Shavkat Mirziyoyev 25-iyun kuni chorvachilik tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi, deb xabar bermoqda Prezident matbuot xizmati.

Taqdimotda mutasaddilar parrandachilik tarmog‘ini rivojlantirish strategiyasi hamda bu yilgi rejalari yuzasidan axborot berdi. Jumladan, bu yil parranda go‘shti hajmi 700 ming tonnadan 800 ming tonnaga, tuxum yetishtirish 8,5 milliard donadan 10 milliard donaga yetkazilishi kutilmoqda.

Tarmoqdagi eng muhim masala — nasl, dedi prezident. Uning aytishicha, mamlakatda go‘sht yo‘nalishidagi parrandaning 1-tartibli genetikasi yo‘q, 2-tartibli genetika esa Vengriyadan olib kelinyapti.

Prezident matbuot xizmatiga ko‘ra, jahon bozorida parranda genetikasining 80 foizi AQSh kompaniyasiga to‘g‘ri keladi. Shu bois ular bilan hamkorlikda parrandachilikda genetik texnologiyalarni joriy qilish va naslchilik xo‘jaliklari tashkil etish reja qilingan.

Shuningdek, parrandachilikda klaster tizimini joriy etish, tayyor biznes loyihalar qilib, tadbirkorlarga berish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi. Soha rivojini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha imkoniyatlar belgilandi.

Unga ko‘ra, parrandachilik korxonalari 5 yilga yer solig‘idan ozod qilinadi. Parranda go‘shti eksportiga ruxsat beriladi. Tadbirkorlarga berilgan 35 million dollar arzon resursni qaytarish muddati 3 yilga uzaytiriladi.

Ma’lumot uchun: prezidentning PF-5286-son farmoniga muvofiq, chorvachilik, parranda va go‘sht Prezident qarorlari asosida eksport qilinadigan mahsulotlar ro‘yxatiga kiritilgan.

Davlat rahbari ozuqa-yem zaxirasini kengaytirish va parrandachilik xo‘jaliklariga markazlashtirilgan tartibda yetkazish bo‘yicha ham topshiriqlar berdi.

Image captionImage caption

Hozirgi kunda O‘zbekistonda 39 ta qorako‘lchilik xo‘jaligi bor, Buxoro viloyatidagi 2 million gektardan ziyod yaylovda 2 million bosh qo‘y boqilmoqda. Ammo bular yetarli emas, deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Shu bois qorako‘l qo‘yini kooperatsiya asosida xonadonlarda boqish taklifi bildirildi. Xususan, Qorako‘l, Qorovulbozor, G‘ijduvon, Peshku, Jondor, Olot tumanlarida aholiga qo‘ylar yetkazib berilib, yaylov va quduqlar ajratiladi. Ozuqabop o‘simliklar maydonlari kengaytiriladi.

Bu kabi choralar orqali qorako‘l qo‘ylarini 6 million boshdan 7 million boshga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

Qayd etilishicha, prezident Namangan viloyatiga tashrifi chog‘ida bergan topshirig‘iga muvofiq, Turkiya va Rossiyadan zotdor echkilar olib kelinib, naslli echkichilik klasteri tashkil etilgan.

Mo‘g‘uliston tajribasi asosida ham Qoraqalpog‘iston, Buxoro, Jizzax, Namangan va Toshkent viloyatiga 5 ming boshdan naslli echki olib kelib, ko‘paytirish zarurligi aytildi. “Bu ikki yilda echkilar sonini 100 ming boshdan oshirish imkonini beradi”, — deyiladi xabarda.

Shuningdek, echkichilikda ham naslni yaxshilash, junni qayta ishlash orqali kashemir va tivit mahsulotlari yetishtirib, eksportini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Yig‘ilishda aytilishicha, aholining kundalik iste’molida go‘sht, tuxum, sut va ulardan tayyorlangan mahsulotlar katta o‘rin egallaydi, qolaversa, bu sohalarda aholini band qilish va daromadini oshirish imkoniyati ham ko‘p. Shu bois parrandachilik, qorako‘lchilik va echkichilikni rivojlantirish, oziq-ovqat inflyatsiyasini kamaytirish choralari ko‘rilmoqda.

Masalan, 2023-yilda parrandachilik tarmog‘ida 253 ta loyiha amalga oshirilib, bunday xo‘jaliklar soni 1 ming 300 taga yetgan, 4 mingta yangi ish o‘rni ochilgan. Kelgusidagi istiqbolli loyihalar uchun xalqaro tashkilot va banklardan 420 million dollar jalb qilinishi rejalashtirilgan.