Rossiya fuqaroligini olgan 10 mingga yaqin muhojir Ukrainaga jang qilish uchun yuborilgan. Bu haqda 27-iyun kuni Sankt-Peterburg xalqaro yuridik forumida so‘zga chiqqan Rossiya Tergov qo‘mitasi raisi Aleksandr Bastrikin ma’lum qildi.

“Biz muhojirlarning asta-sekin Rossiyani tark etishiga olib keladigan “fishka”ni topdik. Bu esa shunday: biz Konstitutsiya va qonunlarimizda fuqarolikni olgan shaxslar harbiy ro‘yxatdan o‘tishi va, kerak bo‘lsa, maxsus harbiy operatsiyada qatnashishi kerakligi haqidagi bandlarini amalga oshirishga kirishdik”, — dedi Bastrikin.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya hukumati allaqachon fuqarolikni olgan va harbiylar ro‘yxatidan o‘tgan 30 mingdan ortiq odamni “ovlagan”.

“Ulardan 10 mingga yaqini maxsus harbiy operatsiya zonasiga jo‘natilgan”, — dedi Rossiya Tergov qo‘mitasi rahbari.

  • 2023-yil oktabr oyida Aleksandr Bastrikin muhojirlar Ukrainadagi urushda qatnashishdan bosh tortsa, ularni Rossiya fuqaroligidan mahrum qilishni taklif etgandi. ““Maxsus harbiy operatsiya davom etayotgan bir paytda (Rossiya hukumati Ukrainaga bostirib kirishni shunday ataydi — tahr.), menimcha, [migrantlarni] maxsus harbiy operatsiyaga jalb qilish kerak. Agar sen Rossiya Federatsiyasi fuqarosi sifatida harbiy burchingni bajarishga tayyor bo‘lmasang, bunday shaxsni fuqarolikdan mahrum qilish to‘g‘risida qaror qabul qilishingiz kerak”, — degandi u.
  • Bloomberg nashrining yozishicha, Rossiya hukumati 2022-yil sentabr oyida 300 ming rossiyalikning chaqiruvi aholi orasida vahima va mamlakatdan qochishga sabab bo‘lganidan keyin nomaqbul safarbarlik choralaridan qochishga harakat qilmoqda. Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi Rossiya Markaziy Osiyo davlatlaridan migrantlarni faol ravishda yollashini, tezkor fuqarolik va yuqori maoshlarni va’da qilayotganini ta’kidladi. “Rossiyada Markaziy Osiyodan borgan kamida 6 million muhojir istiqomat qiladi, Kreml ularni potensial rekrutlar sifatida ko‘radi”, — deb yozgan agentlik o‘tgan yilning kuzida.