Enter Engineering qurilish kompaniyasi va Saneg neft-gaz shirkati — O‘zbekistondagi eng yirik soliq to‘lovchilardan. Ularning korxonalarida minglab ishchilar, xususan, xorijiy davlatlarning fuqarolari ham ishlaydi. Shu bilan birga internetda ushbu korxonalarning xodimlari o‘z ish haqlari berilishini talab qilayotgani aks etgan foto va videolar vaqti-vaqti bilan tarqalib turadi. Ishchilar ish haqlari juda kechikayotgani haqida “Gazeta.uz"ga ham muntazam xabar beradi.

Mazkur muammo haqidagi ovozalar, xodimlarning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistondan tashqariga ham yoyilib ketgan, maoshlar kechikishiga bag‘ishlab hatto maxsus Telegram-kanal ham ochilgan — unda shu mavzuga doir dolzarb memlar berib boriladi.

Xodimlar qanday qilib maoshlari to‘lanishiga erishmoqda? Rahbariyat xodimlarning noroziliklariga qanday qarayapti? Nima uchun odamlar bu korxonalarga ishga kiryapti va ishdan bo‘shab ketmayapti? “Gazeta.uz” Enter Engineering i Saneg xodimlari (jami 10 ga yaqin kishi) bilan gaplashdi. Ular, o‘zlari uchun salbiy oqibatlarning oldini olish niyatida, ismini oshkor etmaslik sharti bilan savollarga javob berdi.

“Iyunda fevralning maoshi berilishini kutyapmiz”

May oyi oxirida uchta korxona xodimlari maoshlari kechikayotganini ma’lum qildi. Bunda gap quyidagi korxonalar haqida bormoqda:

  • Enter Engineering kompaniyasi;

  • Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi (Saneg'ga tegishli);

  • UzLiti Engineering injiniring kompaniyasi (Enter Engineering).

Ushbu korxonalarning xodimlari quyidagi obyektlardagi ishchilarning maoshlari ham kechikayotganini bildirdi:

  • Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tarkibidagi 3-Misni boyitish fabrikasi (MBF) qurilishi. obyekt Enter Engineering va Rossiyaning “Uralmashzavod"i tomonidan qurilmoqda;

  • “Mustaqillikning 25 yilligi” yoki M-25 nomli Boysun gazni qayta ishlash zavodi (Enter Engineering);

  • Buxoro viloyatidagi MTO gaz-kimyo majmuasi (Saneg'ga tegishli, Enter Engineering esa ta’minot, muhandislik va qurilish ishlari bo‘yicha pudratchi).

3-MBFda maoshlar kechikayotgani haqida aprel oyida OAVda berilgan xabarlarning natijasi, xodimlarning so‘zlariga ko‘ra, “yaxshi bo‘ldi, ammo endi, may oxirida, biz fevralning maoshini kutyapmiz”. Manbaning ma’lum qilishicha, maoshsiz qolgan odamlar qarzga botmoqda, ma’muriyat esa ish haqi aynan qachon tarqatilishini aytmayapti.

“Har hafta „ana o‘tkazamiz, mana o‘tkazamiz“, deyishadi. Yaqinda yeyishga ham hech vaqo qolmaydi, lekin bu hech kimni tashvishga solayotgani yo‘q; chet ellik ishchilar yashash joylarining ijarasini uzaytirish uchun qarzga olishga majbur bo‘lyapti”, — dedi manba.

“Ko‘p ishchilar o‘zi bilan birga oilasini ham olib kelgan, ammo oxir-oqibat ularni boqolmayapti, chunki uyga to‘lash kerak, oddiy yegulikni ham sotib olish kerak, bolalar bog‘chasi, maktabi va boshqalar haqida gapirmay qo‘ya qolay. Ko‘pchilik bu yerga pul ishlab olay deb kelgan, ammo yanada katta kredit va qarzga botib qaytib ketyapti”, — dedi UzLiti Engineering xodimi.

