Mart oyida Moskvadagi “Krokus siti holl”da sodir etilgan teraktdan jabrlangan oilalarning 100 nafar farzandi Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi “Anor” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida ikki hafta dam oladi. Bu haqda “Gazeta.uz”ga O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.

“Bizni juda iliq kutib olishdi”, deydi 12 yoshli Lev Kolchin. “Oyim O‘zbekistonga borasanmi, deb so‘raganda ikkilanib qolgandim. Bu yerga kelishim bilanoq qarorim xato emasligini angladim. O‘ylaymanki, yozgi ta’til men va do‘stlarim uchun unutilmas bo‘ladi”.

Bolalarni oromgohga jo‘natishdan avval ularga sport kiyimlari, zarur texnik jihozlar berildi.

Oromgohdagi mavsumning ochilish marosimida O‘zbekiston maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi o‘rinbosari Baxtiyor Maxmadaliyev, O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Zulayho Maxkamovalar ishtirok etdi.

Ikki hafta davomida ular sport musobaqalari va mahorat saboqlarida qatnashadi, ularga taniqli sport ustalari saboq beradi. Bundan tashqari, ular ixtiyorida rasm, raqs, teatr, musiqa to‘garaklari, kompyuter sinfi, kutubxona bo‘ladi.

Shuningdek, “Suv to‘lqinlari” festivali, “Neptun kuni”ga bag‘ishlangan suv o‘yinlari va komikslar, kino kechalari va spektakllar namoyishi, ““Anor”da baxtli bolalik” videotanlovi o‘tkazish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, mehmonlarni Samarqand shahridagi tarixiy obidalar va “Boqiy shahar” majmuasiga bo‘ladigan qiziqarli ekskursiya kutmoqda.