24-iyun kuni Vazirlar Mahkamasining “O‘zbek tili va adabiyot fani bo‘yicha milliy sertifikat imtihonida yuqori ball (daraja) to‘plagan yoshlarga imtihon topshirish xarajatlarini to‘liq qoplab berish tartibini joriy etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokamalar portaliga joylandi. Loyiha yaratuvchisi — O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi.

Bunda Yoshlar ishlari agentligining Yoshlarga oid davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan mazkur xarajatlarni 2025-yil 1-yanvardan boshlab qoplab berish reja qilinmoqda.

Ariza beruvchi imtihon topshirish paytida 14 yoshdan katta va 30 yoshdan oshmagan bo‘lishi kerak.

Imtihon topshirish xarajati kompensatsiya qilinishi uchun oliy ta’lim muassasasi bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha test sinovlarida ushbu fandan belgilangan maksimal ball berish huquqini beradigan natija (A+, A daraja) qayd etilishi kerak.

Test natijalari xalqaro metodika — Rash modeli asosida hisoblangan bo‘lib, talabgorlarga to‘plagan bali asosida quyidagicha sertifikat taqdim etiladi:

  • 70 balldan yuqori ball — A+ daraja;
  • 65 — 69,9 ball — A daraja;
  • 60 — 64,9 ball — B+ daraja;
  • 55 — 59,9 ball — B daraja;
  • 50 — 54,9 ball — C+ daraja;
  • 46 — 49,9 ball — C daraja.

Agentlik 2024-yil 1-dekabrga qadar:

  • davlat xizmatini ko‘rsatish uchun zarur hujjatlar va boshqa hujjatlarning namunaviy shakllari, blankalari ishlab chiqilishini ta’minlaydi hamda Adliya vazirligi bilan kelishgan holda tasdiqlaydi;
  • Adliya vazirligi bilan birgalikda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida (YAIDXP) elektron davlat xizmatini joriy qilish bo‘yicha texnik hujjatni ishlab chiqadi, kelishish va tasdiqlash uchun Raqamli texnologiyalar vazirligiga kiritadi.
  • Raqamli texnologiyalar vazirligi birgalikda ariza beruvchilar taqdim etadigan hujjatlarning avtomatik ravishda belgilangan mezonlarga mos kelishini aniqlovchi va ma’lumotlarni saralovchi, shuningdek, YAIDXPda davlat xizmatlari ko‘rsatilishining har bir bosqichida murojaatlar ko‘rib chiqilishini kuzatib borish imkonini beruvchi xizmatni ishga tushiradi, shuningdek, tegishli vazirliklar va idoralarning YAIDXPga ulanishini va axborot tizimlarining o‘zaro integratsiya qilinishini ta’minlaydi.

2024-yil 1-dekabrdan o‘zbek tili va adabiyot fanidan milliy sertifikat imtihonlarini tashkil etishga vakolatli tashkilotning tegishli imtihon topshirish xarajatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘zining rasmiy veb saytida e’lon qiladi hamda doimiy ravishda yangilab boradi.

Mazkur o‘zgarish bo‘yicha muhokamalar 9-iyulgacha davom etadi.