Qirg‘iziston va Yevropa Ittifoqi 25-iyun kuni Bryusselda kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzoladi, deya xabar berilmoqda Yevropa Ittifoqi veb saytida. Hujjatlarni imzolash marosimi Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovning Belgiyaga amaliy tashrifi doirasida bo‘lib o‘tdi.

YeI yangi kelishuv siyosiy muloqotni mustahkamlash va qator sohalarda hamkorlikni chuqurlashtirish uchun “yangi huquqiy asos” yaratishini ta’kidladi.

“Ushbu sohalarga savdo va investitsiya, barqaror rivojlanish va aloqa, tadqiqot va innovatsiyalar, ta’lim, atrof-muhit va iqlim o‘zgarishi, shuningdek, qonun ustuvorligi, inson huquqlari va fuqarolik jamiyati kiradi. Bundan tashqari, u tashqi siyosat va xavfsizlik siyosati, jumladan, mojarolarning oldini olish va inqirozlarni boshqarish, xavflarni kamaytirish, kiberxavfsizlik, mintaqaviy barqarorlik, qurolsizlanish, yadroviy qurollarni tarqatmaslik, qurol va eksport nazorati kabi sohalarda hamkorlikni kuchaytirish imkonini beradi”, — deyiladi bayonotda.

Hujjat 1999-yilda imzolangan Sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim o‘rniga qabul qilindi.

Ijrochi vitse-prezident va savdo komissari Valdis Dombrovskisning so‘zlariga ko‘ra, bitim savdo oqimlarini osonlashtirish orqali Yevropa Ittifoqi va Qirg‘iziston biznes hamda investorlari uchun ko‘proq imkoniyatlar yaratishga yordam beradi.

  • Markaziy Osiyo davlatlaridan Qozog‘iston ham Yevropa Ittifoqi bilan kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risida bitimga ega.
  • O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida 2022-yil iyul oyida kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim parafirlangandi. Joriy yilning yanvar oyida tomonlar hujjatni imkon qadar tezroq imzolashdan manfaatdor ekani xabar qilingan.