Telegram orqali notkoin yig‘ib, uni 800 ming so‘mga sotgan 24 yoshli TerDU bitiruvchisi 10 sutkaga qamalgani haqida xabar bergandik. Yigitga nisbatan qamoq jazosining tayinlanishi tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Muxbirimiz Mirolim Isajonov jazo muddatini o‘tab bo‘lganidan so‘ng Ismoiljon Normamatov bilan uchrashib, mazkur voqea, bu uning o‘qishi va hayotiga qanday ta’sir qilgani haqida so‘radi, shuningdek, bunday jazoning qanchalik asosli ekani haqidagi fikriga qiziqdi.

— Sizda kriptovalyutalar, xususan, notkoinga qiziqish qachondan boshlangan?

— Aslida kriptovalyutalar, umuman, jahon savdo bozorida onlayn savdo qilish jarayonlari meni doim qiziqtirgan. Ko‘rgan bo‘lsangiz kerak, oxirgi paytlarda O‘zbekiston miqyosida [telefon] ekrani ustiga barmoq bilan urish orqali pul topishga qiziquvchilar ko‘paydi. Menda ham taxminan 1−1,5 oy avval shunday qiziqish paydo bo‘ldi. Telefon ekraniga bosib, rostdan pul topish mumkinmi, degan savolga javob qidirish ortidan notkoin yig‘ishni boshladim. Bundan oldin boshqa kriptovalyutalar bilan ishlab ko‘rmaganman, notkoin — birinchisi.

— Kriptovalyutalar bilan bog‘liq O‘zbekiston qonunchiligidan xabardormidingiz?

— O‘zbekistonda noqonuniy kriptovalyutalar oldi-sotdisiga javobgarlik belgilangani to‘g‘risidagi qonunga ko‘zim tushgan edi. Lekin uni hali jarayonda deb o‘ylaganman, ya’ni qonun ishlab chiqilgan, ammo aniq kuchga kirgan sanasi bo‘lmagani uchun ikkilanish bo‘lgan. Notkoin birjaga chiqqanini va Telegram tarmog‘ida notkoin savdosi avj olganini ko‘rib, demak, shuncha odam bu bilan shug‘ullanayotgan ekan, men ham oldi-sotdi qilsam bo‘larkan, degan fikr tug‘ilgan.

— Notkoinni qachon, qanday qilib olgansiz? Jarayon haqida gapirib bersangiz.

— Telefon ekrani ustiga bosish orqali yig‘ilgan notkoinni Telegram koshelyokka o‘tkazib borganman, ma’lum miqdorga yetgach, 2024-yil 31-may kuni notkoin sotishga qaror qildim. Telegram`da bir odam bilan notkoin oldi-sotdisi haqida gaplashdik, u 800 ming so‘mga sotib olishini yozdi. Men 500−600 ming so‘m atrofida sotilsa kerak, degan fikrda edim. Lekin u taklif qilgan pul miqdori men o‘ylagandan ham ko‘ra ko‘proq bo‘lgani uchun ayni o‘zi bilan ishni bitira qoldim. O‘sha vaqtda birjadagi narx ko‘rsatkichlarini har kuni kuzatmasdim. Men unga bank plastik kartamning raqamini yozib yubordim, u esa menga bir ayol nomidan 800 ming so‘m o‘tkazib berdi. Shundan so‘ng o‘zimdagi 4650 miqdordagi notkoinni uning Telegram koshelyogiga o‘tkazdim. Jarayon shunday kechgan.

— Sud hukmiga ko‘ra, ustingizdan ariza tushgan va shunga asosan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilgan. Ustingizdan kim va nima maqsadda shikoyat qilgan?

