Niderlandiya bosh vaziri Mark Ryutte NATOning yangi bosh kotibi bo‘ladi. Uning nomzodi Shimoliy Atlantika kengashi tomonidan ma’qullandi, deyiladi alyans saytida.

Ryutte o‘z vazifasini 2024-yil 1-oktabrdan boshlaydi. U 2014-yildan beri NATO bosh kotibi lavozimida ishlab kelayotgan Yens Stoltenberg o‘rnini egallaydi.

Ryuttening yagona raqobatchisi Ruminiya prezidenti Klaus Yoxannis edi, biroq o‘tgan hafta u o‘z nomzodini qaytarib oldi, deya qayd etadi Reuters.

Ryutte haqida nimalar ma’lum?

57 yoshli Ryutte Niderlandiya hukumatini 2010-yildan beri boshqarib keladi va Yevropa Ittifoqining eng qudratli siyosiy rahbarlaridan biri hisoblanadi. U nizolardan qocha olish qobiliyati tufayli “Teflon Mark” nomini olgan.

Siyosatchi asosiy ishidan tashqari o‘zi tug‘ilib o‘sgan va yashaydigan Gaagadagi o‘rta maktabda ijtimoiy fanlardan dars beradi. Hukumat yig‘ilishlariga tez-tez velosipedda boradi. Ryutte “gollandlar yaxshi ko‘radigan oddiy, jiddiy va ehtiyotkor turmush tarzini” namoyish etadi, deb yozadi The Guardian. U bir gal bankdan haddan tashqari ko‘p qarzdorlik unga uyqu bermasligini aytgan, boshqa safar esa tozalovchilarga to‘kilgan qahvani tozalashga ruxsat bermay, buni uning o‘zi tozalab olishini bildirgan.

Ryutte Ukrainaga yordam ajratishning ashaddiy tarafdorlaridan sanaladi. Amsterdam Kiyevga F-16 qiruvchi samolyotlari va qurol-yarog‘lar yetkazib beradi. Mart oyida u Xarkovga tashrif buyurgandi va u yerda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan ikki tomonlama xavfsizlik shartnomasini imzolagan.

Ryutte, shuningdek, AQShning sobiq prezidenti Donald Tramp bilan aloqa o‘rnatishga muvaffaq bo‘lgan kam sonli yevropalik siyosatchilardan biri sanaladi. 2018-yilda NATO sammiti chog‘ida Tramp boshqa a’zo davlatlar mudofaa xarajatlarini oshirmasa, Qo‘shma Shtatlar alyansni tark etishi bilan tahdid qilgandi. O‘shanda Ryutte Trampni ishontira olgandi, buning uchun u boshqa laqab olgan — “Tramp Whisperer”. Ryuttening bo‘lajak saylovlarda prezidentlikka qaytishi mumkin bo‘lgan Tramp bilan muloqot qila olishi uning NATO bosh kotibi lavozimiga nomzodi qo‘llab-quvvatlanishida muhim faktorlardan biri bo‘ldi.

Ryuttening NATO rahbari lavozimiga kirishishi yo‘lidagi so‘nggi to‘siq Vengriyaning e’tirozi bo‘ldi. Vengriya bosh vaziri Viktor Orbanning roziligini olish uchun Ryutte uni Budapesht NATOning Ukrainani qo‘llab-quvvatlovchi faoliyatini tark etishi mumkinligiga ishontirdi.