NATO 9−11-iyul kunlari bo‘lib o‘tadigan sammitda Ukrainani ittifoqqa qo‘shilishga taklif qilmaydi, balki uzoq muddatli istiqbolda unga barcha turdagi yordamni muvofiqlashtirish uchun Germaniyada blok missiyasi tuzilganini e’lon qiladi, deb yozmoqda The New York Times (NYT) manbalariga tayanib.

Gazeta suhbatdoshlariga ko‘ra, bu qadam ham Ukrainaga, ham “G‘arb urushni qo‘llab-quvvatlashdan charchaydi” degan umidda bo‘lgan Rossiyaga “ittifoqchilik majburiyatlari haqida kuchli signal” berishga qaratilgan.

Missiya NATO shafeligida bo‘lishi sababli avvalroq alyans va Ukrainaga yordam ajratilishini keskin tanqid qilgan Donald Tramp AQShdagi prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozongan taqdirda ham faoliyat ko‘rsatishga mo‘ljallangan, deyiladi materialda.

Missiya “NATOning Ukraina uchun xavfsizlik yordami va treningi” (NATO Security Assistance and Training for Ukraine, NSATU) deb nomlandi va u AQShning Visbadendagi harbiy obyektida joylashgan. Missiyani, ehtimol, NATOning Yevropadagi oliy qo‘mondoni va AQShning Yevropadagi kuchlari qo‘mondoni general Kristofer Kavoliga bo‘ysunuvchi amerikalik general boshqaradi.

Yangi missiya amaldagi “imkoniyatlar koalitsiyasi” — Ukrainaga havo hujumidan mudofaa tizimlari, artilleriya, F-16 qiruvchi samolyotlari va o‘q-dorilar kabi turli harbiy yordam ko‘rsatuvchi davlatlar faoliyatini birlashtiradi.

Missiya, shuningdek, ittifoqchi davlatlarda Ukraina harbiy tayyorgarliklarini va Ukraina bilan qator davlatlar tomonidan imzolangan uzoq muddatli ikki tomonlama xavfsizlik shartnomalarini muvofiqlashtiradi. “Reja bilan tanish bo‘lgan rasmiylarning so‘zlariga ko‘ra, yuqori qo‘llab-quvvatlash va o‘quv liniyalarini bitta qo‘mondonlik ostida birlashtirish bu oqimni tartibga solish va uning uyg‘unligini oshirishdan iborat”, — deb yozdi NYT.

Nashrning qayd etishicha, Ukrainani NATOga qabul qilishdan bosh tortish nafaqat davom etayotgan urush, balki mamlakatda korrupsiyaga qarshi kurash, demokratiya va qonun ustuvorligini mustahkamlash bo‘yicha “muhim islohotlar"ni o‘tkazish zarurati bilan ham bog‘liq.