25-iyun kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov va Rossiya ichki ishlar vaziri Vladimir Kolokolsev ikki davlat o‘rtasida huquqni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlik masalalarini muhokama qildi, deb xabar qildi huquq-tartibot idoralari matbuot xizmatlari.

Uchrashuvda Rossiya hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolarini, shuningdek O‘zbekistondagi Rossiya fuqarolarining huquq va erkinliklarini ta’minlash, ular orasida huquqbuzarliklarni oldini olish va noqonuniy migratsiya holatlariga barham berish, jinoyatchilik, shu jumladan, kiberjinoyatlar, firibgarlik, giyohvand moddalarning noqonuniy aylanishi hamda boshqa transmilliy uyushgan jinoyatlarga qarshi kurashish masalalari muhokama qilindi.

Fotolar: O‘zbekiston va Rossiya IIV matbuot xizmatlari.Fotolar: O‘zbekiston va Rossiya IIV matbuot xizmatlari.

Bundan tashqari, qidiruvdagi shaxslarni ushlashda soha xizmatlarining hamkorligiga e’tibor qaratildi. Tomonlar, shuningdek, ichki ishlar organlari uchun kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish hamda ilmiy-tadqiqot yo‘nalishida aloqalarni mustahkamlash zarurligini ta’kidladi.

Vladimir Kolokolsev mehnat muhojirlarining hammasi ham qonuniy faoliyat yuritmasligini, ular aniqlanib, javobgarlikka tortilishini ta’kidladi, deya xabar qildi Rossiya IIV vakili Irina Volk.

Rossiya IIV rahbari o‘zbekistonlik hamkasblarini shaxsiy ma’lumotlar almashinuvi sohasida ma’muriy masalalar bo‘yicha o‘zaro huquqiy yordam to‘g‘risidagi shartnomaga qo‘shilish, shuningdek, shaxsiy ma’lumotlarini o‘zgartirgan O‘zbekiston fuqarolari to‘g‘risida muntazam ravishda ma’lumotlar almashinuvini tashkil etish, sudlangan fuqarolarni ro‘yxatga olish uchun Davlatlararo axborot bankiga ma’lumotlarni yuborishga chaqirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu migratsiya oqimini tartibga solish, bu sohadagi salbiy tendensiyalarni kamaytirish va ikki davlat xavfsizligini ta’minlash uchun zarur.

Bundan tashqari, u O‘zbekiston tomonining O‘zbekiston IIV Kiberxavfsizlik markazi va Rossiya IIV Axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan noqonuniy foydalanishga qarshi kurashni tashkil etish boshqarmasi o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish to‘g‘risidagi taklifini qo‘llab-quvvatladi.

Vladimir Kolokolsev Rossiya IIV giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurash bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdorligini ta’kidladi. “Ikki davlatning vakolatli idoralari tomonidan transmilliy jinoiy guruhlar faoliyatiga chek qo‘yish bo‘yicha ko‘rilayotgan qo‘shma chora-tadbirlar allaqachon o‘z samarasini ko‘rsatdi”, — deyiladi xabarda.

Tadbir so‘ngida rahbarlar tegishli bayonnomani imzoladi. Unda kun tartibidagi masalalar bo‘yicha bajarilishi lozim bo‘lgan amaliy ishlar hamda istiqbolli vazifalar belgilangan.

Dastur doirasida rossiyalik hamkorlar IIV Jamoat xavfsizligi departamentining Muvofiqlashtirish va monitoring qilish markazi faoliyati bilan tanishdi.

Markaz jamoat xavfsizligi jarayonlarini qamrab olgan yagona axborot makoni hisoblanib, hududlardagi vaziyat va xodimlarning ish-harakati raqamli texnologiyalar orqali tahlil qilib boriladi. Hozirda 10 mingdan ortiq profilaktika inspektorlarining faoliyatini 6 ta yo‘nalish bo‘yicha nazorat qilish va baholash amalga oshirilmoqda.

Markazda “Ye-Jamoat xavfsizligi”, “Ye-Ijtimoiy vaziyat” kabi dasturlar, yo‘l harakati xavfsizligi, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat tartibini saqlash xizmatlarining yagona axborot tizimlari jamlangan, olti mingdan ziyod raqamli kuzatuv kameralari integratsiya qilingan.

Shuningdek, videoaloqa orqali profilaktika inspektorlari, yo‘l patrul, post patrul va probatsiya xodimlari uchun masofaviy o‘quv kurslarini o‘tkazish rejalashtirilgan.

Jarayonda mehmonlarga IIO tomonidan sohada qo‘llanilayotgan transport vositalari, maxsus texnika hamda zamonaviy vosita va aslahalar namoyish etilgan.

“Mazkur tadbir ishchanlik va konstruktiv ruhda, do‘stlik, o‘zaro ishonch muhitida o‘tgani, sohalar o‘rtasidagi har tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi”, — deya xulosa qilinadi O‘zbekiston IIV matbuot xizmati xabarida.