Manbalardan birining so‘zlariga ko‘ra, may oyi boshida o‘zbekistonlik ishchilar yanvar, fevral va mart oylari uchun belgilangan maoshlarining faqat bir qismini olgan, xolos. “Faqat yanvar oyi uchun maoshning naqd pul ko‘rinishidagi asosiy qismi berildi”, — deydi u.

Ofisda ishlaydigan chet elliklarga aprel boshida faqat yanvar maoshi berilgan. “Shundan beri yangilik yo‘q, — deydi manba. — Qurilish maydonlaridagi chet elliklarga esa may oyida fevral-mart maoshlari tarqatilgan”.

Eslatib o‘tamiz, Enter Engineering kompaniyasi aprel oyidagi bayonotida qurilish obyektlarida ish haqini to‘lash tartibini tushuntirgan edi. Unga ko‘ra, “avvaliga qurilish obyektlarida oldingi oyda bajarilgan ishlar hajmi buyurtmachi oldida himoyalanishi kerak. Aynan himoya qilingan hajmlar ish haqini baholash uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. So‘ngra soliqlarni hisoblash va hisobotlarni topshirish, shuningdek, xodimlarga to‘liq maosh berish jarayonlari sodir bo‘ladi. Bularning hammasi vaqtni talab qiladi”.

“Rahbariyatga murojaat qilishdan ma’no yo‘q”

UzLiti Engineering’da mehnat qiluvchi chet ellikning qayd etishicha, aprel oyi o‘rtalarida xorijliklar 2023-yilning dekabr va 2024-yilning yanvar oylari uchun maoshini olgan. May oyi oxirida uch oylik maosh kechikayotgan edi.

“Kadrlar bo‘limiga, buxgalteriyaga, rahbariyatga, direktorga yozish va murojaat qilishdan ma’no yo‘q. Biror murojaat qilishing bilan, darrov kelib, “xodimni tinchlantirish” kerakligini aytishadi. Albatta, biror og‘ir chora ko‘rilmaydi, lekin norozilikka javob shu — “tinchlantirish”, — deydi kompaniya xodimi.

Qizig‘i, “Gazeta.uz” bilan muloqot qilgan manbalarning barchasi ishga kirish vaqtidayoq maoshlar kechikishidan xabardor bo‘lgan. Bu narsa, xodimlarning ta’kidlashicha, ishga kirish oldidan bo‘ladigan suhbatda ham yashirib o‘tirilmaydi.

“Maoshlar kechikib turadi, deyishgan. Ko‘pi bilan ikki oygacha, lekin mana shu ikki oy oxirida birdaniga ikki oy uchun ish haqi to‘lanadi, deyishgandi”, — deydi UzLiti Engineering ishchisi.

Boshqa manbalarning qayd etishicha, ishga kirish oldidan kadrlar bo‘limida bo‘lgan suhbat vaqtida xodimga kamida uch oylik “moliyaviy yostiqcha” hozirlab qo‘yish tavsiya etilgan.

“Ishga kirish vaqtida menga dastlabki davrda ish haqi kechikishini darhol aytishgandi. „Ha, mayli“, deb o‘ylagandim men. Keyin bilsam, mendan avval ishga kirganlar dastlabki uch oylik sinov davrida mutlaqo tekinga ishlagan ekan”, — deydi UzLiti Engineering’da bir yarim yildan beri ishlaydigan boshqa bir xodim.

Uning qo‘shimcha qilishicha, “haddan tashqari kechikishlar” o‘tgan yili boshlangan. Hozir uch oygacha cho‘zilyapti, ammo eng og‘ir mehnat sharoiti Eron fuqarolarida, deydi manba. Iyunda ularga hali yanvar maoshi to‘lanishi kerak edi. Tahririyat nomlari zikr etilgan kompaniyalarda ishlayotgan ushbu mamlakat fuqarolari bilan bog‘lana olmadi.