— Chilonzor tumani ichki ishlar bo‘limiga ustimdan ariza tushgan. Mening bank plastik kartamga 800 ming so‘m pul aldov yo‘li — firibgarlik bilan undirilgan ekan, ya’ni men notkoin sotgan odam bir ayolga kvartira ijraga beraman, oldindan buncha to‘lov, keyin mana shuncha to‘lov qilasiz deb aytgan va ayol mening plastik kartamga oldindan pul o‘tkazgan. Bu holatdan ichki ishlar xodimi bilan suhbatlashgan paytim xabar topdim.

IIB xodimi mendan dastlab “Uy ijarasi bilan shug‘ullanasizmi?” — deb so‘radi. Men bunday faoliyat yuritmasligimni aytdim. Chunki yashash va o‘qish joyim Surxondaryoda, Toshkentdagi kvartira narxlari va boshqa narsalar haqida bilmayman. Ichki ishlar xodimi 800 ming so‘m plastik kartamga nima sababdan tushganini so‘raganida bor gapni aytdim: notkoin sotganimni ma’lum qildim. Ular O‘zbekistonda notkoin oldi-sotdisi mumkin emasligini ta’kidlab, mendan bu bo‘yicha mavjud qonunlarni bilish yo bilmasligimni so‘radi. Men esa yo‘q, deya javob berdim. Toshkentga kelganimdan keyin IIB xodimi bilan tanishdik. Menga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 155−4-moddasi (Kriptoaktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzish) bilan ayblov qo‘yildi. Sudda hech qaysi yaqinlarim qatnashgani yo‘q, sud jarayoni onlayn bo‘ldi.

— IIB xodimi sizga qo‘ng‘iroq qilganida xayolingizdan qanday fikrlar o‘tdi?

— Ichki ishlar xodimi birinchi dadam bilan bog‘langan. Otam “Nega militsiya xodimi seni so‘rayapti, nima ish qilding?” — deb xavotir oldi. Keyin ularga vaziyat haqida gapirib berdim: o‘zimdagi notkoinni sotganimni aytdim, buni havodagi pul desa ham bo‘ladi. Chunki investitsiya kiritmaganman yoki mehnat qilib topmaganman.

— Sud hukmida sizning qo‘l telefoningiz va bank plastik kartangiz tegishli tartibda yo‘q qilishi qayd etilgan. Telefoningiz sizga qanchalik qadrli edi?

— Hamma uchun o‘zi mehnat qilib topgan, xarid qilgan har qanday buyumi qadrli hisoblanadi. O‘sha telefonni o‘zim mehnat qilib olgan edim, qadrli edi. Hozir endi uni qaytarishning imkoni yo‘q baribir. Qonunchilikda operatsiya amalga oshirilgan har qanaqa texnika qurilmalari musodara qilinishi belgilab qo‘yilgan ekan.

— Kriptovalyutalarning birjadan tashqari oldi-sotdisi uchun qamoq jazosining berilishi qanchalik to‘g‘ri deb o‘ylaysiz?

— O‘zbekistonda qonunni bilmaslik jazodan qutulib qolishga sabab bo‘lmaydi. Lekin qamoq jazosi nisbatan kamroq berilishi kerak edi. Ma’muriy qamoq qo‘llanishi mumkin bo‘lmagan shaxslarga jarima bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravaridan boshlanar ekan, bu miqdor ham ancha summani tashkil etadi. Menga o‘xshab notkoinni 800 ming so‘mga sotganlar uchun 6−7 million so‘m jarima to‘lash og‘ir bo‘ladi.

— Sizga 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi berilishi tarmoqlarda keng muhokama qilindi, ko‘pchilik bu og‘ir jazo ekanini ta’kidladi. O‘zingiz bunga qanday qaraysiz?

