“Yuksalish” umummilliy harakati fuqarolarning muammo va ehtiyojlarini aniqlash maqsadida Toshkent shahridagi jamoat transporti haqida yo‘lovchilar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazdi. Shuningdek, so‘rov mas’ul tuzilmalar tomonidan qo‘shimcha e’tibor talab qiladigan jihatlarni aniqlashga qaratilgan. O‘rganishlar ikki bosqichni — video intervyu va onlayn anketalarni o‘z ichiga oldi va 276 respondentni qamrab oldi.

So‘rovda qatnashganlar jamoat transporti bilan bog‘liq eng katta muammolar sifatida quyidagilarni qayd etdi:

  • 49,1% — tig‘iz vaqtlarda yo‘lovchilar oqimi ko‘pligi;
  • 15,6% — avtobuslarda sovituvchi/isituvchi konditsionerlar to‘liq ishlamasligi;
  • 12,4% — metroda havo ventilyatsiyasi yaxshi ishlamasligi;
  • 8% — transportlarning barchasida ham nogironligi borlar uchun maxsus sharoitlar yaratilmagani.

Shuningdek, yo‘lovchilarning ta’kidlashicha, ayrim yo‘nalishlarda eski rusumdagi avtobuslar hamon foydalanilmoqda.

Ko‘pchilik respondentlar ayrim avtobuslarning harakat jadvali tez-tez buzilishi masalasini ko‘tardi.

Konduktorlarga bo‘lgan ehtiyoj bo‘yicha respondentlarning bir qismi kerak emasligini ta’kidlagan bo‘lsa, boshqalari ular yo‘qligida yuzaga keladigan muammolarni ko‘rsatdi. Misol uchun, nazoratchilar bo‘lmasa, haydovchilar yo‘lovchilarni old eshikdan tushiradi, bu esa yo‘lovchilar soni ko‘p bo‘lganda noqulaylik tug‘diradi.

Respondentlar ko‘chalardagi maxsus ajratilgan yo‘laklar ustidan nazorat yo‘qligiga alohida to‘xtaldi. Ular ko‘pincha to‘xtash joylari sifatida ishlatiladi, bu esa jamoat transporti uchun to‘siqlar yaratadi.

Respondentlarning fikricha, yo‘nalishli taksilar yoki mikroavtobuslarda “qo‘shimcha o‘rindiqlar”dan (taburet yoki yog‘och o‘rindiqlar) foydalanish holati kuzatiladi. Yo‘lovchilar xavfsizligi uchun buni qat’iy nazoratga olish va tartibga solish darkor.

Yo‘lovchilarning takliflari

So‘rov davomida yo‘lovchilardan o‘z variantlarini tanlash yoki qo‘shish so‘ralgan. Olingan ma’lumotlarga asoslanib, “Yuksalish” bir qator tavsiya va takliflarni aniqladi:

  • tig‘iz vaqtlarda avtobus va vagonlar sonini ko‘paytirish, oraliq vaqtlarni qisqartirish (65,2%);
  • tirbandlikning oldini olish uchun sig‘imi va hajmi katta avtobuslar sonini ko‘paytirish (50%);
  • metroda ventilyatsiya va avtobuslarda sovitish/isitish tizimini yaxshilash (49,1%);
  • eski rusumdagi avtobuslarni harakatlanishdan chiqarish va transport tizimini modernizatsiya qilish (41,7%);
  • jamoat transporti uchun faqat professional haydovchilarni yollash (34,1%).

So‘rovnomada jamoat transporti haydovchilarining ishi bo‘yicha bir qator takliflar ham bildirildi:

  • yo‘lovchilarni tashish vaqtida uyali telefondan foydalangan haydovchilarni jazolash, ularning malakasini muntazam oshirib borish;
  • yo‘lovchilarning fikr-mulohazalari asosida ball tizimini joriy etish, natijasiga qarab mukofotlash yoki jarimaga tortish tizimini yo‘lga qo‘yish;
  • avtobus haydovchilarining “poyga”lar uyushtirishi bilan bog‘liq qoidabuzarliklarni qat’iy nazorat qilish, xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish.

So‘rovda qatnashganlar nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish — yo‘lovchilarni audio va vizual formatda xabardor qilish tizimlarini joriy etish haqida ham fikr qoldirdi.

Respondentlar orasida metroda ayollar va bolalar hamda qariyalar uchun alohida vagonlarni joriy etishni so‘raganlar ham bo‘ldi, deyiladi “Yuksalish” xabarida.

Ko‘pchilik respondentlar so‘nggi yillarda Toshkent shahrida jamoat transporti tizimi takomillashib, rivojlanib borayotganini ta’kidladi.

“Tizimni yanada rivojlantirishda fuqarolarning fikr-mulohazalarini inobatga olish, qaror qabul qiluvchi mas’ul vazirlik va idoralarning kompleks yondashuvi zarur”, — deya qaydi etdi “Yuksalish”.

Video