Shavkat Mirziyoyev matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlarini O‘zbekistonda 27-iyun kuni nishonlanadigan kasb bayrami bilan tabrikladi.

Davlat rahbari axborot sohasini liberallashtirish va rivojlantirish Yangi O‘zbekiston qurilishida ustuvor vazifalardan ekanini ta’kidladi.

“Ayniqsa, keyingi yillarda yurtimizda so‘z erkinligi va fikrlar xilma-xilligiga erishish yo‘lida keng imkoniyatlar ochilayotgani media vositalari vakillarining ijtimoiy-siyosiy jarayonlardagi ishtiroki, o‘rni va nufuzini yanada kuchaytirmoqda”, — deyiladi tabrikda.

“Jamiyatimizda ochiqlik va oshkoralikni rivojlantirish, davlat idoralari va ularning mansabdor shaxslari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish, fuqarolarimizning qonuniy murojaatlarini o‘rganish va hal qilish borasida sizlarning o‘rningiz va ta’siringiz tobora ortib borayotganini barchamiz yaxshi bilamiz va yuksak qadrlaymiz”, — deyiladi prezident murojaatnomasida.

Shavkat Mirziyoyev “gazeta va jurnallar, tele va radio kanallar, ijtimoiy tarmoqlarda turli mavzulardagi dolzarb chiqishlar, muammoli masalalar yuzasidan mutaxassis va ekspertlar ishtirokidagi ko‘rsatuv va eshittirishlar, tahliliy sharhlar, bahs-munozaralar sezilarli ravishda ko‘payganini” ta’kidladi.

“Xususan, qurilish, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashdagi kamchiliklar, ijtimoiy va iqtisodiy sohalardagi muammolar bo‘yicha berib borilayotgan tanqidiy va tahliliy materiallar joylarda „mudrab“ o‘tirgan ayrim rahbar va mutasaddilarni uyqudan „uyg‘otib“, yangicha ishlab, odamlarning tashvishi bilan yashashga majbur qilmoqda”, — deyiladi tabrikda.

Shavkat Mirziyoyev “kuyunchak va olijanob jurnalistlarimiz, faol blogerlarimiz o‘zlarining qat’iy pozitsiyasi, haqqoniy so‘zi bilan hayotimizdagi o‘tkir muammolarni hal etish, islohotlarimizning samarasini oshirish, yurtdoshlarimizning fikrini, dunyoqarashini yuksaltirishga munosib hissa qo‘shayotganini” ta’kidladi.

“Bularning barchasi milliy media vositalarimiz „to‘rtinchi hokimiyat“ darajasiga yaqinlashib borayotganidan dalolat beradi. Shu bilan birga, bunday yuksak marraga yetish oson emasligi, bu yo‘lda to‘siq va qiyinchiliklar bo‘lishi tabiiydir. Lekin, qanchalik qiyin bo‘lmasin, bu boradagi ishlarimizni qat’iyat bilan davom ettiramiz”, — dedi davlat rahbari.

Shu bilan birga, prezident bugungi kunda matbuot ishi va jurnalistika nafaqat “to‘rtinchi hokimiyat”, balki mudofaa, xavfsizlik kabi hal qiluvchi sohaga aylanib borayotganini ta’kidladi. “Bu esa mazkur yo‘nalishda aynan sizlardek jasur va dovyurak, Vatanni chin dildan sevadigan, o‘z kasbiga sodiq va fidoyi insonlar tobora ko‘proq bo‘lishini taqozo etmoqda”, — dedi u murojaatida.

Shu munosabat bilan prezident ko‘p qirrali professional bilim va malakaga, yuksak ma’naviy-intellektual fazilatlarga ega bo‘lgan jurnalist kadrlar tayyorlash, axborot makonini sifatli va raqobatdosh milliy kontent bilan to‘ldirishni ustuvor vazifa etib belgiladi.

“Dunyoda yuz berayotgan voqea-hodisalarni milliy manfaatlarimizni hisobga olgan holda, tezkor va chuqur tahlillar asosida yoritib borish o‘ta muhim, deb o‘ylayman”, — dedi davlat rahbari tabrigida.

Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, odamlarni chalg‘ituvchi yolg‘on va asossiz ma’lumotlarni tarqatish holatlari ko‘payib borayotgani aholining mediasavodxonligini oshirishni dolzarb vazifaga aylantirganini ta’kidladi.

“Axborot maydonida yuzaga kelayotgan bahsli tortishuv va muammolar faqat va faqat qonun doirasida, huquqiy me’yorlar negizida hal etilishi shart. Siz, hurmatli media tarmoqlari vakillari ana shunday masalalarni hal etishda faol ishtirok etasiz, deb ishonaman”, — deyiladi tabrikda.

“Sohadagi xizmat qilayotgan barcha yurtdoshlarimizning qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ularning mashaqqatli mehnatini rag‘batlantirish masalalari bundan buyon ham e’tiborimiz markazida bo‘ladi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident matbuot xizmati xodimlariga sihat-salomatlik, ishlariga muvaffaqiyat, oilalariga tinchlik va farovonlik tiladi.