24-iyun kuni Janubiy Koreyaning Xvason shahridagi Aricell litiy batareyalar zavodida yong‘in sodir bo‘ldi, buning oqibatda kamida 22 kishi halok bo‘ldi, deya xabar bermoqda Yonhap.

Qayd etilishicha, yong‘in mahalliy vaqt bilan soat 10:30 atrofida 35 mingga yaqin akkumulyator saqlanadigan ombordagi batareyalar portlaganidan so‘ng boshlangan. Hodisa sabablari hozircha aniq emas. Qutqaruvchilar yong‘inni 5 soatda o‘chirgan.

Halok bo‘lganlar orasida 20 nafar xorijlik bo‘lib, ularning 18 nafari Xitoy va bir nafari Laos fuqarosi hamda fuqaroligi hali aniqlanmagan yana bir ishchi, deb yozadi Yonhap.

Rasmiylarning aytishicha, qurbonlar soni ortishi mumkin va kamida bir kishi bedarak yo‘qolgan. Zavodning yana ikki ishchisi jiddiy jarohat olgan.

Prezident Yun Sok Yol voqea joyiga tashrif buyurgan. Ichki ishlar vaziri atrofdagi hududlarning xavfli kimyoviy moddalar bilan ifloslanishining oldini olish choralarini ko‘rishga chaqirdi, deb yozadi Reuters.

Agentlikning yozishicha, Aricell kompaniyasi 2020-yilda tashkil etilgan bo‘lib, sensorlar va radioaloqa qurilmalari uchun litiy birlamchi akkumulyatorlarni ishlab chiqaradi. Kompaniyaning so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, zavodda 48 nafar xodim ishlaydi.