Ichki ishlar vazirligining tegishli elektron bazasida texnik uzilishlar kuzatilmoqda, deb xabar berdi IIV matbuot xizmati.

Shu sababli migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish hamda yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun jarimalarni to‘lash bilan bog‘liq davlat xizmatlarini ko‘rsatish imkoniyati cheklanmoqda.

Nosozliklarni bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda, qisqa muddatlarda to‘lov tizimlari ishga tushiriladi, deyiladi xabarda.

IIV 26-iyundan texnik muammo to‘g‘rilanguniga qadar jarima qarorlarining o‘tib ketgan imtiyozli davri avtomatik qayta tiklab berilishini ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yil aprel oyida imzolangan qaror bilan, ma’muriy jarimalarning 50 foizini 15 kun ichida, 70 foizini 30 kun ichida to‘laganlar uning qolgan qismini to‘lashdan ozod qilinadi. Biroq shunday huquqbuzarlik 1 yil davomida takror sodir etilganda yoki protest bildirilganda chegirma qo‘llanmaydi.