shunday bo‘ladigan bo‘lsa], kelib ketolmaydi-da ko‘pchiligi. O‘tgan safar Kariyevning onasi kelib undirish masalasini gapirdi-ku.

Sudya: Aynan [jabrlanuvchilar orasidan] siz shu yerda edingiz.

Jabrlanuvchining otasi: Shu yerda edim. Mana hozir kelgan ota-onalarning fikrini eshitib hammasini bitta-bitta, yozma ravishdami, boshqa ravishdami bildirib ketsa bo‘ladimi? Chunki ular boshqa kelolmaydiyam-da.

Sudya: Yo‘q, uni protokol qilishyapti. Eshitdik-ku. Agar zarar qoplab berilsa, bizning Kariyevga nisbatan da’voyimiz yo‘q deyishyapti-ku. Sizning o‘zingizchi?

Jabrlanuvchining otasi: Mening hech qanday da’voyim yo‘q, agar shuni qoplab bersa, bolamni tezroq oyoqqa turg‘azishni xohlaymizda biz.

Sudya: O‘tgan safar tanaffus e’lon qilingandan keyin onalari kirdi, aynan siz eshitdingiz.

Jabrlanuvchining otasi: Eshitdim, lekin onalari sud tomonidan uy qamog‘i qilib bersa, deyapti. O‘sha summani to‘layman deyapti-da. Endi u sizning [vazifangiz-da]. Iloji bo‘lsa, shuni yengillashtirishmi, aybi bo‘lsa, chiqarib berishingizni xohlaymiz. Bizga yetkazilgan zararni, mana shu bolalarimizni keyingi muolajasini qilib, oyoqqa turg‘azish bo‘lsa bo‘ldi.

O‘zi qolgan bo‘lsa, bir sakkizta bola qolganda nogiron bo‘lib. Har bir muolajasini xabaringiz bor, siz ham u kun Sog‘liqni saqlash vazirligiga xat bilan chiqdingiz, hammasi kechirasiz degan javobni aytyapti-da. Hech qanaqa effekt yo‘q. Endi vazirlik shunaqa degandan keyin qolgan joydan nimani kutsa bo‘ladi?

Bitta Sog‘liqni saqlash vazirligi. Chunki o‘ziga borganmanam-da. Hech narsa qilib berolmaymiz, balansimizda pul yo‘q, deyishdi. Lekin bitta katta narsa bo‘lsa, unga ilojini topadilar. Shotimizda pul yo‘q deb kazo-kazo, qimmatbaho mashinalar olinadi, lekin bu yoqda inson huqulari, boshqa narsasi chekkada qolib ketyaptida. O‘shani inobatga olishingizni so‘raymiz.

Sudya: Tushunarli, rahmat Feruz aka.

Vafot etgan jabrlanuvchi Mirafzal Sheraliyevning onasi Mushtariy Abdurahmonova

Jabrlanuvchining onasi: Assalomu alaykum. Mirafzal Sheraliyevning onasiman. Bekoboddan. Chiqargan hukmingizga qarayman, lekin odilona chiqarishingizni so‘rayman. Ham moddiy zararni qoplab berishni so‘rab keldim. Ma’naviy zararni baribir qoplab berolmaydilar. Chunki hammaning o‘zining sog‘ligi o‘ziga ayon bo‘lib bo‘lgan. Uydagilar ham “uje” sog‘lig‘ini yo‘qotib bo‘lgan.

Lekin o‘tgan safargi sudda bir milliarddan ajratildi degan narsalar, chiqqan qarorlarni hamma o‘zi noo‘rin tushunyapti. Olib hattoki ishlatib ham bo‘ldinglar, nima qildinglar degan savollarga javob berishdan ham charchadik. Biz hali qo‘limizga hech qanaqa summa olganimiz ham yo‘q. Mana televideniye ham ko‘rsin, bilsin. Hech qanaqa moddiy qoplangani yo‘q hech narsa. Kelib ketayotgan bo‘lsak ham.