“Ish haqini to‘lash bo‘yicha aniq muddat yo‘q. Avvaliga may oxirida uch oy uchun birdaniga to‘lanadi, deyishdi, keyin 5-iyunga surildi, endi 15-iyun deyishyapti. O‘zimning achchiq tajribamdan kelib chiqib aytadigan bo‘lsam, bu gaplarning hammasi bekor. Ular O‘zbekistorn fuqarolariga ish haqini qanday to‘lashayotgani haqida-ku gapirmasa ham bo‘ladi”, — dedi suhbatdosh (u bilan iyun oyi boshida gaplashilgandi).

“Gazeta.uz” O‘zbekiston fuqarolarining mehnat sharoitlari haqida Saneg bilan bir manzilda ro‘yxatdan o‘tkazilgan va qora metallurgiya sohasida faoliyat olib boruvchi Triangul Metals Tebinbulak kon-metallurgiya kompaniyasining sobiq ishchisi bilan suhbatlashdi. O‘zbekiston fuqarosi hisoblangan va Mehnat kodeksiga muvofiq ishga olingan manbaning ma’lum qilishicha, “yuridik jihatdan bu kompaniya Enter Engineering ham, Saneg ham emas” — “Eriell va Enter bizning o‘rnimizga burg‘ilash va qurilish bo‘yicha pudrat ishlarini bajarishgan edi”.

Manbaning ma’lum qilishicha, maosh eng uzoq yarim yilga kechikkan. Uning so‘zlariga ko‘ra, butun mehnat davrida uning rasmiy maoshi miqdori bir necha bor o‘zgargan, ammo uning miqdori u olgan haqiqiy maoshidan doim farq qilgan.

“Shuni inobatga olish kerakki, Eriell’ning butun tuzilmasida (Enter Engineering, Eriell, Saneg va boshqa kompaniyalarning benefitsiar egasi Baxtiyor Fozilov hisoblanadi — tahr.) ish haqini to‘lash turlicha. Enter Engineering o‘zicha maosh oladi, Eriell’da ham boshqacha, Saneg’da-ku mutlaqo boshqacha. Masalan, ko‘plab neft kompaniyalari uchun loyiha instituti sifatida xizmat ko‘rsatuvchi va yaxshigina pul topuvchi Geo Research and Development Company'ga (neft-gaz sanoatida servis xizmatini ko‘rsatuvchi kompaniyaning ilmiy-texnologik markazi; asosiy ta’sischisi — Saneg — tahr.) o‘xshash kompaniyalarda ish haqi kechikishi degan narsa umuman yo‘q”, — deydi Triangul Metals Tebinbulak’ning sobiq ishchisi.

Uning qo‘shimcha qilishicha qilishicha, “Tebinbuloq” korxonasida maosh “standart tartibda” uch oyga kechikardi.

“Ya'ni, uch oy tekinga ishlardik. Keyin har oy pul ola boshlardik. So‘ng yana nimadir bo‘lardi-da, yana uch oyga kechikardi. Men yil boshida ishdan ketganman, ammo menga hali ham pul to‘lashyapti. Hozir ham ikki oylik maoshim bo‘yicha ular mendan qarzdor”, — dedi manba.

“Gazeta.uz"ning Saneg’dagi boshqa bir suhbatdoshining aytishicha, eng qisqa muddatli kechikish qurilish maydonlarida ishlovchi xodimlarda bo‘ladi, chunki bunday xodimlarning soni ko‘p. Bundan tashqari, quruvchilar yuqori texnik va ma’muriy personaldan farqli o‘laroq, vaqti-vaqti bilan namoyishlar ham uyushtirib turadi. Bunday voqealar haqida OAV ham bir necha bor xabar bergan.

