Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning O‘zbekistoda bo‘lishini nomaqbul deb topish asoslari va tartibini belgilovchi qonun loyihasini uchinchi o‘qishda qabul qildi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar berdi.

Qonun loyihasi bir guruh deputatlar tomonidan qonunchilik tashabbusi asosida ishlab chiqilgan. U “O‘zbekiston Respublikasida chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquqiy holati to‘g‘risida”gi qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutadi.

Hujjat hozirgi globallashuv sharoitida O‘zbekiston suvereniteti va hududiy yaxlitligini muhofaza qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilash zaruratidan kelib chiqishi ta’kidlangan. U bilan O‘zbekistonning davlat suverenitetiga, hududiy yaxlitligiga va xavfsizligiga zid bo‘lgan, davlatlararo, ijtimoiy, milliy, irqiy hamda diniy adovatni keltirib chiqaruvchi, O‘zbekiston xalqining sha’ni, qadr-qimmatini yoki tarixini tahqirlovchi mazmundagi ommaviy chiqishlar qilish yoxud harakatlar sodir etish shaxsni O‘zbekiston Respublikasida bo‘lishini nomaqbul deb topish uchun asos bo‘lishi belgilanmoqda.

Shuningdek, mazkur toifadagi chet el fuqarolari yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga besh yil davomida O‘zbekistonga kirish, banklarda hisobvaraq ochish, ko‘chmas mulk sotib olish, davlat mulkini xususiylashtirishda ishtirok etish, moliyaviy va shartnomaviy munosabatlarga kirishishni taqiqlash taklif etilmoqda. Qonun loyihasida mamlakatda bo‘lishi nomaqbul deb topilgan shaxslarni deportatsiya qilish asoslari va tartibi ham nazarda tutilgan.

Munozaralar davomida deputatlar tomonidan qonun loyihasining qabul qilinishi O‘zbekistonning davlat suvereniteti, hududiy yaxlitligi va xavfsizligini mustahkamlashga, davlatlararo, millatlararo, dinlararo ahillik, totuvlikni himoya qilishga hamda O‘zbekiston xalqining sha’ni, qadr-qimmati va tarixi hurmat qilinishini ta’minlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Avvalroq qonun loyihasini ishlab chiqishda Qozog‘iston, Ozarbayjon, Rossiya, Polsha, Belarus, Xitoy va boshqa mamlakatlar tajribasi hisobga olingani ma’lum qilingandi. Unga ko‘ra, O‘zbekistonda vaqtincha yoki doimiy yashovchi shaxsning nomaqbul deb topilishi uning mamlakatda qonuniy yashash va bo‘lish huquqining bekor qilinishiga hamda deportatsiyasiga olib kelishi mumkin.

Deportatsiya qilish asoslari va tartibiga ko‘ra, xususan, Tashqi ishlar vazirligidan nomaqbul deb topilgani to‘g‘risida bildirishnoma olgan shaxs 10 kun ichida O‘zbekistonni ixtiyoriy ravishda tark etishi kerak bo‘ladi. Agar bu shart bajarilmasa, shaxs deportatsiya qilinadi, ya’ni mamlakatdan majburan chiqarib yuboriladi.