Davlat aktivlarini boshqarish agentligi “Poytaxt bank” ustav kapitalidagi 100 foiz aksiyalar paketini Birlashgan Arab Amirliklarining Bond Investments limited LLC kompaniyasiga 10 mln dollarga sotish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.

Kelishuvda to‘lov biryo‘la amalga oshirilishi sharti mavjud.

“Poytaxt bank”ning tashkil etilishi

2017-yil O‘zbekiston Markaziy banki Toshkentda “Poytaxt bank” tashkil etilishini ma’lum qilgandi. Mazkur bank arzon ko‘p kvartirali uylarni loyihalashtirish va qurishga buyurtma berish hamda ipoteka kreditlarini ajratish bilan shug‘ullanish uchun ochilgan. 2018-yil 29-dekabr kuni Markaziy bank unga bank operatsiyalarini amalga oshirish uchun litsenziya bergan.

Dastlab bank ustav kapitali uchun boshlang‘ich ulush sifatida poytaxtning mahalliy budjeti hisobidan 3 mlrd so‘m yo‘naltirish, shuningdek, yuridik va jismoniy shaxslar, jumladan, xorijiy investorlarni jalb etishni hisobga olgan holda 10 mln yevrodan kam bo‘lmagan ekvivalentda shakllantirish belgilangandi. Lekin keyinchalik bankning ustav kapitali 100 foiz poytaxt hokimiyati hisobidan shakllantirilib, 100 mlrd so‘m (o‘sha paytdagi Markaziy bank kursi bo‘yicha qariyb 12 mln dollar)ni tashkil etgan (bank ustav kapitaliga qo‘yiladigan o‘sha vaqtdagi minimal talab miqdori).

Bankni xususiylashtirish harakatining boshlanishi

2021-yil may oyida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi “Poytaxt bank” ustav kapitalidagi 100 foiz ulushni maksimal qiymatda, shu bilan birga, kelgusida bankning moliyaviy holati barqarorligini oshirish va rivojlantirish shartlari bilan ommaviy savdolar orqali sotish rejasi haqida e’lon qildi. Bitim doirasida Deloitte kompaniyasi konsultant sifatida tanlab olindi.

Keyinroq Rossiyaning “Ekspobank”i “Poytaxt bank”ni xususiylashtirishni rejalashtirilayotgani xabar qilingandi. 30-sentabrga kelib Davaktiv “Poytaxt bank”ni xususiylashtirish yuzasidan “Ekspobank” bilan kelishuv memorandumini imzoladi.

2023-yilga kelib, Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov banki sotish bo‘yicha “ayrim strategik investorlar” bilan muzokaralar olib borilayotganini ma’lum qildi. 2023-yilning 1-sentabridan boshlab O‘zbekistonda banklarning ustav kapitali kamida 200 mlrd so‘m bo‘lishi kerakligi belgilangan bo‘lishiga qaramay, 1-oktabr holatiga ko‘ra “Poytaxt bank” ustav kapitali minimal talablarga javob bermay kelayotgandi.

“Biz uni ertaga sotib yuboradigan bo‘lsak, shahar hokimligi u yerga 100 mlrd dan kamroq mablag‘ kiritishidan nima ma’no? Shu pozitsiyadan kelib chiqib, biz bu bankka nisbatan mazkur talabni kiritmadik”, — deya tushuntirgandi o‘shanda bankka nisbatan chora ko‘rilmayotganining sababini Nurmuratov.

2023-yilning dekabr oyida Rossiyaning “Ekspobank”i AQSh sanksiyalariga uchradi. Davaktivning qayd etishicha, xalqaro munosabatlarda yuzaga kelgan vaziyat sababli “Ekspobank” “Poytaxt bank” bo‘yicha amaldagi kelishuv shartlarini bajara olmasligi inobatga olinib, u bekor qilingan.

Shundan so‘ng Davaktiv va xususiylashtirish jarayoniga jalb etilgan xalqaro professional konsultant “Deloitte” tomonidan strategik investorlardan takliflarni qabul qilish ishlari davom ettirildi.

“Jarayon davomida Bond Investments limited LLC kompaniyasi tomonidan taqdim etilgan taklif avvalgi talabgorlarning bildirgan sotib olish qiymatidan hamda mustaqil baholovchi (KPMG xalqaro kompaniyasi) tomonidan baholangan qiymatdan yuqori bo‘lgan tijorat taklifi hisoblanadi”, — deya ta’kidlagan Davaktiv.

Konsultant tomonidan Bond Investments limited LLC kompaniyasi hamda unga tegishli shaxslaridan hech biri Yevropa Ittifoqi, AQSh, shuningdek, yirik xalqaro moliya institutlarining ochiq sanksiyalari ro‘yxatiga kiritilmagani o‘rganilgan.

“Investor Birlashgan Arab Amirliklarining yuqori sur’atlarda rivojlanayotgan investitsiya kompaniyalaridan biri bo‘lib, Das Holding LLC kompaniyasi guruhi tarkibida faoliyat yuritadi. Xolding guruhi Yaqin Sharq va butun dunyodagi diversifikatsiyalangan biznes sohalarida faoliyat yurituvchi kompaniyalardan iborat. Ta’kidlash lozimki, xolding guruhi BAAda islomiy va raqamli bankni o‘z ichiga olgan muvaffaqiyatli banklarni tashkil etish va ularning faoliyatini yuritish tajribasiga ega. Ushbu tajriba O‘zbekiston bank sektorida tatbiq etishga xizmat qiladi”, — deyiladi xabarda.

Investor tomonidan ushbu bank negizida eng zamonaviy mobil va raqamli moliyaviy texnologiyalarni joriy qilgan bank infratuzilmasini yaratish rejalashtirilgan. Bitimni huquqiy jihatdan to‘liq yakunlash uchun investor O‘zbekiston Markaziy bankining “Poytaxt bank” aksiyalarini sotib olishga doir dastlabki ruxsatnomasini olishi talab etiladi.