27-iyun kuni Farg‘ona viloyati Rishton tumanida Lacetti avtomobili to‘xtab turgan joyida uning gaz balloni portladi, deb xabar bermoqda viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi axborot xizmati.

Holat soat 11:40 da Markaz MFY hududidagi dehqon bozori oldida sodir bo‘lgan.

portlash, риштон тумaни

Boshqarmaning soat 13:55 da e’lon qilgan xabarida portlash vaqtida avtomobil ichida hech kim bo‘lmagani, hodisa oqibatida atrofdagi shaxslar turli darajada jarohat olgani qayd etilgandi. Shuningdek, portlash ortidan kelib chiqqan yong‘in bartaraf etilgani bildirilgan.

Oradan bir necha soat o‘tib, viloyat IIB holat yuzasidan ma’lumot berdi va holat tufayli 1 fuqaro vafot etganini ta’kidladi (unga tibbiy muolajalar ko‘rsatilgan).

Qo‘shimcha qilinishicha, 1972-yilda tug‘ilgan fuqaro o‘zining boshqaruvidagi Lacetti avtomashinasini dehqon bozori hududiga to‘xtatib, o‘zi savdo qilish uchun bozorga kirib ketgan vaqtida avtomashinaga o‘rnatilgan gaz balloni portlagan va yong‘in kelib chiqqan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 259-moddasi 2-qismi “a” (Yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish, odam o‘lishiga sabab bo‘lsa) bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.