Shavkat Mirziyoyev Rossiya prezidenti Vladimir Putinga Darband va Maxachqal’a (Dog‘iston) shaharlarida terrorchilik harakatlari oqibatida ko‘plab huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlari va fuqarolar qurbon bo‘lgani munosabati bilan hamdardlik bildirdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.

O‘zbekiston yetakchisi Dog‘istondagi terrorchilik hujumlarini qat’iy qoraladi hamda ushbu tahdidlarga qarshi kurashda tegishli tuzilmalarning faol hamkorligini davom ettirishga tayyorligini bildirdi.

“RIA Novosti” xabariga ko‘ra, yakshanba kuni kechqurun bir guruh qurollangan shaxslar Darband shahridagi sinagoga va cherkovga qarata o‘q uzgan. Oqibatda binolarda yong‘in kelib chiqqan. Deyarli bir vaqtning o‘zida Maxachqal’adagi sinagoga, pravoslav cherkovi va yo‘l-patrul xizmati postiga hujum qilingan.

Hujumlarda 15 dan ortiq politsiyachi, shuningdek, bir necha tinch aholi, jumladan, bir ruhoniy vafot etdi. Huquq-tartibot organlarining 10 dan ortiq xodimi jarohatlandi.

Ta’kidlanishicha, 6 nafar jangari o‘ldirilgani xabar qilindi. Dog‘istonning Sergokalinskiy tumani rahbari Magomed Omarov qo‘lga olindi, uning ikki o‘g‘li teraktlarga aloqador bo‘lishi mumkin.

Dog‘istonda 24, 25 va 26-iyun motam kunlari deb e’lon qilindi.