Shavkat Mirziyoyev 25-iyun kuni mahallalar obodligini ta’minlash bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi, deb xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Ayni paytda mamlakatda 10 mingga yaqin mahalla mavjud. Ularning qariyb 3 mingtasi 821 ta boshqaruv servis kompaniyasi xizmat ko‘rsatuvchi ko‘p qavatli uylardan iborat. Hovli uylar joylashgan 6 ming 400 dan ortiq mahallada esa obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari asosan hasharlar orqali amalga oshirilmoqda.

Shu bois bunday joylarda “Mahalla servis kompaniyasi” tashkil qilish taklif etilmoqda. Unga ko‘ra, bu tashkilotlar mahallalarni obodonlashtirish bilan shug‘ullanadi, ko‘chalar va ariqlar tozaligini ta’minlaydi, ko‘chatlar ekib, parvarishlaydi. Shartnoma asosida kommunal tarmoqlarni ta’mirlash, chiqindilarni saralash va tashish xizmatlarini ham ko‘rsatadi.

Servis kompaniyasi mahalla fuqarolar yig‘ini kengashining qarori asosida salohiyatli tadbirkorlar orasidan tanlab olinadi. Obodonchilik ishlari mahallaning buyurtmasi va nazorati asosida amalga oshiriladi. Servis kompaniyalari xizmatlariga to‘lovlar qilish uchun mahalla fuqarolar yig‘inlariga har oyda 20 million so‘mdan mablag‘ ajratiladi. Shuningdek, ular aholiga 20 dan ortiq ijtimoiy pulli xizmatlar ko‘rsatishi ham mumkin bo‘ladi.

“Bu tizim natijasida mahallalarga fayz kiradi, odamlarda ozodalik va daxldorlik madaniyati kuchayadi. Mahallada yashovchi ustalar va vaqtincha ishsiz kishilarning bandligi ta’minlanadi”, — deyiladi xabarda.

Taqdimotda servis kompaniyalari avval tajriba tariqasida 208 ta mahallada tashkil etilishi belgilandi. Ushbu tajriba natijasi bo‘yicha keyinchalik barcha mahallalarda joriy qilish taklifi bildirildi.

Qayd etish joizki, ko‘p qavatli uylardan iborat mahallalarda boshqaruv servis kompaniyalarining xizmatlari umumiy mol-mulkni saqlash, undan foydalanish va uni ta’mirlash hamda ko‘p kvartirali uyga tutash yer uchastkasini obodonlashtirish uchun majburiy badallar yoki to‘lovlar hisobiga to‘lanadi. Yaqinda ushbu badallarning eng kam miqdorlari tasdiqlangandi.