Shavkat Mirziyoyev 26-iyun kuni amaliy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘lib turgan Turkiya milliy mudofaa vaziri Yashar Gyuler boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi, deb xabar bermoqda Prezident matbuot xizmati.

Uchrashuv avvalida Turkiya mudofaa idorasi rahbari O‘zbekiston yetakchisiga Rajab Toyyib Erdog‘anning salomini yetkazdi.

Tomonlar Anqara shahriga 5−6-iyun kunlari amalga oshirilgan oliy darajadagi tashrif chog‘ida erishilgan kelishuvlarni hisobga olgan holda O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini chuqurlashtirishning dolzarb masalalarini ko‘rib chiqdi.

Harbiy va harbiy-texnik hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari, jumladan, yaqin idoralararo aloqalarni mustahkamlash, qo‘shma tadbirlar tashkil etish, harbiy mutaxassislarni tayyorlash va boshqa masalalar muhokama qilindi.

Xavfsizlik sohasida, terrorizm, ekstremizm va radikalizmga qarshi kurashishda hamkorlikni mustahkamlash va muvofiqlashtirishga alohida e’tibor qaratildi.

Rasmiylar mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, shu jumladan, Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan ham fikr almashdi.