Prokuratura organlari va Madaniy meros agentligi tomonidan Qashqadaryo, Jizzax, Sirdaryo, Navoiy va Toshkent viloyatlarida tarixiy yodgorliklar qisman buzilib, hojatxona, hammom va issiqxona qurilgani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura xabar qildi.
Hududlarda o‘tkazilgan tekshirishlarda qonun buzilishi holatlari aniqlanib, bir qator arxeologiya yodgorliklarini yo‘qotilishi oldi olingan.
Xususan:
- Qashqadaryoda “Kofirtepa-2” (VII — XIII asrga oid) yodgorligining 2,4 m³, “Beshteraktepa”ning (IX — XII) 6 m³ hamda “Xontepa”ning (XI — XIII) 189 m³ qismi uy-joy;
- Jizzaxda “Tomoshotepa-2” (IV — V) yodgorligining 14 m³ qismi hojatxona hamda “Qoratepa”ning (V — VI) 30 m³ qismi issiqxona;
- Sirdaryoda “Hashartepa” (IX — XII) yodgorligining 6,4 m³ qismi hojatxona va hammom;
- Navoiyda “G‘azg‘ontepa” yodgorligining 16 m³ qismi mobil kompaniya antennasi, “Nonvoylartepa-2”ning 5,3 m³, “Kaltepa”ning (V — VIII) 23 m³ hamda “Yasiltepa”ning (III — XI) 20 m³ qismi xo‘jalik inshootlari;
- Toshkent viloyatida “Nomsiztepa-1” yodgorligining 15 m³ qismi hojatxona, “Nomsiztepa-2”ning 1,92 m³ qismi issiqxona qurish uchun qisman buzilgan.
Yuqoridagi jami 12 ta yodgorlikka 8,3 mlrd so‘mlik zarar yetkazilgani aniqlanib, jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi va dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.