Qozog‘istonda atom elektr stansiyasi (AES) qurilishi bo‘yicha referendum shu yilning kuzida bo‘lib o‘tadi. Bu haqda 27-iyun kuni OAV xodimlarini taqdirlash marosimida mamlakat prezidenti Qosim-Jomart Toqayev aytib o‘tdi.

“Mamlakatda atom energetikasini rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar mavjud. Ulardan to‘g‘ri va samarali foydalanish muhimdir. Bu masala bo‘yicha yakuniy qarorni xalq qabul qiladi. Referendum shu yilning kuzida bo‘lib o‘tadi”, — dedi Toqayev.

Qozog‘iston rahbarining aniqlik kiritishicha, referendumning aniq sanasi keyinroq hukumat tomonidan aniqlanadi.

Qozog‘iston energetika vaziri o‘rinbosari Sungat Yesimxanov jurnalistlarga bergan izohida referendum qanday o‘tkazilishini aytdi. “Referendum aholining atom elektr stansiyasini yoqlashi yoki qarshiligini bildirishi haqida bo‘ladi. Qaror qabul qilingandan so‘ng, allaqachon mexanizm, qisqa ro‘yxat, kimni (AES quruvchi davlat) tanlash kerakligi va hokazo. Tanlov ikkita — „yoqlayman“ yoki „qarshiman“ bo‘ladi. Men shunday deb o‘ylayman, lekin buni hukumat belgilaydi”, — dedi u.

Qozog‘istonda atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha munozaralar bir necha yildan beri davom etib kelmoqda. 2023-yil cyentyabrida Toqayev bu masalani referendumga qo‘yishni taklif qilgan edi. AES uchun joy sifatida Olmaota viloyatining Balxash ko‘li qirg‘og‘idagi Ulken qishlog‘i tanlandi va shu yerda ilk ommaviy muhokamalar bo‘lib o‘tdi.

  • Yanvar oyida Toqayev Qozog‘iston uchun toza atom energiyasi juda muhim ekanini aytgan. “Bu iqtisodiyotimiz kelajagi uchun asosiy masala. Biz qazib olinadigan tabiiy uran hajmi bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinni egallab turibmiz, yadro yoqilg‘isi komponentlarini o‘zimizda ishlab chiqaramiz. Shu bois mamlakatimiz hududida atom elektr stansiyalarini qurish masalasiga alohida e’tibor qarataman. Oxir oqibat, energiya xavfsizligi masalasini real ehtiyoj va imkoniyatlardan kelib chiqib, va albatta, geosiyosiy mulohazalar asosida emas, balki ilmiy tadqiqotlar asosida hal qilish kerak”, — dedi Qozog‘iston rahbari Egemen Qazaqstan nashriga bergan intervyusida.
  • May oyida Qozog‘iston energetika vaziri Almasadam Satkaliyev bir qancha davlatlar atom elektr stansiyalari qurilishi uchun dastlabki kvalifikatsiyadan o‘tganini va hukumat barcha arizalarni ko‘rib chiqqandan so‘ng yetkazib beruvchini aniqlashini aytdi. “Koreya, Rossiya, Xitoy, Fransiya dastlabki saralashdan o‘tdi. Ushbu ro‘yxat to‘liq emas — biz qo‘shimcha ravishda boshqa imkoniyatlarni, xususan, kichik modulli reaktorlarni qurishni ko‘rib chiqmoqdamiz.Unda bir nechta mamlakatlar, xususan, AQSh ishtirok etishi mumkin. Shuningdek, yapon ishlab chiqaruvchilari bilan qo‘shma loyihalar mavjud”, — dedi vazir.