WikiLeaks asoschisi Julian Assanj 2019-yildan buyon saqlanayotgan Britaniyaning Belmarsh qamoqxonasidan ozod etildi. Bu haqda tashkilotning o‘zi xabar berdi.

“Julian Assanj ozodlikda. 24-iyun kuni ertalab u 1901 kun o‘tkazgan qattiq rejimli Belmarsh qamoqxonasini tark etdi. London Oliy sudi uni garov evaziga ozod qildi… U samolyotga o‘tirib, Buyuk Britaniyani tark etdi”, — deyiladi xabarda.

WikiLeaks ma’lumotlariga ko‘ra, Assanj AQSh Adliya vazirligi bilan kelishuvga erishgan, biroq u hali rasman yakunlanmagan. The Washington Post va CNN nashrlarining sud hujjatlariga tayanib yozishicha, Assanj josuslik to‘g‘risidagi qonunni buzish bilan bog‘liq 18 ta ayblovdan biri bo‘yicha aybini tan olishga rozi bo‘lgan. Buning evaziga undan 62 oylik qamoq jazosi talab qilinadi. So‘ngra u ozod qilinadi va fuqaroligi bo‘lgan Avstraliyaga qaytishi mumkin.

26-iyun kuni AQShning uyushgan hududi bo‘lgan Shimoliy Mariana orollari sudida eshituv va hukm chiqarilishi kutilmoqda.

CNN manbalariga ko‘ra, FQB va AQSh Adliya vazirligi vakillari Assanjning jinoiy aybini tan olishini o‘z ichiga olmagan har qanday boshqa kelishuvga qarshi chiqqan.

  • AQSh rasmiylari Assanjni 2010-yilda Iroq va Afg‘onistondagi urushlar haqidagi yuz minglab maxfiy materiallarni e’lon qilgani uchun jinoiy javobgarlikka tortgandi. 2012-yildan 2019-yilgacha Assanj Ekvadorning Londondagi elchixonasida yashiringan. Mamlakat uning siyosiy boshpana huquqini bekor qilgan va u hibsga olinib, Britaniya qamoqxonasiga jo‘natilgan. O‘shandan beri Londonda uning AQShga ekstraditsiya qilinishi bo‘yicha tinglovlar bo‘lib o‘tgan, WikiLeaks asoschisi 175 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilingan.