O‘zbekistonda kam quvvatli atom elektr stansiyasi (AES) qurilishi bo‘yicha birinchi shtab ish boshladi, deb xabar qilmoqda Atom energiyasi (O‘zatom) agentligi matbuot xizmati.

26-iyun kuni “O‘zatom” rahbari Azim Axmedxadjayev va Rossiyaning “Rosatom” davlat korporatsiyasi bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Andrey Petrovning shtabga tashrifi doirasida kichik quvvatli AES qurilishi shartnomasini kuchga kirish tartibi to‘g‘risidagi bayonnoma imzolandi.

atom elektr stansiyasi, аэс, росatom, ўзatom

Hujjatni “O‘zatom” AES qurilish direksiyasi direktori Otabek Amaanov va Markaziy Osiyoda AES qurilishi loyihasi “Atomstroyeksport” AJ direktori Pavel Bezrukov imzoladi.

Delegatsiya kuz oyida 6 blokli AES uchun infratuzilma obyektlari yaratilishi rejalashtirilayotgan maydonni ko‘zdan kechirdi (avvalroq maydonda qurilish ishlari yozda boshlanishi xabar qilingandi).

Shtab maydonida belgilangan vaqtda qurilish ishlarini boshlash — barcha infratuzilma bilan ta’minlangan quruvchilar shaharchasini barpo etishga kirishish borasida kelishuvni amalga oshirish yuzasidan dastlabki masalalarni muhokama qildi.

atom elektr stansiyasi, аэс, росatom, ўзatom

Delegatsiya Jizzax viloyati hokimi Ergash Saliyev bilan uchrashdi.

  • AES qurilishi bo‘yicha shartnoma 27-may kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Toshkentga tashrifi chog‘ida AES qurish direksiyasi va “Atomstroyeksport” kompaniyasi (“Rosatom” injiniring bo‘limi) o‘rtasida tuzilgandi.
  • Bundan tashqari, 2018-yil 7-sentabrdagi O‘zbekiston hududida atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi bayonnoma imzolangan.
  • Stansiya qurilishida “Rosatom” bosh pudratchi bo‘ladi, O‘zbekiston kompaniyalari ham ishtirok etadi.
  • Rosatom rahbari Aleksey Lixachyovning aytishicha, stansiyani 2029-yildan 2033-yilgacha “bosqichma-bosqich, modulma-modul” ishga tushirish rejalashtirilgan. Kichik AESda suv bilan sovitiladigan RITM-200N yadro reaktorlari bo‘ladi, ular atom muzyorarlarida qo‘llangan.
  • Uning so‘zlariga ko‘ra, loyiha O‘zbekistonda mahalliylashtirishning katta ulushi bilan amalga oshiriladi. “O‘zbekiston tomonidan moliyalashtirish, davlat (Rossiya) krediti masalasi muhokama qilinmayapti”, — degan u.
  • Kichik atom elektr stansiyasining birinchi reaktorini 5 yildan keyin ishga tushirish rejalashtirilmoqda. Loyiha narxi maxfiy ma’lumot bo‘lib, oshkor etilmaydi, deya ta’kidlagan “O‘zatom” agentligi. Loyiha Jizzax viloyatining Forish tumani Tuzkon ko‘li yaqinidagi dastlab yirik atom elektr stansiyasini joylashtirish masalasi ko‘rib chiqilgan avval tasdiqlangan maydonda amalga oshirilishi rejalashtirilgan.