O‘zbekiston Energetika vazirligi Prezident huzuridagi Statistika agentligi ma’lumotlarini sharhlar ekan, 2024-yilning yanvar-may oylarida elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi oshgani haqida xabar berdi.

Energetika vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, may oyida O‘zbekistonda 6,1 milliard kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 337,9 million kVt/soat yoki 5,8 foizga ko‘pdir.

Respublika iste’molchilariga 5 mlrd kVt/soat elektr energiyasi yetkazib berildi. Mazkur ko‘rsatkich 2023-yilning shu davridagiga nisbatan 297,1 mln kVt/soat yoki 5,7 foiz kam. Shu jumladan, iqtisodiyot tarmoqlariga — 3,7 mlrd kVt/soat (92,2 mln kVt/soat ko‘p), aholi iste’molchilariga — 1,2 mlrd kVt/soat (393,7 mln kVt/soat kam) elektr energiyasi yetkazib berilgan. Ya’ni aholi iste’molchilari tomonidan shuncha hajmdagi elektr energiyasi tejalgan, deb ta’kidladi Energetika vazirligi.

Elektr energiyasining qolgan qismi elektrostansiyalarning shaxsiy va ishlab chiqarish ehtiyojlariga, shuningdek, elektr energiyasini uzatishdagi xarajatlarga sarflandi.

“Kam yetkazib berilganining asosiy sababi shundaki, may oyida tariflar o‘zgarishi fonida aholi iste’molchilari elektr energiyasidan tejamkorlik bilan foydalanishgan. Sanoat korxonalari esa, yuqorida ko‘rganingizdek, prognozga nisbatan belgilangan hajmlarda elektr energiyasi iste’mol qilgan”, — deyiladi xabarda.

Ishlab chiqarilgan elektr energiyasining ortiqcha miqdori qo‘shni davlatlarga eksport qilindi.

Vazirlikning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda kuniga 2000 MVtgacha (umumiy ishlab chiqarishning 20 foizi) “yashil” energiya ishlab chiqaradigan 8 ta quyosh va 1 ta shamol elektr stansiyasi ishga tushirildi, buning natijasida “import hajmi keskin kamaydi”.

“Shu bois, aytish mumkinki, bugungi kunda yurtimizda elektr energiya ishlab chiqarish bilan bog‘liq hech qanday muammo yo‘q. Aksincha bundan buyon mamlakatimizda „yashil“ elektr stansiyasilar quvvati oshirib borilaveradi va elektr energiyasi iste’molga (talabga) nisbatan ko‘proq ishlab chiqarilishiga erishiladi”, — deyiladi Energetika vazirligi xabarida.

Aytish joizki, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari muntazam ravishda elektr energiyasi uzilishlari haqida xabar berib kelishadi.

Statistika agentligidan tushuntirish

Avvalroq “Gazeta.uz” Statistika agentligi ma’lumotlariga tayanib, yirik energiya ta’minoti korxonalari tomonidan may oyida elektr energiyasi ishlab chiqarish keskin pasayib, 3,19 mlrd kVt/soatni tashkil etgani, bu o‘tgan yilning may oyiga (5,5 mlrd) nisbatan 2,3 mlrd kVt/soatga (-58%), shuningdek, aprel oyidagi ko‘rsatkichdan 4,68 mlrd kVt/soatga (-59,4 foiz) kam ekani haqida yozgandi.

Yanvar-may oylarida ishlab chiqarish hajmi 18,8 mlrd kub metrni tashkil etdi, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 5,2 foizga yoki 1,04 mlrd kub metrga kamdir.

Keyinroq agentlikning “Gazeta.uz”ga aniqlik kiritishicha, yirik korxonalar tomonidan 2024-yil aprel oyi uchun elektr energiyasi ishlab chiqarish bo‘yicha statistik ma’lumotlarga kichik ishlab chiqaruvchilarning ma’lumotlari kiritilgan. Bu ma’lumotlar hozirda yangilangan.

Yangilangan ma’lumotlarga ko‘ra, may oyida yirik energiya ta’minoti korxonalari tomonidan elektr energiyasi ishlab chiqarish 5,3 milliard kVt/soatgacha kamaydi, bu o‘tgan yilning may oyiga nisbatan 393,5 million kVt/soat (-6,9%)ga kam (5,7 milliard kVt /soat edi), shuningdek, aprel oyiga nisbatan 435,1 million kVt/soat (-7,57%)ga past.

Agentlik, shuningdek, hisobot davrida ayrim kichik korxonalar yirik korxonalar toifasiga o‘tishi mumkinligini ham hisobga olish zarurligini bildirdi.

Statistika agentligi ma’lum qilishicha, prezident qaroriga muvofiq, kichik korxonalar (50 nafargacha ishchisi bo‘lgan quyosh, shamol va boshqa elektr stansiyalari) yiliga bir marta, yirik korxonalar esa har oyda hisobot taqdim etadi. Energetika vazirligida barcha kompaniyalar uchun kunlik va oylik statistik ma’lumotlar mavjud, ammo bu ma’lumotlar idoraviy hisoblanadi va Statistika agentligi statistik hisobotlarga qo‘yiladigan xalqaro talablarga muvofiq, ma’lumotlarni bevosita ishlab chiqaruvchilardan olishi kerak.

Qayd etish joizki, Energetika vazirligi elektr energiyasining kunlik yoki oylik ishlab chiqarilishi, elektr energiyasini ishlab chiqarish manbalari bo‘yicha muntazam ravishda ma’lumotlarni e’lon qilmaydi.