Toshkent shahri Yangihayot tumanida mayning ferma tashkil etgan xonadon aniqlandi, deya xabar qilmoqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti.

Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Yangihayot tuman bo‘limi tomonidan DXX xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda “Chortoq” MFY hududida yashovchi fuqaro O.K. o‘z uyining yerto‘lasida 5 ta to‘plamdagi mayning qurilmalarini tijorat maqsadida elektr tarmog‘iga yashirincha ulab, jami 751,6 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangani aniqlangan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik), 278−9-moddasi (mayning faoliyatini qonunga xilof ravishda amalga oshirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.