Toshkent viloyati Bekobod shahrida erkak IIB binosida urib o‘ldirilgani aytilayotgan holat doirasida bir xodim qamoqqa olindi. Bu ma’lumotni “Gazeta.uz”ga Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov tasdiqladi.

Gap shundaki, rasmiylar 19-iyun kuni sud zalida janjal ko‘targan fuqaro IIB binosiga olib borigandan so‘ng hushidan ketgani hamda shifoxonaga yetkazilganda vafot etgani aniqlanganini bildirgandi. Biroq marhumning yaqinlari “Gazeta.uz”ga bergan intervyusida 43 yoshli fuqaroning o‘limiga IIB binosi ichida uni ichki ishlar xodimlari kaltaklagani sabab bo‘lganini aytmoqda.

Marhum Dilmurod Yusupvaliyevning akasi Dilshod Yusupvaliyev o‘zi va ukasini organning o‘nga yaqin xodimi kaltaklaganini aytgan.

“Ukamning ishi doirasida bir nafar [ichki ishlar xodimini] qamoqqa olindi deyishyapti. Ularning bittasini qamab, qolganini yashirib, o‘yin qilmasdan, [voqeada qatnashgan] sakkiz nafar xodimning hammasiga chora ko‘rishlarini so‘rayman. Bekobod shahri IIB boshlig‘iga ko‘proq e’tibor berishsin”, — degandi u.

Avvalroq Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shoxrux G‘iyosov ushbu holat yuzasidan munosabat bildirib, voqea sodir bo‘lgan joylarda mavjud bo‘lgan barcha videoyozuvlar olinganini qayd etgandi. Guvohlar hamda voqea ishtirokchilarning ko‘rsatmalari tekshirilmoqda, tegishli sudga oid ekspertizalar tayinlangan, deyilgandi bayonotda.

Marhumning oilasi bilan intervyu