Markaziy bank 28-iyundan boshlab xorijiy valyutalarning o‘zbek so‘miga nisbatan yangi qiymatini belgiladi.

dollar, so‘m, valyuta kursi

AQSh dollari kursi kunlik savdolar yakunida yana 25,11 so‘mga arzonlashdi. Umuman olganda, dollarning so‘mga nisbatan kursi ketma-ket oltinchi savdo kunida (21-iyundan beri) pasayib, deyarli 88,75 so‘mga — 12643,91 so‘mdan 12555,16 so‘mga arzonlashdi. Bu 13-martdan beri minimal ko‘rsatkichdir (12 546 so‘m).

Chorshanba kuni tijorat banklarida dollar 12 520 so‘mdan 12 575 so‘mgacha kurs bo‘yicha qabul qilindi (faqat BRB, Garant Bank va Universalbank). Sotish kursi 12 610 so‘mdan (Asia Alliance Bank, “Trastbank” va “Agrobank”) 12 640 so‘mgacha o‘zgardi.

dollar, so‘m, valyuta kursi

Oxirgi yetti kun ichida (19−27-iyun) valyuta ayirboshlash hajmi 746 million dollarni (kuniga o‘rtacha 106,5 million dollar) tashkil etdi, bu avvalgi besh kunlikdagiga — 868,4 million dollarga (o‘rtacha 124 million dollar) nisbatan 14 foizga (122,3 million dollarga) kam.

Avval xabar berganimizdek, birinchi chorak yakuniga ko‘ra, O‘zbekistonda valyuta ayirboshlash hajmi 2,7 foizga kamayib, 5,82 milliard dollarni tashkil qilgan. Ko‘rsatkich o‘tgan yilning mart oyidagiga nisbatan 6,8 foizga pasaygan.

Moliyachi Otabek Bakirovning fikricha, valyuta savdosining pasayishiga davlat kompaniyalari uchun valyuta operatsiyalarini amalga oshirish tartibi ustidan nazorat, import jarayonining murakkablashishi va birjadan tashqari valyuta operatsiyalarining o‘sishi sabab bo‘lishi mumkin.

“Gazeta.uz"ning bank tizimidagi manbasi valyuta savdolari hajmining pasayishiga ushbu uch omil ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini tasdiqladi. Suhbatdoshning qo‘shimcha qilishicha, korxonalar va jismoniy shaxslardan chet el valyutasini yetkazib berish (valyuta sotish) o‘tgan yilning mos davriga nisbatan oshgan.

Yil boshidan buyon so‘mning dollarga nisbatan devalvatsiyasi 1,7 foizni tashkil etdi.