Saudiya Arabistonida Haj ziyorati chog‘ida 1301 kishi halok bo‘ldi, ularning aksariyati ro‘yxatdan o‘tmagan ziyoratchilardir, deb xabar bermoqda Saudi Press Agency (SPA) mamlakat sog‘liqni saqlash vaziri Fahd al-Jalajelga tayanib.

“Haj vaqtida halok bo‘lganlar soni 1301 nafarga yetdi, ularning 83 foizi Haj ziyoratiga kelishga ruxsati yo‘q va to‘g‘ridan-to‘g‘ri quyosh nuri ostida uzoq masofalarni boshpana va qulayliksiz piyoda bosib o‘tganlardir. Halok bo‘lganlar orasida bir necha keksalar va surunkali kasalliklarga chalinganlar bor”, — dedi vazir (SPA iqtibosi).

Vafot etganlarning barchasining shaxsi aniqlanib, Makkada dafn etildi, dedi vazir.

Associated Press ma’lumotiga ko‘ra, halok bo‘lganlar orasida 660 nafar Misr fuqarosi bor. Agentlik manbalariga ko‘ra, ulardan faqat 31 nafari mamlakatda qolish huquqiga ega bo‘lgan. Misr ziyoratchilarga Saudiya Arabistoniga ruxsatsiz borishga yordam bergan 16 ta sayyohlik agentligining litsenziyasini bekor qildi.

Bundan tashqari, Indoneziyadan 165, Hindistondan 98 va Iordaniya, Tunis, Marokash, Jazoir va Malayziyadan o‘nlab fuqarolar halok bo‘lgan. Iordaniya va Tunis rasmiylari ziyoratchilarning o‘limiga jazirama sabab bo‘lganini qayd etdi.

Associated Press muxbirlari ziyoratchilarning jaziramada, ayniqsa, Hajning ikkinchi va uchinchi kunlarida hushidan ketib, yiqilganini ko‘rgan.

  • Bu yil Haj ziyorati 14−19-iyun kunlari bo‘lib o‘tdi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, unda 1,8 millionga yaqin ziyoratchi ishtirok etgan bo‘lsa, shundan 1,6 milliondan ortig‘i xorijdan kelgan.
  • Haj kunlarida jazirama issiq kuzatildi. Shu tariqa, 17-iyun kuni Makka shahridagi Masjidi A’zamda havo harorati Selsiy bo‘yicha 51,8 darajaga yetdi. Rasmiy hujjatlari bo‘lmagan ziyoratchilar Haj yo‘nalishi bo‘ylab konditsioner o‘rnatilgan inshootlarga kira olmadi.