“Gazeta.uz"ning barcha manbalari ko‘plab korxonalarning qurilish maydonlarida Hindiston, Bangladesh va Pokistondan kelgan ishchilar ishlashini ma’lum qildi. “Enter Engineering’da hindlar juda ko‘p, deb eshitgandim. Yaqinda Olmaliqdagi 3-MBFda baxtsiz hodisa ham bo‘ldi, bir necha hindistonlik halok bo‘ldi”, — dedi manbalardan biri.

O‘zbekistonning o‘zida ishsizlik darajasi yuqori bo‘lgan va katta miqdordagi mehnat muhojirlari xorijda ishlayotgan bir vaqtda ushbu kompaniyalar nima uchun chet eldan ishchilar jalb qilishni manfaatli deb bilishi borasida manbalar biror fikr bildira olmadi. Tahririyat bu kompaniyalarda ishlayotgan Hindiston, Bangladesh va Pokiston fuqarolari bilan bog‘lana olmadi.

Kompaniyalarda chet elliklarga ish haqi qanday to‘lanadi?

Enter Engineering va UzLiti Engineering’da ishlayotgan chet el fuqarolari mazkur korxonalar bilan O‘zbekiston qonunchiligiga muvofiq mehnat shartnomasi imzolamaganliklarini ma’lum qildi. Manbalarning ta’kidlashicha, ular O‘zbekistonda xuddi xizmat safariga kelgandek ishlaydi, chunki ular bilan Enter Engineering’ning Singapur yoki Dubaydagi filiallari shartnoma imzolagan. Ish haqi “O‘zbekistonniki bo‘lmagan istalgan bank"ning bank kartalariga o‘tkaziladi. Masalan, ko‘pchilik bank kartasini qo‘shni Qozog‘istonda ochtirgan.

“Eronliklar negadir karta ochmaydi. Bu, ehtimol, sanksiyalar bilan bog‘liqdir. Ularga ish haqi faqat naqd pul ko‘rinishida beriladi”, — dedi manba.

“Ish haqini O‘zbekistonning kartasiga o‘tkazish mumkin emas. U holda patent rasmiylashtirish va boshqa rasmiyatchiliklarni bajarish kerak bo‘ladi. Rasman men O‘zbekistonda xizmat safarida yoki biznes-tashrifdaman, vaholanki, bu yerda ishlayotganimga ikki yildan oshdi. Bir tanishim 11 yildan beri “Enter"da ishlaydi. Butun shu davrda u Dubay orqali ishga rasmiylashtirilgan”, — dedi Enter Engineering xodimlaridan biri.

Shunday qilib, ushbu kompaniyalarda ishlayotgan chet el fuqarolarida maoshlar kechikishi yuzasidan biror bir tashkilotga murojaat qilish imkoni amalda yo‘q.

“Amalda mening maoshimni Dubay kechiktiryapti. Katta ehtimol bilan, bu holatda O‘zbekiston qonunchiligi buzilayotgani yo‘q. Ammo bu xizmat ko‘rsatish bo‘yicha shartnoma bo‘lgani bois, BAAdagilarga murojaat qilishdan ham naf yo‘q”, — dedi xodim.

Mutaxassislar nega maoshni kechikib to‘lovchi kompaniyaga ishga kiradi va nega u yerdan bo‘shab ketmaydi?

Tahririyatning barcha suhbatdoshlari Enter Engineering va Saneg korxonalariga ish haqi kechikib to‘lanishini oldindan bilgan holda ishga kirganini ma’lum qildi. Ularni bozordagidan baland bo‘lgan katta maosh taklif o‘ziga jalb qilgan. Bundan tashqari, ayrim chet elliklarga turar joy ijarasi to‘liq yoki qisman qoplab beriladi. Ayni vaqtda, Triangul Metals Tebinbulak sobiq xodimining qayd etishicha, mamlakatda allaqachon maosh masalasida raqobatlasha oladigan boshqa kompaniyalar paydo bo‘lgan.

