25-iyun tungi soat 02:12 da Surxondaryo viloyati Denov tumani Bobur mahallasidagi bozorda yong‘in sodir bo‘ldi, deya xabar bermoqda viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, yong‘in “Bek” MCHJga qarashli savdo majmuasi hududidagi 4 ta asosiy va 8 ta kichik savdo do‘konlarida kelib chiqqan. Oqibatda 90 kvadrat metr maydondagi buyum hamda kiyim-kechaklar yong‘indan zararlangan.

Voqea joyiga Denov, Sho‘rchi, Oltinsoy, Sariosiyo va Qumqo‘rg‘on tumanlari FVBlarining 9 ta yong‘in-qutqaruv ekipajlari soat 02:20 da yetib borgan. Yong‘in soat 02:30 da qurshab olingan va soat 03:50 da batamom o‘chirilgan.

Majmuaning boshqa hududlariga yong‘in tarqalishining oldi olingan va 48 ta savdo do‘koni hamda 500 kvadrat metr maydoni saqlab qolingan. Yong‘in oqibatida tan jarohati olganlar yo‘q, deyiladi xabarda.

Hozirda hodisaning kelib chiqish sabablari va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.