26-iyun kuni Ostona apellyatsiya sudi rafiqasi Saltanat Nukenovani o‘ldirganlikda ayblangan Qozog‘iston sobiq milliy iqtisodiyot vaziri Kuandik Bishimbayevga nisbatan chiqarilgan hukmni o‘z kuchida qoldirdi, deb yozmoqda Zakon.kz.

Bishimbayevning jinoyatni yashirishda ayblanib, 4 yilga ozodlikdan mahrum etilgan amakivachchasi Baxitjan Bayjanovning hukmi ham o‘zgarishsiz qoldirildi.

Sud qaror ustidan kassatsiya tartibida Qozog‘iston Oliy sudiga shikoyat qilish mumkinligini ta’kidladi.

13-may kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Ostona sudi hakamlar hay’ati Bishimbayevni Nukenovani o‘ta shafqatsizlarcha qiynoqqa solish va o‘ldirishda aybdor deb topib, 24 yilga ozodlikdan mahrum qilgandi.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yilning 8-noyabridan 9-noyabriga o‘tar kechasi Bishimbayev Ostonadagi Bau restoranida janjal oqibatida 31 yoshli Nukenovani urib o‘ldirgan. Prokuror xulosasiga ko‘ra, Nukenova bosh miya jarohati tufayli vafot etgan. Uning yuzi va tanasida bir nechta ko‘karishlar bo‘lgan, burni singan. Ekspertiza natijalari shuni ko‘rsatganki, kaltaklar taxminan sakkiz soat davom etgan.

Ayblov, shuningdek, Bishimbayev Nukenovani muntazam kaltaklab kelgani, unga ishlashni taqiqlagani va muloqot doirasini cheklaganini ko‘rsatgan.

Bishimbayev qotillikdan so‘ng darhol qo‘lga olingan. Sud majlislari 2024-yil 11-martda boshlangan. Sudda sobiq vazir rafiqasining o‘limiga sabab bo‘lgan jarohatlarni o‘zi sodir etganini tan olgan, lekin qasddan qilingan qotillik aybini tan olmagan.

  • Kuandik Bishimbayev 2016-yilning mayidan dekabrigacha Qozog‘iston iqtisodiyot vaziri bo‘lgan. 2017-yil yanvar oyida u juda katta miqdorda pora olganlikda ayblanib hibsga olingan. 2018-yil martida sud Bishimbayevni 10 yilga ozodlikdan mahrum qilgan, biroq 2019-yil oktabr oyida sobiq vazir amnistiya akti bilan ozod etilgan.
  • Bishimbayev ishi Qozog‘istonda ham, xorijda ham keng rezonansga sabab bo‘ldi. Bu kabi jarayon mamlakat tarixida birinchi marta onlayn translyatsiya qilindi. Aprel oyida Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev oiladagi zo‘ravonlikni jinoiy javobgarlikka tortuvchi qonunni imzolagan edi. Odamlar tilida u “Saltanat qonuni” deb ataladi.