26-iyun kuni kechqurun ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrining Amir Temur ko‘chasida Spark haydovchisi skuter haydovchisini quvib ketayotib, bir necha yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzgani va uni ataylab urib yuborgani aks etgan video tarqaldi.

Avtobus yo‘lagida turgan mashina (raqami 01 K 316 LC) chap tomonga qarab, barcha yo‘laklar bo‘ylab skuter orqasida quvib borgan, so‘ngra qarama-qarshi yo‘lga o‘tib, uni quvib yetgan. Oqibatda skuter haydovchisi yiqilgan.

Poytaxt Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasining ma’lum qilishicha, 34 yoshli Spark haydovchisi B.I. 24 yoshli B.A boshqaruvidagi skuter bilan “to‘qnashib ketgan”. Skuter haydovchisi jarohat bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Avtomobil haydovchisiga nisbatan qanday chora ko‘rilgani ma’lum qilinmagan. Boshqarma tergovni boshlaganini ta’kidladi va barcha haydovchilardan “belgilangan qoidalarga amal qilishlarini hamda oraliq masofani saqlab harakatlanishlarini” so‘radi.