Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida ruhiy kasalliklar shifoxonasida fuqaroni uning roziligisiz tibbiy ko‘rikdan o‘tkazgan shifokorga hayfsan berildi, deb xabar bermoqda Inson huquqlari bo‘yicha vakil.

Unga kelgan murojaatda aytilishicha, fuqaro B.N. tuman IIB profilaktika inspektori va mahalla vakillari hamkorligida qonunga zid ravishda 2-sonli ruhiy kasalliklar shifoxonasiga joylashtirilgan.

Ombudsmanning mintaqaviy vakili fuqaro bilan uchrashganda u ruhiy kasalliklar shifoxonasiga ko‘rikdan o‘tkazish uchun joylashtirilayotganda rozilik xatiga imzo qo‘ymaganini aytgan. Shunga qaramasdan uni shifoxonaga joylashtirishgan va 3 kun davomida ko‘rikdan o‘tkazishgan, ammo sog‘lom bo‘lgani sababli javob berib yuborishgan, deyiladi xabarda.

Inson huquqlari bo‘yicha vakilning yozishicha, ushbu holatda “Psixiatriya yordami to‘g‘risida”gi qonunning 24-moddasi 2-qismi (Psixiatriya tekshiruvi tekshirilayotgan shaxsning ma’lumotlarni bilgan holda tekshiruv o‘tkazilishiga ixtiyoriy roziligi mavjud bo‘lgan taqdirda amalga oshiriladi) talablari buzilgan.