Biz-ku mayli, yaqin bo‘lsa ham mana Xorzamdan, Buxorodan kelib ketishyapti. Millionga yaqin summa sarflab kelib ketishadi. Ularning ham o‘zlarining “rasxod"lari bor. Lekin umuman Kariyevga ham, boshqalarga ham nisbatan qarshiligim yo‘q, mayli garovini to‘lasin, chiqsin. Kelishilgan holatda. Odilona qaroringizni kutyapmiz. Chunki sizning ham farzandlaringiz bor, o‘zini bizning o‘rnimizga qo‘yib o‘ylab ko‘ring.

Sudya: Rahmat. Zalda jabrlanuvchilar yo‘qmi boshqa

Jabrlanuvchi Humoyun Erkinovning bobosi Erkin Doniyorov

Jabrlanuvchining bobosi: Assalomu alaykum, hurmatli sudya. Humoyun Erkinovning bobosi, qonuniy vakiliman. Boya advokatimiz aytdi, bir milliard summa dedi. Mening nevaram besh oy yotib, o‘ldi. Bir yil bo‘ldi mana o‘lganiga ham. Lekin biz uje bir milliard summani ishlatib bo‘lganmiz.

Besh oy shu yerda to‘rt kishi bolaning izidan yurishni o‘zi bo‘lmaydi. U hozir bir milliardni bizga tilanchilik qilganday aytyapti-da. Bu narsa noto‘g‘ri. Bizda “uje” bir milliarddan ziyod ham ketib bo‘ldi. Besh oy bolnitsada yotishni o‘ylanglar. Kuniga o‘zim 20 milliondan ortiq dori olib kelib berardim. Bugun olib kelsam, ertangi kun ham 20 million so‘mga olib kelib berardim. Besh kunlab shuncha miqdordan dori [olib keldim]. Eng oxirgi, oyning oxirida, o‘limoldi kunlari 700 ming so‘mlik dori olib kelib berganman. Boshida 20 million so‘mdan boshlandi. Besh oy dori tashiganman. Pulni hisoblab chiqsin, mening shu yerda, Toshkentda yurishimni hisoblab chiqsin. Milliard hech nima bo‘lmaydi. Adashmasin.

Agar o‘sha pulni bersa ham shu o‘zimizning pulni bergan bo‘ladi. Shundayam bolamiz ketyapti bizning. Bersa, xarajatimizni beryapti.

Biz Kariyevning onasiga qo‘shilganimizning sababi — hech bo‘lmasa, shu moddiy zararimizni qoplab olsak ham [katta gap], hozirgacha bo‘ynimda qarzim yotibdi. Haligacha berolganim yo‘q, bir yilda men uncha katta summani uzolmayman. Biz Kariyevning onasiga qo‘shilganimizning sababi — mard bo‘lib chiqdi. Bu yerda hech kim hali gapirgani yo‘q. Bitta ayol kishi chiqib, men to‘lab beraman deganiga biz rozi bo‘ldik.

Shuncha odamni men yig‘dim, Feruz yig‘di. Hammasiga telefon qildik, kelinglar, zararlaringni olinglar, boshqa bizning qo‘limizdan hech narsa kelmaydi dedik. Men mana shu yerda o‘tgan hafta sudga kelganimdan beri ketganim yo‘q. Uyimga Hayitga ham borganim yo‘q. Shularni kutib o‘tiribman. Hech qanday [da'voyimiz] yo‘q.

Shu bizga zararni undirib bersa, nafaqat Kariyev qolganlarni ham chiqaravering, bizga buning foydasi yo‘q, qamalganining bizga nima foydasi bor? Bolamiz tirilib keladimi yoki kasal yotgan bolalar tuzalib keladimi bular qamalib ketsa? Foydasi yo‘q uning bizga. Men shu hammaning gapiga qo‘shilaman. Rozimiz, hammasini chiqarib yuborsalaring ham rozimiz.

Habibullo Yo‘ldoshev (qaysi jabrlanuvchining vakili ekaniga oydinlik kiritilmadi).

