G‘azoda Falastinning HAMAS guruhi bilan “jangning shiddatli bosqichi nihoyasiga yetmoqda”, dedi Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu 2023-yil 7-oktabrdan beri Isroil matbuotiga bergan birinchi intervyusida.

“Bu urush tugaydi degani emas, ammo hozirgi bosqichdagi urush Rafahda tugaydi. Bu haqiqat”, — dedi u 14-kanal jurnalistlariga.

Bosh vazir, shuningdek, G‘azoda asirga olingan garovdagilarni qaytarish bo‘yicha HAMAS bilan “qisman kelishish"ga tayyor ekanini aytdi, biroq urush HAMAS yo‘q qilinmaguncha davom etishini yana bir bor ta’kidladi.

Netanyaxuning aytishicha, G‘azodagi shiddatli janglar tugagach, Isroil so‘nggi haftalarda “Hizbulloh” bilan janglar avj olgan Livan bilan shimoliy chegarasiga qo‘shimcha kuchlarni joylashtirishi mumkin.

“Biz buni, birinchi navbatda, mudofaa maqsadida, ikkinchidan, fuqarolarimizni uyga qaytarish uchun qilamiz. Agar buni siyosiy jihatdan qila olsak, ajoyib bo‘lar edi. Agar bunaqa bo‘lmasa, biz boshqacha yo‘l tutamiz, lekin biz hammani — shimol va janubning barcha aholisini uyga qaytaramiz”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan “Hizbulloh” shia harakati Yaqin Sharqdagi eng kuchli harbiy tuzilmalardan biriga ega, deb ta’kidladi CNN. “Hizbulloh” o‘tgan yilning oktabr oyidan beri Isroilga qarshi hujumlarini kuchaytirgan. Isroil shimolida davom etayotgan mojaro tufayli o‘n minglab odamlar evakuatsiya qilindi. Livan janubidagi aholi punktlari ham bo‘shab qoldi.

Manbalarning CNN telekanaliga ma’lum qilishicha, Isroil hukumati allaqachon AQShni “Hizbulloh"ga qarshi ehtimoliy hujumga tayyorgarlik ko‘rish uchun G‘azo janubidan Isroil shimoliga qo‘shinlarni o‘tkazish rejalari haqida xabardor qilgan. AQSh rasmiylari Isroil va “Hizbulloh” o‘rtasida keng ko‘lamli urush boshlangan taqdirda, guruh shimoldagi Isroil havo mudofaa tizimlarini, jumladan, mashhur “Temir gumbaz"ni yo‘q qilishi mumkinligidan jiddiy xavotirda, deb yozmoqda telekanal.

Avvalroq BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish Isroil va “Hizbulloh” o‘rtasidagi keskinlashuvdan “chuqur xavotir” bildirib, “Livan navbatdagi G‘azoga aylanishiga” yo‘l qo‘ymaslikka chaqirgandi.