24-iyun kuni Toshkent viloyati Chirchiq shahrida 53 yoshli haydovchi boshqaruvidagi Spark ariqqa tushib ketdi. Viloyat Ichki ishlar bosh boshqarmasi bu bo‘yicha rasmiy ma’lumot berdi.

Iqbol mahallasida yuz bergan voqea aks etgan videoda Spark suv yuzasida oqim bo‘ylab oqib ketayotgani, mahalliy fuqarolar esa uni to‘xtatishga urinayotganini ko‘rish mumkin.

Ma’lum qilinishicha, haydovchi ayol mashinani orqaga harakatlantirayotganda boshqaruvni yo‘qotgan, so‘ng avtomobil suvga tushib ketgan. Avtoulov mahalliy fuqarolar va shahar FVB xodimlari bilan hamkorlikda qutqarib olingan. Voqeada tan jarohati olganlar yo‘qligi qayd etildi.

Avtomashina suvdan olib chiqildi. Holat yuzasidan surishtiruv olib borilmoqda.

Respublikada transport vositalarining suvga tushib ketishi holatlari uchrab turadi. Masalan, iyun oyi boshida Toshkent viloyatida yuk mashinasi Chirchiq daryosiga tushib ketgani ortidan yo‘lovchi vafot etgandi. Aprel oyida Jizzax viloyatida avtobus ariqqa tushib ketib, haydovchiga birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

Bundan tashqari, o‘tgan yili yozda Surxondaryoda Lacetti To‘palang daryosiga tushib ketgan. Uning haydovchisi hodisadan oldin yurak ishemik ehtimoli yuqoriligi sababli vafot etgan, 16 yoshli yo‘lovchi esa shifoxonaga yotqizilgandi.