Shavkat Mirziyoyev 25-iyun kuni amaliy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘lib turgan Rossiya ichki ishlar vaziri Vladimir Kolokolsevni qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Shavkat Mirziyoyev yaqinda Dog‘istonda sodir etilgan terrorchilik xuruji oqibatida halok bo‘lgan huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlarining oila a’zolariga hamdardlik va dalda so‘zlarini bildirdi.

Uchrashuvda terrorizm, ekstremizm, narkotrafik va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish, shuningdek, kiberxavfsizlik va raqamli ekspertiza sohalaridagi hamkorlikning dolzarb jihatlari muhokama qilindi.

Migratsiya sohasida hamkorlik mexanizmlarining samaradorligini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Bundan tashqari, Rossiya prezidentining yaqinda Toshkentga tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarning amaliy ijrosi masalalari ko‘rib chiqildi.