“Maosh kechikishi haqida bilgandik, ammo maoshning bir-ikki oyga kechikishiga chidasa bo‘lar, ammo to‘rt oylik kechikish — bu dahshat. Shartnomada ish haqi kelasi oyning 25-sanasiga qadar o‘tkazilishi kerakligi ko‘rsatilgan, amalda esa fevral maoshini kutib yashayapmiz”, — deydi xodimlardan biri.

Boshqa bir xodimning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi vaqtlarda ko‘plab mutaxassislarni hech narsa ushlab turgani yo‘q. “Odamlar yangi ish izlayapti, shu bois hozir aql bovar qilmas darajada ko‘plab xodimlar kompaniyani tark etyapti. Har hafta guruh-guruh bo‘lib ishdan bo‘shashyapti, yangilar esa kelmayapti, chunki hamma maosh kechikishi muammosidan boxabar”.

Tahririyat manbalaridan biri esa kompaniyada uni “juda katta tajriba to‘plash ishtiyoqi” ushlab turganini ma’lum qildi:

“Bu yerda loyihalash bosqichida deyarli har narsadan tejab qolishga urinishlari sharofati bilan boshqa biror joyda uchratish mumkin bo‘lmagan murakkab loyihalar paydo bo‘ladi. Shu bois muntazam ravishda nostandart qarorlar qabul qilish, darsligu qo‘llanmalar chegarasidan tashqariga chiqishga to‘g‘ri keladi”.

Xodimlarning bir qismini ish haqi miqdori, boshqasini tajriba jalb qilsa, ko‘pchilik chet elliklarni mehnat shartnomasidagi ijrochining tashabbusi bilan shartnoma bekor qilingan taqdirda bir oylik ish haqi miqdorida jarima to‘lashga doir band to‘xtatib turadi.

Chet el fuqarolari bilan shartnoma bir yilga imzolangani bois, ko‘pchilik shartnoma yakunlangach ishdan bo‘shashga harakat qiladi, deydi manbalardan biri.

“Qanday qilib MDHning barcha mamlakatlaridan, Turkiya, Eron, Hindistondan shuncha ishchini yig‘ib olib, ularning ishlab, oqlab bo‘lgan oddiy ish haqini bermaslik mumkinligiga rostdan ham tushunmayman, — dedi UzLiti Engineering’ning bir xodimi. — Shovqin ko‘tarishni boshlasang, har doim bir xil javob: „Yoqmasa, bo‘sha“. Bo‘shasang ham butun ish haqingni berishlariga kafolat yo‘q. Ishdan bo‘shash vaqtida ham to‘liq hisob-kitob qilish degan narsa yo‘q, ya’ni ishdan bo‘shab ham hamma qatori allaqachon ishlab bo‘lgan ish haqingni kutishga majbursan… Jarima haqidagi band sabab esa seni hatto mehnat bandisi deyish ham mumkin: na yo‘qotishlarsiz ishdan bo‘shay olasan, na ish haqingni ola bilasan”.

Boshqa bir manbaning aytishicha, jarima deyarli qo‘llanilmaydi. “Lekin, nazarimda, agar munosabatlarni buzib xayrlashadigan bo‘lsang, bu jarimani qo‘llashlari ham mumkin”. Ayni vaqtda, shartnomalarda uni bekor qilganlik uchun xodimga tovon puli to‘lash haqidagi band yo‘q.

O‘zbekiston neft-gaz sohasida ishlagan sobiq xodimning “Gazeta.uz"ga aytishicha, ish haqining kechikishi bu soha uchun umuman olganda xos holat, chunki unda “tayyor pul” har doim kam bo‘lgan. Ammo, ko‘plab mamlakatlarda neft-gaz sohasida ishlagan boshqa bir manbaning qayd etishicha, u Enter Engineering va Saneg’ga qadar hech bir joyda maosh kechikishi holatiga duch kelmagan.

