26-sentabr kuni Londondagi Britaniya muzeyida O‘zbekistonning muzey kolleksiyalariga mansub 14 ta eksponatni qamrab oluvchi “Ipak yo‘llari” ko‘rgazmasi o‘z ishini boshlaydi, deya xabar bermoqda Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi.

Ko‘rgazma uchun eksponatlar “Samarqand” davlat muzey-qo‘riqxonasi hamda O‘zbekiston davlat san’at muzeyi tomonidan taqdim etiladi. Aksariyat ashyolar, jumladan, shatranj donalarining eng ko‘hna to‘plamlaridan biri va Afrosiyobdagi hashamatli 6 metrlik “Elchilar xonasi” devoriy surati Londonda ilk bor namoyish etiladi.

Milodiy 500−1000-yillarga tegishli eksponatlar orasida Markaziy Osiyoning Buyuk Ipak yo‘li tarixidagi ahamiyatga ega Varaxsha saroyi mehmonxonasining devoriy surati (VIII asr), qopqoqli suyakdon (VI-VII), so‘g‘d yozuvi tushirilgan kumush idish (V), Kofirqal’a xarobasiga oid ko‘za (VI-VII) va boshqa noyob arxeologik topilmalar mavjud

“„Ipak yo‘llari“ men direktor bo‘lgan chog‘imdan buyon ilk ko‘rgazma loyiham hisoblanib, u xalqaro madaniy hamkorlik uchun betakror imkoniyat yaratgan holda mavjud tasavvurlarga chaqiriq tashlashi meni hayratga soladi”, — dedi Britaniya muzeyi direktori Nikolas Kullinan.

Ko‘rgazma ochilishi arafasida London Kolizey teatri sahnasida O‘zbekiston milliy orkestri va Kirill Rihter tomonidan jamoatchilikka “Vaqt qumlari” asari hamda O‘zbekiston milliy baletining “Lazgi. Muhabbat va qalb raqsi” balet spektakli spektakli taqdim etiladi.

“Ipak yo‘llari” ko‘rgazmasi 26-sentabrdan 2025-yilning 23-fevraliga qadar Britaniya muzeyidagi “Sainsbury” ko‘rgazmalar galereyasida namoyish etiladi.