Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) Telegram`dagi Hamster Kombat o‘yini bilan bog‘liq tez-tez beriladigan savollarga javoblarni e’lon qildi. Xususan, o‘zbekistonliklar bunday o‘yinlarning hisob birliklarini (tangalarini) qonuniy ravishda sotib olishlari yoki sotishlari mumkinmi, O‘zbekistonda Play-to-earn tamoyili bo‘yicha tashkil etilgan o‘yinlar faoliyati qonuniymi, Hamster Kombat o‘yinida to‘plangan hisob birliklari kriptoaktiv sanaladimi va boshqalar.

Hamster Kombat — Play-to-earn toifasidagi o‘yinmi?

Play-to-earn — o‘yin orqali real pul yoki boshqa qimmatli mukofotlarni olish mumkin o‘yin turi. Hamster Kombat o‘yini mazkur toifadagi o‘yinlar qatoriga kirmaydi, chunki o‘yinda to‘plangan tangalar (hisob birliklari) utilitar kriptoaktivlardan farqli o‘laroq, ta’minlanmagan va real foyda keltirmaydi.

Hamster Kombat o‘yinida to‘plangan hisob birliklari kriptoaktiv sanaladimi?

O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, kriptoaktiv — ma’lumotlarning taqsimlangan reyestri (blokcheyn)dagi raqamli yozuvlar yig‘indisi bo‘lgan, qiymati va egasiga ega mulkiy huquq.

Hamster Kombat o‘yinida to‘plangan hisob birliklari yuqoridagi ta’rifga mos kelmaydi va blokcheynga ega emas. Shunga ko‘ra, mazkur birliklar kriptoaktiv emas.

Biroq kelajakda Hamster Kombat`dagi tangalar blokcheynga o‘tishi va shu bilan kriptoaktivga aylanishi mumkinligi inkor etilmaydi.

Keyinchalik kriptoaktivni tarqatish maqsadida u kriptoplatformalarda listingdan o‘tkazilishi mumkin. Biroq bunday kriptoaktivlar aks hollarda foydali funksionallikning yo‘qligi sababli ro‘yxatga olinganidan keyin qisqa vaqt ichida qadrsizlanadi.

Hamster Kombat o‘yinida to‘plangan hisob birliklarini ular kriptoplatformalarda ro‘yxatga olinganidan keyin xarid qilish yoki sotish qonuniy bo‘ladimi?

Hamster Kombat o‘yinida to‘plangan hisob birliklari kriptoaktiv deb tan olinsa, ularni faqat kriptoaktivlar aylanmasi sohasidagi milliy xizmat ko‘rsatuvchi provayderlar orqali xarid qilish yoki sotish mumkin bo‘ladi. Bunda ular kriptobirja kotirovkalash varag‘i yoki kriptodo‘konning savdo savatiga kiritilgan bo‘lishi zarur.

Hamster Kombat o‘yinining O‘zbekistondagi faoliyati ILMA tomonidan tartibga solinadigan sohalarga kiradimi?

Hamster Kombat o‘yinining hisob birliklari blokcheynga ega bo‘lmagunicha ularning aylanmasini tartibga solish ILMA vakolatiga kirmaydi.

Tahririyatdan

“Gazeta.uz” yaqinda O‘zbekistonda bir oy ichida kamida 12 kishi kriptoaktivlar muomalasi sohasidagi qonunbuzarliklar (jarima va smartfonlarni musodara qilish yoki yo‘q qilish bilan birga hibsga olish) uchun javobgarlikka tortilgani haqida yozgandi. Ular orasida Telegram`dagi o‘yinlarda aktiv yig‘ib, ularni sotganlar ham bo‘lgan (biz ulardan biri bilan intervyu ham uyushtirdik).

Avvalroq Istiqbolli loyihalar milliy agentligi “Gazeta.uz” so‘roviga javoban O‘zbekistonda ayni vaqtda notkoin kriptoaktivi bilan qonuniy tarzda savdo qilish imkoniyati yo‘qligini ma’lum qilgandi. Agentlik litsenziyaga ega xizmat provayderlariga o‘z savdo savatlariga yangi chiqqan, ommalashayotgan kriptoaktivlarni ham qo‘shish bo‘yicha taklif bergan.