Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrining Shayxontohur tumanida erkak gul do‘konidagi qiz va ikki yigit bilan janjallashgani aks etgan video tarqaldi.

Tasvirda erkak gul do‘koniga kirib, 21 yoshli qizga hujum qilgani va uning bo‘ynidan bo‘g‘a boshlaganini ko‘rish mumkin. So‘ngra u tashqariga chiqib, uni tinchlantirmoqchi bo‘lgan bir yigitni tepkilay boshlagan, boshqasiga esa musht tushirgan.

Poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi voqea 23-iyun kuni taxminan soat 19:30 atrofida sodir bo‘lgani va hujum qilgan shaxs muqaddam Jinoyat kodeksining 165-moddasi (Tovlamachilik) bilan sudlangan 40 yoshli X.A. ekanini ma’lum qildi.

Birlamchi tibbiy ma’lumotga ko‘ra, jabrlanuvchilarga yengil tan jarohati yetkazilgan. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi “g” bandi (Bezorilik harakatini oldini olish chorasini ko‘rgan boshqa fuqarolarga qarshilik ko‘rsatib sodir etish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda, deyiladi xabarda. Boshqarma ushbu shaxsning harakatlaridan jabr ko‘rgan fuqarolardan yaqin oradagi IIBga yoki 102 raqamiga xabar berishlarini so‘radi.