— Menga yengillik berilishi kerak edi, deb o‘ylayman. Chunki ichki ishlar xodimiga notkoin sotganimni o‘zim ma’lum qildim, ariza yozgan ayolni men aldamagan edim. Bundan tashqari, men notkoin oldi-sotdisi jarayoni ustida qo‘lga tushmaganman hamda bu faoliyat bilan oldin ham shug‘ullanmaganman, bu birinchisi edi. Sud shularni inobatga olgan holda nisbatan yengil jazo yoki birinchi marta qilayotganim bois ogohlantirish yo kamroq sutkaga qamoq jazosi berishi adolatdan bo‘lardi, degan fikrdaman. Sud jarayonida o‘zimni tanishtirdim, oliy ta’lim muassasasida bitiruvchi talabaman. 10 sutkalik qamoq jazosi o‘qishimga ta’sir qilyapti. O‘qituvchilarimiz bitiruv malakaviy amaliyot baholari qo‘yilmasligini va yakuniy imtihonlarga kiritilmasligimni aytishmoqda. Bu esa o‘qishni bitirishim, o‘z vaqtida diplom olishimga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

— Sizningcha, qamoq jazosining chora sifatida qo‘llanishi natija beradimi?

— Internet tarmog‘ida, birjada ishlab, aqliy mehnat evaziga yaxshi daromad topishning o‘ziga yarasha qiyinchiliklari, risklari bor. Bu borada qo‘llab-quvvatlash kerak, deb o‘ylayman. Yevropada, rivojlangan mamlakatlarda kriptovalyuta sohasi, umuman, elektron hamyonlar va pullar qo‘llab-quvvatlanadi. Germaniyaga borganimda ko‘chalarda kriptodo‘konlarni ko‘rganman. U yerlarga kirib, siz o‘z pulingizni turli ilovalar yordamida oson va tezroq yaqinlaringizga jo‘natishingiz mumkin. Hozirgi kunda O‘zbekistonda ham treydingni o‘rgatadigan ko‘plab o‘quv kurslari ochilmoqda. Bu odamlarni, ayniqsa, yoshlarni qiziqtiryapti, aqliy mehnat orqali ham daromad topish mumkin, degan nazariya ommalashyapti. Lekin bu sohada qamoq jazosi, jarimalar yoki qandaydir taqiqlarning qo‘llanishi sohaning kelajakda rivojlanishiga turtki bo‘lmaydi, nazarimda.

Notkoin O‘zbekistonga ancha-muncha pul olib kirdi, deb o‘ylayman. Chunki odamlar telefon ekrani ustiga urish evaziga pul topyapti, ko‘pchilik mo‘maygina daromad qilib oldi. Boshida Telegram foydalanuvchilaridan investitsiya talab qilinmadi yoki boshqa shartlar qo‘yilmadi. Bu orqali ba’zi oilalarga ozroq bo‘lsa ham pul olib kirildi. Boshida notkoinga ishonmaganlar ham hozir telefon ekraniga urib, pul topyapti, buning tarafdorlari ko‘paymoqda.

— Sizdan notkoin sotib olib, Telegram orqali muloqot qilgan odam bilan keyin qayta bog‘lanib ko‘rmadingizmi?

— Ichki ishlar xodimi agar o‘sha odamni topishda yordam bersam, menga yengillik bo‘lishini aytdi. U odamga Telegram`dan yana notkoin borligi va uni sotmoqchiligimni, agar oladigan bo‘lsa, bog‘lanish uchun telefon raqamimni ham yozdim, u yozganlarimni o‘qidi va birdaniga bloklab qo‘ydi. Telegram akkauntini va yozganlarimni, uni bloklaganini skrinshot qilib, IIB xodimiga jo‘natdim.

notcoin, kriptovalyuta

— Atrofdagilar va yaqinlaringizning sizga nisbatan munosabati qanday bo‘lyapti?

