Gaagadagi Xalqaro jinoiy sudning dastlabki ish yurituv palatasi Rossiya Bosh shtab boshlig‘i Valeriy Gerasimov va mamlakat sobiq mudofaa vaziri, hozirda Xavfsizlik kengashi kotibi lavozimida ishlayotgan Sergey Shoyguni hibsga olishga order berdi.

Ular harbiy va insoniyatga qarshi jinoyatlarda gumonlanmoqda. Hibsga olish uchun orderlarga Rossiya armiyasining Ukrainadagi fuqarolik obyektlariga bergan zarbalari asos bo‘lgan. Ayblovda gap borayotgan jinoyatlar kamida 2022-yil 10-oktabrdan 2023-yil 9-martgacha sodir etilgan, deyiladi sud rasmiy saytida.

“Ikki gumonlanuvchi kamida 2022-yil 10-oktabrdan 2023-yil 9-martgacha bo‘lgan davrda Ukrainaning elektr infratuzilmasiga raketa hujumlari uchun javobgar bo‘lgan deb ishonish uchun kuchli asoslar bor”, — deyiladi sud matbuot bayonotida. “Bu vaqt ichida Rossiya harbiy kuchlari tomonidan [Ukrainadagi] ko‘plab elektr stansiyalari va podstansiyalariga hujumlar uyushtirilgani taxmin qilinmoqda”.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yil martda Gaagadagi Xalqaro jinoyat sudi Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Rossiya bolalar ombudsmani Mariya Lvova-Belovani hibsga olishga order bergandi. Ular ukrainalik bolalarni noqonuniy deportatsiya qilish tarzidagi harbiy jinoyat sodir etganlikda gumon qilinmoqda.

2024-yil martiga kelib esa mazkur sud Rossiya Aerokosmik kuchlarining uzoq masofali aviatsiyasi qo‘mondoni Sergey Kobilash va Rossiya Qora dengiz floti qo‘mondoni Viktor Sokolovni hibsga olishga xalqaro order bergan.

Xalqaro jinoiy sud mustaqil, doimiy sud organi bo‘lib, 1998-yil 17-iyulda Italiya poytaxtida bo‘lib o‘tgan konferensiyada imzolangan Rim statutiga muvofiq tashkil etilgan. Uning vakolati Rim statuti kuchga kirgan 2002-yil 1-iyuldan keyin sodir etilgan barcha eng og‘ir xalqaro jinoyatlarga taalluqlidir. Sudning yurisdiksiyasi genotsid, insoniyatga qarshi jinoyatlar va urush jinoyatlari bilan cheklangan.

Rossiya Xalqaro jinoiy sudning a’zosi hisoblanmaydi va shuning sababli uning talablarini bajarmasligi mumkin. Shu bilan birga, Rim statutini ratifikatsiya qilgan istalgan mamlakat ularning hududida bo‘lgan har qanday XJS tomonidan qidirilayotgan odamni hibsga olishi shart.