25-iyun kuni Lyuksemburgda Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi bo‘yicha muzokaralar rasman boshlandi, deb xabar bermoqda Deutsche Welle. Shu kuni kechroq Moldova bilan muzokaralar boshlanadi.

“Ukraina va Moldova xalqi [Yevropa Ittifoqi]ning bir qismi bo‘lishga qat’iy sodiqlik va qat’iyatni namoyish etdi… Qo‘shilish bo‘yicha muzokaralar nomzodlarni a’zolik mas’uliyatiga tayyorlashga mo‘ljallangan… Oldindagi yo‘l oson bo‘lmaydi. Ammo u ham Moldova va Ukraina uchun, ham butun ittifoqimiz uchun ulkan imkoniyatlarga ham to‘la”, — dedi Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen.

Muzokaralarning birinchi bosqichida tomonlar mamlakatlarning rasmiy delegatsiyalari ishtirokida hukumatlararo konferensiya (HK) o‘tkazdi. Shundan so‘ng iyul oyida muzokaralarning asosiy qismiga tayyorgarlik jarayoni — skrining boshlanadi, deya ta’kidladi DW. Bu ikki tomonlama uchrashuvlar bo‘lib, unda mamlakatlar 35 ta muzokaralar bobi bo‘yicha o‘z qonunchiligini YI qonunchiligiga yaqinlashtirish darajasini taqdim etishi kerak. Jarayon odatda kamida bir yil davom etadi. Keyin tematik bloklarga guruhlangan boblarning o‘zlari bo‘yicha muzokaralar boshlanadi. Muzokaralarning maqsadi nomzod davlatning YI qonunchiligini to‘liq qabul qilishi va a’zo bo‘lgandan keyin unga mutlaq rioya etishini ta’minlashdan iborat.

“[Rossiya bilan] keng ko‘lamli urushning beshinchi kunida biz YIga birgalikda qo‘shilish uchun ariza imzolaganimizda ko‘pchilik bu tushdan boshqa narsa emasligini aytgandi. Ammo biz bu orzuni reallikka aylantirdik”, — deya izoh berdi Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy.

“Bizning kelajagimiz — Yevropa oilasida”, — deb yozdi Moldova prezidenti Mayya Sandu X (Twitter) sahifasida.

  • Ukraina va Moldova YIga a’zo bo‘lish uchun 2022-yil fevral oyi oxirida, Rossiyaning keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan so‘ng ariza topshirgan. Har ikki davlatga o‘tgan yilning iyun oyida nomzod maqomi berilgan edi.
  • 2023-yil noyabrida Yevrokomissiya YI kengashiga Ukraina va Moldova bilan ittifoqqa qo‘shilish bo‘yicha rasmiy muzokaralarni boshlashni tavsiya qilgandi.