O‘zbekiston hukumatining 25-iyundagi qarori bilan tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan ayollar va ularning voyaga etmagan bolalariga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishning Ma’muriy reglamenti tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Tazyiq va zo‘ravonlik holatlarida jabrlanuvchilar, shuningdek, boshqa jismoniy va yuridik shaxslar quyidagi organlarga murojaat qilishlari mumkin:

  • “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari yoki ijtimoiy xodimga;
  • ichki ishlar organlari navbatchilik qismining “102” telefon raqamlariga yoki bevosita profilaktika inspektorlariga;
  • “112” yagona dispetcherlik xizmati hamda 1146 qisqa raqamli “ishonch telefoni"ga.

Ariza topshirilgandan keyin 24 soat ichida quyidagilar amalga oshiriladi:

  • xotin-qizlar faoli va mahalladagi profilaktika inspektori tomonidan tazyiq va zo‘ravonlikni sodir etgan shaxs bilan suhbat o‘tkaziladi;
  • ijtimoiy xodim xotin-qizlar va ularning voyaga yetmagan farzandlarining holatini dastlabki tarzda baholash choralarini ko‘radi;
  • profilaktika inspektori xotin-qizlarga himoya orderi rasmiylashtiriladi hamda zaruratga ko‘ra birlamchi ko‘mak xonalariga joylashtirish uchun tegishli dalolatnomani rasmiylashtirishga doir choralarni ko‘radi;
  • ijtimoiy xodim va profilaktika inspektori tomonidan xotin-qizlar va ularning voyaga yetmagan farzandlari ularning roziligi asosida birlamchi ko‘mak xonasiga joylashtiriladi.

Eslatib o‘tamiz, may oyida prezident tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan aholiga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish to‘g‘risidagi qarorni imzolagan edi. Unda aytilishicha, “Inson” ijtimoiy xizmat ko‘rsatish markazlari tazyiq va zo‘ravonlik qurbonlariga himoya orderisiz yordam beradi. Bundan tashqari, hujjat 24 soat ichida zo‘ravonlik qurboniga himoya orderi berilishini talab qiladi. Zo‘ravonlik qurbonlari uchun barcha viloyatlardagi shifoxonalarning tez tibbiy yordam bo‘limlarida 24 soatlik birlamchi tibbiy yordam xonalari tashkil etilmoqda.