— Qamoq jazosini o‘taganim haqida ayrimlar eshitgan, ba’zilar bexabar bo‘lgan. Lekin [jamiyatimizda] qamoqqa olingan shaxsga nisbatan fikrlar o‘zgarishi aniq. 10 sutkaga qamalganim tarmoqlarda shov-shuv keltirib chiqargani uchun “Bu yigitga baxt qushi qo‘ndi”, deya talqin qilganlar ham bo‘ldi. Telegram asoschisi Pavel Durovning men bilan uchrashgani O‘zbekistonga kelishi haqida ham mish-mishlar tarqalibdi. Mendagi holat shov-shuv bo‘lmaganida buni ko‘pchilik to‘g‘ri qabul qilmas edi. Ammo tarmoqlardagi izohlarni o‘qib chiqsam, 10 sutkalik qamoq jazosining berilishiga odamlar turlicha: “Bu bolaning kelajagi kuydi”, “Endi davlat ishiga kira olmaydi”, “Bunga hech kim qizini bermaydi” kabi fikrlar bildirilibdi. Bunday izohlar menga qattiq ta’sir qilgani yo‘q. Negativ fikrlardan tashqari, pozitiv, kayfiyatimni ko‘taradigan gaplar ham yozilgan, ularni o‘qib, xursand bo‘ldim.

— Notkoin jamoasi sizga yangi iPhone sovg‘a qilmoqchi ekanini ma’lum qildi. Siz o‘zingiz bu haqda qachon bildingiz? Shundan so‘ng notkoin jamoasidan kimdir sizga aloqaga chiqdimi?

— 10 kunlik qamoq jazosini o‘tab chiqqanimdan keyin bu haqdagi xabarlarga ko‘zim tushdi. Ammo internet foydalanuvchilarining izohlari dilimni xira qildi. “10 sutkalik qamoq uchun bitta iPhone berilishi zo‘r”, “Agar iPhone berishsa, men ham o‘tirib berardim qamoqda”, “Bu — mening qarindoshim”, “10 sutkaga qamalgan bola men bo‘laman” kabi izohlarni o‘qib, xafa bo‘ldim. O‘z ozodligini bitta telefon uchun almashtirish — ahmoqlik. Ushbu masalada notkoin jamiyatidan hech kim hali menga aloqaga chiqqani yo‘q.

— Kelgusida shu kabi kriptoaktivlar muomalasini davom ettirasizmi?

— Menga birinchi martaga ma’muriy jazo qo‘llandi. Agar shunday holat bir yil ichida yana takrorlansa, bu jinoiy javobgarlikka sabab bo‘larkan, bunda jazo og‘irroq beriladi. O‘zim shu sohaga, ya’ni treyding, birjalarda savdo qilishga qiziqaman, buni o‘rganib ham ko‘rdim. Ammo oldi-sotdi jarayoniga hali qaytmoqchi emasman.

— Intervyu yakunida aytar so‘zlaringiz…

— Notkion sotishda o‘zimning ham aybim bor. Bozorni yaxshi o‘rganmaganman, internetdagi oldi-sotdi jarayonlari qanday kechishini oldindan tahlil qilmagan edim. [Tengdoshlarimga] biror soha bilan shug‘ullanishdan oldin o‘sha tizimning yaxshi mutaxassisi bo‘lishini, o‘qib, izlanishini hamda sohaning huquqiy jihatlarini ham o‘rganishini maslahat beraman. Sohada qanday cheklovlar mavjudligi yoki qanday jazolar belgilanganidan ham xabardor bo‘lish zarur.

O‘zbekistonda 19-apreldan kriptoaktivlarning noqonuniy aylanmasi va kriptoaktivlarni qonunga xilof ravishda olish uchun javobgarlik joriy etilgan. Birinchi marta ma’muriy choralar ko‘riladi — 15 kungacha qamoqqa olishdan tortib BHMning 100 baravari miqdorida jarima. Xuddi shu xarakterdagi xatti-harakatlarni takroran sodir etish 5 yilgacha qamoq jazosiga olib kelishi mumkin. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 155−4-moddasini buzish bo‘yicha birinchi sud qarori 14-may kuni qabul qilingan. Bir oy davomida kamida 12 ta shunday hukm chiqarilgan ma’lum bo‘ldi.

Video