Saneg va Eriell’ning ma’muriy xodimlari qatoriga kiruvchi bir necha manbaning ma’lum qilishicha, buyurtmachilarning ushbu kompaniyalar bilan yillar davomida to‘liq hisob-kitob qilmagani uchun ham ish haqi (xususan, Enter Engineering’da ham) kechikadi. Ushbu ma’lumotni rasman tasdiqlash imkoni bo‘lmadi.

“Gazeta.uz"ning Eriell kompaniyalar guruhiga qilgan murojaatiga munosabat

“Gazeta.uz” 5-iyun kuni Eriell Group matbuot xizmatiga, shuningdek, Bandlik va kambag‘allikni qisqartirish vazirligiga rasmiy so‘rov bilan murojaat qildi. Hozirgi vaqtda tahririyat kompaniya va davlat organidan izoh olganicha yo‘q.

Murojaatdan so‘ng “Gazeta.uz” manbalari kadrlar bo‘limi tomonidan maosh kechikishi haqida hech kim bilan, xususan, hamkasblar bilan ham gaplashmaslik tavsiya qilinganini ma’lum qildi. “Buning uchun ishdan haydasharkan”, — dedi suhbatdoshlardan biri.

Murojaatdan so‘ng korxonalarning birida rahbariyat ishtirokida chet ellik ishchilar bilan yig‘ilish o‘tkazilgani tahririyatga ma’lum. Ishchilar jamoaning bir qismi ishni to‘xtatish niyatida ekanini rahbariyatga bildirgan. Ammo Ukraina va Rossiyadan kelgan xodimlar bu qarorni qo‘llab-quvvatlamagan. Rahbariyat ishni kelgusi rejalashtirish va resurslarni qayta taqsimlash uchun ishni to‘xtatgan xodimlar ro‘yxatini taqdim etishni so‘ragan.

Rahbariyat, shuningdek, ish haqini to‘lash uchun pul borligi, ammo ularni Enter Engineering dastlab Singapur va Dubay kompaniyalari hisob-raqamiga o‘tkazishi kerakligini ma’lum qilgan. Shundan so‘ng Enter Engineering’ning xorijdagi vakolatxonalariga rasmiylashtirilgan, ammo O‘zbekistonda ishlayotgan xodimlariga maosh to‘lanadi. Yanvar va fevral uchun maoshni 15-iyungacha, mart va aprelnikini iyun oxirigacha, mayniki esa iyul oxirida to‘lashga va’da berishgan.

Rahbariyatning bildirishicha, shartnomadagi jarima haqidagi band yaqinda, kompaniyani vijdonsiz ishchilardan himoya qilish maqsadida qo‘shilgan. Rahbariyat ushbu bandni olib tashlash uchun huquqshunoslar bilan maslahatlashishga va’da bergan.

Eriell vakili 14-iyun kuni “Gazeta.uz” muxbiri bilan bo‘lgan norasmiy suhbatda kompaniya maosh bo‘yicha qarzlarni yopishni boshlaganini ma’lum qildi.

17-iyun kuni tahririyatning UzLiti Engineering’da ishlovchi manbalaridan biri 13-iyun kuni eronlik xodimlarning, 14-iyun kuni o‘zbekistonliklarning fevral oyi uchun maoshi o‘tkazib berilganini bildirdi.

“Endi mart oyining ish haqini kutyapmiz”, — dedi kompaniya xodimi.

O‘zbekiston Mehnat kodeksiga muvofiq, xodimlarga ish haqi to‘lash muddatlari har yarim oyda bir martadan kam bo‘lishi mumkin emas. Xodimga tegishli bo‘lgan ish haqining o‘z vaqtida to‘lanishi va miqdori boshqa to‘lovlarni amalga oshirishga hamda ularning navbatiga bog‘liq qilib qo‘yilmasligi kerak.

Bundan tashqari, ish beruvchi o‘z moliyaviy ahvolidan qat’i nazar, qonunchilikda va mehnat shartnomasida belgilangan mehnatga haq to‘lash shartlariga muvofiq xodimlar tomonidan bajarilgan ish uchun haq to‘lashi lozim.