Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi. U bu haqda sobiq hamkasbi Rasul Kusherbayevning “Xo‘p Podkast” loyihasida gapirib berdi.

Suhbatda Doniyor G‘aniyevga “O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi foydalimi yoki zararli?” degan savol berildi. Deputat bunga javoban JSTga qo‘shilish mamlakat ertagayoq boyib ketishini anglatmasligini aytdi.

“Bugun JSTga qo‘shildik degani ertaga hayotimiz jannat bo‘lib ketadi yoki boyib ketamiz degani emas. JSTga qo‘shilish faqatgina o‘zimizni o‘zimiz tiyishga, savdo bojlarimizni tartibga solib, rivojlangan dunyo davlatlarining savdo tariflari bilan bir xil qilishga undaydigan bir platforma, xolos. Aslida, agar istasak, JSTga qo‘shilmasdan ham bu narsalarni qilsak bo‘ladi”, — dedi u.

Deputat mamlakatda bojlarning mavjud ekani va raqobatning mavjud emasligiga tashqi emas, ichki omillar sabab ekanini qayd etdi.

“[JSTga qo‘shilsak], bojxona tariflari kamayadi, raqobat bo‘ladi, deyapmiz. O‘sha bojxona tariflari bo‘lishi, raqobatning bo‘lmasligiga kim sababchi? JST kelib, biz bu tashkilotga qo‘shilmaganimiz uchun bizga bojlarni o‘rnatib qo‘ymagan-ku. Bu bojlarning barchasi, savdo siyosati o‘zimizning siyosatimiz hisoblanadi va bu butun dunyoda shunday”, — dedi Doniyor G‘aniyev.

Deputat barcha mamlakatlarda doimiy ravishda turli lobbi guruhlari va ishlab chiqaruvchilar tomonidan bozorlarni yopish va bojlarni joriy etish uchun harakatlar bo‘lishini qayd etdi.

“Buni raqobatdan qochganlar, hammaning hisobiga boyishni istagan tor doira qiladi. JSTga qo‘shilish, birinchi navbatda, bizni mana shu o‘zimizdan himoya qilishga yordam beradi. Chunki JSTga qo‘shilganimizdan keyin kelishilgan bitimlarga, shartlarga amal qilishga majbur bo‘lamiz. Buning evaziga bizga katta bozorlar ochiladi”, — dedi u.

Doniyor G‘aniyev, shuningdek, tashkilotga a’zo bo‘lish tufayli zarar ko‘rishi mumkin bo‘lgan tadbirkorlar haqida ham gapirdi.

“Bozor ochilishining hisobiga bizning bozorga ham tashqaridan sifatli, raqobatbardosh xorijiy kompaniyalar kirib keladi va bizning nisbiy afzalligimiz bo‘lmagan, uzoq yillar raqobatda bo‘lmagan qaysidir yo‘nalishlarda yo‘qotishlar bo‘lishi, korxonalar yopilishi, ishchi o‘rinlari yo‘qolishi mumkin. Bu — tabiiy jarayon. Siz ochiq savdoga qo‘shildingizmi, albatta, nisbiy afzalligingiz bo‘lmagan qaysidir joylarda yutqazasiz”, — dedi deputat.

Lekin, shunga qaramay, bu ochilish mamlakatning nisbiy afzallikka ega bo‘lgan juda ko‘p yo‘nalishlarida potensialdan foydalanish imkoniyatini beradi.

“Shartli ravishda aytaylik, Andijondagi bir zavodning yopilishi yoki faolligining qisqarishi hisobiga 10 ming ishchi o‘rni yo‘qotilishi mumkindir, buning o‘sha tuman iqtisodiyotiga qisman og‘irligi bo‘lishi mumkin. Buni tan olish kerak. Lekin JST orqali raqobat muhitining kirishi, o‘yin qoidalarining birxillashishi boshqa bir tumanda, boshqa bir viloyatda, deylik, 30 ming ishchi o‘rni yaratadigan soha rivojlanishiga olib kelishi mumkin. Ya’ni yo‘qotuvchilar ham, yutuvchilar ham bo‘ladi”, — dedi Doniyor G‘aniyev.

Shuningdek, deputat erkin savdodan yutadiganlar doim yutqazadiganlardan ko‘proq bo‘lishini ta’kidladi. Davlatning roli esa shu yutqazadiganlarni himoya qilish bo‘lishi lozim.

“Davlat imkon qadar bunday o‘zgarishlarni zararini kamaytirgan holda, bosqichma-bosqich qilishi kerak. Bizda bunga imkoniyat bor. Birinchidan, jarayon 30 yildan buyon davom etmoqda. Ikkinchidan, biz o‘zimizga ilk bor aniq vaqt bilan reja qo‘yyapmiz — 2026-yil deb e’lon qildik. Bu meni rostdan quvontirdi. Chunki biz aniq dedlayn qo‘yyapmiz. Shu vaqtgacha doim qo‘shilamiz derdik, aniq vaqtini aytmasdik. Bu — biz aniq qo‘shilamiz deb siyosiy iroda bilan qaror qabul qilinganining belgisi. Bu ikki yil ham tayyorlanishning bir bosqichi. Uchinchidan, muzokaralar davomida biz hali raqobatga chidamli bo‘lmagan ko‘plab sohalarimizga, davlat korxonasi monopol mavqega ega bo‘lgan sohalarimizga imtiyoz olamiz”, — dedi u.

Bundan tashqari, Doniyor G‘aniyev tadbirkorlarda yangi sharoitga moslashish uchun yaxshi imkoniyat va vaqt bo‘lishini aytdi.

“Biz ertaga qo‘shilib, hamma bojni 0 qilib yuborganimizda, haqiqatan ham, noinsoflik bo‘lishi mumkin edi. Chunki qaysidir tadbirkor mavjud qonunchilik va iqtisodiy kon’yukturadan kelib chiqib pul tikkan bo‘lsa va biz ertaga uni „ochiq dengizga tashlab yuborsak“, tadbirkorlarni juda ham qiynab qo‘ygan bo‘lishimiz mumkin edi. Lekin tadbirkorlarga juda yaxshi imkoniyat berilyapti, qo‘shilguncha hali 2 yil vaqt bor, bundan tashqari, hali 10 yillab imtiyozlar olamiz”, — dedi deputat.

May oyida bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev: “O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish bo‘yicha o‘z majburiyatlarida sobit, bunga erishish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solamiz”, — degan edi.

Iyun oyida O‘zbekistonga tashrif buyurgan Jahon savdo tashkiloti bosh direktori Ngozi Okonjo-Ivealaga ko‘ra, hech bir mamlakat tashkilotga a’zolikni siyosiy irodasiz amalga oshira olmagan. “O‘zbekiston hukumatida kuchli siyosiy irodani ko‘ryapman”, — degandi bosh direktor a’zolikka da’vogarlar orasida birinchi bo‘lib O‘zbekistonga kelganini qayd etib.