Jabrlanuvchining otasi: Assalomu alaykum, hurmatli sudya. Biz ham Kariyevning onalariga qo‘shilamiz. Moddiy zarar to‘lab bersalar biz sheriklarimiz bilan maslahatlashdik. Iloji boricha, hammalarini qo‘yvorsalaring ham biz rozimiz. Zarar to‘plab berishsa, bo‘ldi. Ularning ham uyida ota-onasi, farzandi bor. Ilohim bizning ko‘rgan kunlarimizni birortasi ko‘rmasin. Mening farzandim vafot etgan. Ota farzandining o‘ligini ko‘tarishi juda og‘ir holat ekan. U narsa bizning boshimizdan o‘tdi. 17 kun qattiq sovuqlarda o‘sha yoqda bolnitsada bo‘ldik. Ilohim hech kim ko‘rmasin unaqa kunlari. Bizga shu zararni qoplab berishsa, bo‘ldi.

Sudya: Rahmat. Video-konferens-aloqadan yo‘qmi jabrlanuvchilarning qonuniy vakillari, fikr bildiradiganlar? Qoraqalpoq, Muzrobod?

Video-konferens-aloqa orqali 5 nafar jabrlanuvchilarning qonuniy vakillari gapirdi. Ammo aloqa sifati yaxshi bo‘lmagani uchun ovoz diktofonimizga aniq yozib olinmagan. Ularni bari sudyaning “Moddiy zararni qoplab bersa, da’voyimiz yo‘q deyapsizmi?”, degan savoliga “Ha”, deb javob berishdi. Bir nafari “Boshida ko‘proq to‘lab bersin iloji boricha”, deb qo‘shimcha ham qildi.

Sudya (Munira Kariyevaning qonuniy vakili Abror Nabiyevga qarata): Abror aka bitta narsa, bizda ham endi muddat degan narsa bor, men ishni ko‘p cho‘zolmayman. Shuning uchun hozir mana dushanba kunga qo‘yamiz, uch himoyachi nutq qilsa, keyin o‘zlarini eshitib ishni yakunlash arafasiga kelib qoldik-da. Shuning uchun Munira opaga aytasiz, shuncha jabrlanuvchi umid bilan kelibdi. O‘zlari o‘sha kuni aytdilar, biror bir qismini, mana bunchadan boshlanadi dedilar. Imkon qadar tezlashtirib bersalar agar, mana jabrlanuvchilarni eshitdingiz, zarar qoplansa, da’voyimiz yo‘q deb turishibdi hammasi. Shuning uchun bir og‘iz aytasiz, imkon qadar.

Chunki men ko‘p cho‘zolmayman ishni. Bizda muddat degan narsa bor. Mana, “uje” cho‘zilib ketdi deyishyapti, bundan tashqari, o‘zi protsessual muddatlarimiz ham yakunlanib qoldi. Unda dushanba kuni Salim aka, Ahmadov, Rahmatovlarni eshitamizda. Ungacha mana ozgina muhlat bo‘lyapti, Abror aka. Shunga imkon qadar tezlashtirib. Shuncha jabrlanuvchi mana umidvor bo‘lib turibdi. Shunchalik kelib, shu narsani men qilib beraman deganlarning o‘ziga rahmat deyishyapti.

Endi jabrlanuvchining da’vosi bo‘lmagani bu qonunchilik bo‘yicha ham yengillashtiruvchi holat, hammanglar bilasizlar. Shuning uchun ham biz majburlab, uncha, buncha to‘lang deb aytolmaymiz, haqqim ham yo‘q unaqa deyishga. Onalarining o‘zlari rozi bo‘lib o‘sha kuni kelibdilar. Aybdorlik, ayblilik masalasini sudga havola qilaman, lekin jabrlanuvchilarga imkon qadar to‘lab beraman dedilar. Shuning uchun muddatimiz bu yog‘i qisqaroq bo‘lgani uchun harakat qilib ko‘rsinlar. Agar imkon qadar bo‘lsa, jabrlanuvchimiz aytishdi. Moddiy zararni qoplasa, da’voyimiz yo‘q deb turibdi hammasi.

Keyingi apellyatsiya sudi muzokarasi Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahri sudida 24-iyun, dushanba kuni soat 10:30 da boshlanadi.