Hududlarda haydovchilik guvohnomalarini olib berishini va’da qilgan shaxslar firibgarlikda gumonlanib ushlandi, deya xabar qildi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti.
Xususan, Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Navoiy viloyat boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda “A.v.” MCHJ avtomaktabi rahbari Z.M. fuqaro Sh. J.ning ishonchiga kirib, go‘yoki YHXBda ishlovchi tanishlari yordamida Sh. J. va uning turmush o‘rtog‘iga haydovchilik guvohnomalarini olib berishi evaziga 1000 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shu kabi, departamentning Farg‘ona viloyat boshqarmasi IIB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro M.M. fuqaro A.Q.ga 1300 AQSh dollari evaziga o‘quv kurslariga qatnashmasdan haydovchilik guvohnomasini olib berishini va’da qilib, oldindan 1000 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Departamentning Samarqand tuman bo‘limi va IIB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqarolar U.T. va Sh. A. fuqaro M.A.ga tanishlari yordamida 1000 AQSh dollari evaziga haydovchilik guvohnomasini olib berishlarini aytib, shundan 500 AQSh dollarini olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 25, 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.